Kecha, 4 fevral kuni Saudiya Arabistonida umra ziyoratida bo‘lib turgan ziyoratchilarimizning dastlabki guruhlari Makka shahriga yetib borishdi. Ular mehmonxonaga joylashgandan so‘ng Masjidi Haramdagi Baytullohni tavof qilib, Safo va Marva orasida sa’y hamda soch qisqartirish amallarini ham bajarib olishdi.
Eslatib o‘tamiz, bu mavsum davomida ziyoratchilarimizga Saudiya Arabistonida 12 nafar ishchi guruhi, 12 nafar oshpaz va 21 nafar shifokorlar guruhi xizmat ko‘rsatadi.
O‘n kunlik umra safari davomida ziyoratchilarimiz Madina shahrida 3 kun bo‘lib, “Masatul Bustan” mehmonxonasida istiqomat qilishadi. Makka shahrida esa “Abrojul Kisva” mehmonxonasida ziyoratchilarimiz 7 kun davomida bo‘ladilar.
Umra ziyoratiga tayyorgarlik doirasida barcha ziyoratchilar mavsumiy kasalliklarga qarshi emlanib, davlatimiz ramzi tushirilgan kamzul va sumkalar bilan ta’minlandi. Safar oldidan ularga umra safarining mohiyati, uni ado etishga doir masalalar guruh rahbarlari tomonidan tushuntirildi va ziyorat haqida to‘liq ma’lumot beruvchi qo‘llanma va disk berildi.
Ziyoratchilarimizga barcha amallarini mukammal ado etib, Yaratganning dargohida qabul qilinishini so‘rab qolamiz.
Muhammad-Akmalxon Shakirov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri
O‘MI matbuot xizmati
Bugun, 13 may kuni muborak haj safarini niyat qilgan hojilarimizning dastlabki guruhi muqaddas zamin tomon yo‘lga chiqishdi.
Bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, shuningdek, taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘lishdi.
Muborak safar oldi Muftiy hazratlari Alloh taoloning bayti sari yo‘l olayotgan ziyoratchilar eson-omon Haj amallarini bajarib, yurtimizga sog‘-salomat qaytib kelishlarini so‘rab xayrli duolar qildilar.
Shunday qilib, orzulari ro‘yobidan his-hayajonga to‘lgan “Haj – 2025” mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdilar.
Alloh taolo Haj amalini ado etishga otlangan yurtdoshlarimizning safarlarini xayrli va barakali qilsin!