Muhtaram jamoat! Oila har bir jamiyatning boshlang‘ich bo‘g‘ini hisoblanadi. Oila mustahkam, tinch, halol va pok bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta, mustahkam, farovon bo‘ladi. Aksincha, oilalarda parokandalik, buzg‘unchilik bo‘lsa, o‘sha jamiyat buziladi, tinchi yo‘qoladi, u oqibatda chuqur tanazzulga yuz tutadi. Baxtli oilalar tufayli baxtli jamiyat vujudga keladi. Chunki, o‘zaro mehrli bo‘lgan ota-onalarning farzandlari ham bir-birlariga mehribon bo‘ladilar. Bu xususda Payg‘ambarimiz s.a.v.dan quyidagi hadis vorid bo‘lgan:
عَنِ الْمُغِيْرَةِ بْنِ شُعْبَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: خَطَبَتُ اِمْرَأَةً فَقَالَ لِي رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: هَلْ نَظَرْتَ إِلَيْهَا؟
قُلْتُ: لَا قَالَ: فَانْظُرْ إِلَيْهَا فَإِنَّهُ أَحْرَى أَنْ يُؤْدَمَ بَيْنَكُمَا
(رواه الإمام الترمذي)
ya’ni: Al-Mug‘ira bin Shu’ba r.a. aytadilar: Men bir ayolga sovchi qo‘ydim. Rasululloh s.a.v. menga: “Uni ko‘rdingmi?” – dedilar. Men: Yo‘q, dedim. Shunda Rasululloh s.a.v.: “Uni ko‘rgin, ko‘rib (bilib) turmush qurishlik o‘rtangizda ulfat va muhabbat paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Oilada yuksak ma’naviy muhitni tashkil etish juda muhim. Bunda oila a’zolarining, ayniqsa, er va xotinning o‘zaro murosa-madoraga borishi, g‘azabi kelganda uni yengishi va shirin so‘zli bo‘lishi, shu bilan birga, oilaviy sirlarni ko‘chaga olib chiqmasligi singari bir qator omillar juda katta ahamiyat kasb etadi.
قَالَ أَبُو الدَّرْدَاءِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ لِزَوْجَتِهِ: إِذَا غَضِبْتُ فَرَضِّنِي وَإِذَا غَضِبْتِ رَضَّيْتُكِ وَإِلَّا لَمْ نَصْطَحِبْ
ya’ni: Abu Dardo r.a. ayoliga shunday degan: “G‘azabim kelganda meni rozi qilishga urun, sening g‘azabing kelganda men seni rozi qilishga urunay. Aks holda birga yashay olmaymiz”.
Muhtaram birodarlar! Keyingi paytlarda oila mustahkamligi, kelin-kuyovning baxtli, tug‘ilajak zurriyotlarning sog‘lom bo‘lishini o‘ylab nikoh oldidan kelin-kuyovni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ham joriy etildi. Avaylab-ardoqlab voyaga yetkazgan qizini ne-ne umidlar va katta xarajatlar bilan turmushga uzatgan, qizlari tufayli kuyovli bo‘lgan, nabiralarni orzu qilgan ota-ona to‘ydan ko‘p o‘tmay kuyovining bedavo dardga yo‘liqqanini bilsa, qay ahvolga tushishini bir o‘ylab ko‘ring. Yoki olgan keliningiz bedavo xastalikka chalingan bo‘lsayu, ota-onasi buni yashirib, uzatib yuborishgan bo‘lsa-chi? Ana shunday ko‘ngilsiz voqealarning oldini olish, oila va farzandlar iqbolini o‘ylab, sog‘lom oila va turmushni barpo etish maqsadida joriy etilgan bu tadbirning kelin-kuyovga ham, ularning yaqinlariga ham faqat foydasi bor. Payg‘ambarimiz s.a.v. mo‘min-mo‘minga firib berishligi, uni aldashi mumkin emasligini ta’kidlab shunday deganlar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ:
مَنْ غَشَّ فَلَيْسَ مِنِّي
(رواه الإمام مسلم)
ya’ni: Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v.: “Kim firib bersa, u mendan emas”, dedilar (Imom Muslim rivoyati). Boshqa bir hadisda,
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَاِلكٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ خَادِمِ رَسُولِ اللهِ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتَّى يُحِبَّ لِأَخِيْهِ مَا يُحِبُّ لِنَفْسِهِ
(رواه الإمام البخاري والإمام مسلم)
ya’ni: Rasululloh s.a.v.ning xodimlari Anas bin Molik r.a.dan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar s.a.v. dedilar: “Hech biringiz o‘ziga yaxshi ko‘rgan narsasini birodariga ham yaxshi ko‘rmagunicha mo‘mini komil bo‘la olmaydi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Oilaning tinch, farzandlarning baxtli bo‘lishligida er-xotinning har ikkisi ham oiladagi o‘z burchlarini astoydil ado etishga intilishlari muhimdir. Er o‘z o‘rnini yo‘qotgan, xotin esa, erning mavqesiga da’vogarlik qilgan oilalarda nafaqat notinchlik bo‘ladi balki, el-yurt, mahalla ko‘y orasida ham bunday oilaning hurmati bo‘lmaydi. Oilani boshqarish mas’uliyatini Alloh taolo Qur’oni karimda erkaklarning zimmasiga yuklagan.
Yana bir muhim masala, bu – qurilgan oilani bus-butun saqlab qolish. Dinimizda oila qurishga targ‘ib etish bilan birga, uni yaxshilik bilan tutishga buyurilgan. Agar er-xotin o‘zaro kelisha olmagan taqdirlarida isloh qilish uchun har ikki tomondan hakamlar jalb etish lozim bo‘ladi. Qur’oni karimda shunday deyilgan:
وَإِنْ خِفْتُمْ شِقَاقَ بَيْنِهِمَا فَابْعَثُوا حَكَمًا مِنْ أَهْلِهِ وَحَكَمًا مِنْ أَهْلِهَا إِنْ يُرِيدَا إِصْلَاحًا يُوَفِّقِ اللَّهُ بَيْنَهُمَا
إِنَّ اللَّهَ كَانَ عَلِيمًا خَبِيرًا
(سورة النساء /35)
ya’ni: “Agar ular (er-xotin)ning oralari buzilib ketishidan qo‘rqsangiz, er oilasidan bir hakam, xotin oilasidan bir hakam yuboringiz. Agar (er-xotin) islohni xohlasalar, Alloh o‘rtalarini muvofiqlashtirgay. Albatta, Alloh bilimdon va xabardor zotdir” (Niso surasi, 35-oyat). Zero, er-xotinning orasini isloh qilish eng savobli amal sanaladi.
Alloh taolo yurtimizni tinch, oilalarimizni farovon, farzandlarimizni barkamol bo‘lmoqlarini nasibu ro‘zi aylasin. Omin!
Muhtaram jamoat! Mav’izaning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida namozni buzuvchi amallar haqida suhbatlashamiz.
Namozda ozmi, ko‘pmi dunyoviy so‘zni so‘zlash, xoh ixtiyoriy, xoh beixtiyor bo‘lsin, namozni buzadi.
Biror kishiga yanglishib salom bersa ham namozi buziladi. Salomga alik qaytarish ham xoh qasddan, xoh yanglishib bo‘lsin, namozni buzadi.
Biror narsa yeyish yoki ichish namozni buzadi.
Qibladan boshqa tomonga burilish namozni buzadi.
Namozdagi bir ruknni bajarish asnosida uch marta ortiqcha harakat qilish (masalan: kiyimni to‘g‘rilash, qashinish va hokazo) namozni buzadi.
O‘zi eshitadigan darajada kulish namozni buzadi, ammo yonidagi eshitadigan darajada kulsa, tahorati ham, namozi ham buziladi.
Dunyoviy tashvish tufayli “uf” tortish, “oh-voh” deyish va yig‘lash namozni buzadi, ammo oxiratni o‘ylab, jannatdan umidvor bo‘lib, do‘zaxdan qo‘rqib yig‘lasa namozi buzilmaydi.
Uzrsiz tomog‘ni qirish yoki yo‘talish ham namozni buzadi (masalan: ataylab yo‘talish).
Aksa urib “Alhamdulilloh” degan kishiga “Yarhamukalloh” deyish namozni buzadi.
Biror xabarga javob berish garchi Qur’on o‘qib bo‘lsa ham namozni buzadi (masalan: ”Falonchi vafot etdi”, deyilsa, namoz o‘qiyotgan kishi: “Inna lillahi va inna ilayhi roji’un”, deb javob bersa namozi buzaladi).
Tayammum bilan namoz o‘qiyotgan kishi suvning borligini sezishi namozni buzadi.
Bomdod namozini o‘qiyotganida quyoshning chiqishi namozni buzadi.
“Allohu akbar” lafzidagi “a” tovushini cho‘zish namozni buzadi.
Qur’onga qarab qiroat qilish namozni buzadi.
Odamlardan so‘rasa bo‘ladigan narsani namozni ichida Allohdan so‘rab duo qilish namozni buzadi (masalan: “ey Alloh, menga ko‘p mol ber”).
(“Muxtasarul viqoya” va “Nurul iyzoh” kitoblaridan)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Bismillahir Rohmanir Rohim
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!
Alloh taologa behisob shukrki, Sizning bevosita tashabbuslaringiz va sa’y-harakatlaringiz bilan haj amallarini yuqori saviyada tashkil etishga muvaffaq bo‘lmoqdamiz.
Bunday e’tibor va ehtiromni biz hojilar chin yurakdan his etib, yaratilgan barcha qulayliklar uchun Sizga chuqur minnatdorlik izhor etamiz.
Hurmatli Prezident Sizni va Siz orqali yurtdoshlarimizni haj ibodatini ado etayotgan hamyurtlarimiz nomidan musulmon ummati uchun eng ulug‘ bayram – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz.
Zero, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) “Duolarning eng yaxshisi arafa kuni qilingan duodir”, deb xushxabar berganlar.
Alloh taoloning bayti joylashgan muqaddas zaminda – Mino, Arafot kabi muborak manzillarda ulug‘ amallarni ixlos ila bajarmoqdamiz.
Sizni vaqt ajratib, muborak haj ziyorati uchun yaratilgan sharoitlar va salomatligimiz haqida so‘raganingiz hamda har kuni holimizdan xabardor bo‘lib turganingiz ibodat bilan yurgan biz hojilarni cheksiz darajada mamnun etdi.
Bunday e’tibor va ehtiromni Saudiya Arabistonining mutasaddilari ham yuqori baholab, Siz Janobi Oliylariga hurmat va duolarini izhor etmoqdalar.
Muborak maskanlarda har bir ziyoratchi Sizning g‘amxo‘rligingizni yurakdan his qilib, ko‘zlarida yosh bilan duolar qilayotganini alohida aytib o‘tmoqchiman.
Sizga aytadigan yana bir xabarimiz, Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan yurtimizning diniy soha vakillari hamda ziyoratchilari tomonidan mavsum davomida Qur’oni karim 10 ming marotaba xatm qilinib, yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qilindi.
Hurmatli Prezident, Siz yaratib bergan imkoniyatlardan ruhlanib, o‘zbekistonlik hojilar yurtga qaytganimizdan keyin “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” degan ezgu tashabbusni bir ovozdan ilgari surib, Uchinchi renessans yaratuvchilarini tarbiyalashda Sizga ko‘makchi bo‘lmoqchimiz.
Siz boshchiligingizda yurtimizda tinchlikni mustahkamlash, xalqimizning ma’naviyatni yuksaltirish, ayniqsa yoshlarning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, kerak bo‘lsa dunyoni egallashi kabi masalalar eng ustuvor vazifaga aylandi.
Shunday ekan, biz hojilar yurtimizga qaytgach, quyidagi ishlarni amalga oshirmoqchimiz:
– ona-Vatanimiz taraqqiyotiga xolis xizmat qilish, mahallalarda tinchlik va birdamlikni mustahkamlash, aholi orasida tinchlik-osoyishtalikni qadriga yetish, xalqimizni ma’nan yuksaltirish, jamiyatdagi islohotlarga daxldorlik hissini oshirish kabilarga targ‘ib etish;
– kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilmni qadrlash va ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish;
– to‘ylar, oilaviy tadbirlar va marosimlarda me’yoriylikka amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish;
– kiyinishda va muomalada oddiylik va kamtarinlikka amal qilish, dabdababozlik, isrofgarchilik, maishatbozlik kabi illatlardan yiroq bo‘lishni targ‘ib qilish;
– yoshlarni muvaffaqiyatlarga faqat o‘qib-o‘rganib, ilm bilan erishish mumkinligini o‘rgatish;
– ustozlar, o‘qituvchi va murabbiylarga doimo ehtirom ko‘rsatish, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash ishlariga ko‘mak berish;
– mahallalardagi notinch oilalar, shu jumladan tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish;
– hududlardagi maktablarning ta’mirga muhtoj qismini joriy ta’mirlash ishlariga ko‘maklashish;
– xayriya, mehr-muruvvat va yordam ko‘rsatish ishlarini ko‘paytirish.
Barcha hojilarimiz yurtimizga qaytgandan so‘ng ushbu tashabbuslarni qat’iy amalga oshirishga va’da beramiz.
Zero, jonajon Vatanimiz kelajagi, xalqimiz farovonligi va yurtimiz shonu shuhrati Siz aytganingizdek yoshlarimiz qo‘lidadir. Ular ertaga O‘zbekistonni yanada kuchli, yuksak taraqqiy etgan davlatga aylantirish uchun o‘zlarining bor bilimi, iqtidori va kuch-g‘ayratini safarbar qilsa, ko‘zlagan barcha ezgu maqsadlarimizga, albatta erishamiz.
Yusuf Xos Hojib bobomiz aytganlaridek:
“Zakovat bor joyda ulug‘lik bo‘ladi,
Bilim bor joyda buyuklik bo‘ladi”.
Hurmatli Prezident Janobi Oliylari!
Biz, 15 ming hoji duolar ijobat bo‘ladigan Arafotda turib, Alloh taolodan Sizga mustahkam sog‘lik, uzoq umr va ulkan muvaffaqiyatlar tilab, olib borayotgan barcha ishlaringizda madadkor bo‘lishini so‘rab iltijolar qilyapmiz.
Alloh taolo butun dunyo mo‘min-musulmonlariga Qurbon hayitini muborak aylasin, tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni O‘z dargohida husni qabul aylasin, ona Vatanimizni obod, xalqimiz hayotini yanada farovon qilsin!
Qurbon hayiti muborak bo‘lsin!
Hurmat va kamoli ehtirom ila,
O‘zbekiston hojilari,
Makka shahri Arafot vodiysi,
2025 yil 5 iyun