Kecha Namanganda boshlangan qorilar musobaqasi sabab butun viloyatni, qolaversa, diyorimizning barcha hududini ilohiy fayz‑futuh chulg‘ab oldi, bayramlar va xursandchiliklar aslo to‘xtamayapti, zinhor to‘xtamasin ham. Hatto dam olish kunlari ham odamlarimiz Qur’onga oshno bo‘lishdi, uning fayzidan orom olishdi.
Mana shunday shodiyona kunlar bugun ham Namangandan o‘z ziyosini taratishda davom etadi. Barcha-barchani Qur’onga bo‘lgan muhabbatini yanada sayqallashga da’vat etamiz.
Ma’lumki, qalb bir narsaga muhabbat qilsa, unga bog‘lanib qoladi, unga mushtoq bo‘ladi, unga qattiq qiziqadi. Agar qalb Qur’onga muhabbat qilsa, uning qiroatidan lazzatlanadi, unga bor e’tiborini qaratadi va buning natijasida chuqur tushunishu tadabbur hosil bo‘ladi. Aksincha, agar muhabbat bo‘lmasa, qalbning Qur’onga yuzlanishi qiyin bo‘ladi. Qur’onga tomon burilish faqatgina nafsini qattiq tergash, o‘zini majburlash orqali juda ham og‘ir kechadi. Qur’on muhabbatining hosil bo‘lishi tadabburning eng kuchli va oliy darajada kechishiga sabab bo‘ladi.
Do‘stu birodarlarimiz, hammamizni ikki dunyo saodatiga yetaklovchi, hidoyat manbai Qur’onga bo‘lgan muhabbatimizni ziyodalashtiraylik, saralash bosqichiga sanoqli kunlar qolgan qorilar musobaqasini diqqat bilan kuzataylik, bir necha kundan keyin bunday shukuhni izlab ham topib bo‘lmaydi.
Shunday ekan azizlar, bizning muslim.uz portali va ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib boring. Barchamizga Yaratganning rahmati bo‘lsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu yil 8 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida vakillik tasarrufidagi masjid imom-xatiblari o‘rtasida “Moturidiy ta’limoti bilimdoni” nomli intellektual bellashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyatidagi vakili, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov kirish so‘zi bilan ochib, bellashuvning ma’naviy, ilmiy va tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Viloyat bosh imom-xatibining o‘rinbosari Otabek domla Avezovga esa tanlov tartib-qoidalarini tushuntirdi.
Bellashuv quyidagi to‘rt shart asosida o‘tkazildi:
1. Taqdimot sharti
2. Moturidiy ta’limoti bo‘yicha savol-javob;
3. Diniy-ma’rifiy sohadagi davlat siyosatiga oid savol-javob;
Tanlov ishtirokchilari moturidiylik ta’limotining asosiy qoidalari, aqidaviy yechimlari va mantiqiy-ilmiy asoslari yuzasidan o‘z bilimlarini namoyon etdi.
Bellashuv yakunlariga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘olib deb topildi:
• 1-o‘rin: Moturidiy me’rosxo‘rlari;
• 2-o‘rin: E’tiqod durdonalari;
• 3-o‘rin: Aqida imomlari.
Mazkur tanlov Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uni keng targ‘ib qilish va bu orqali sof e’tiqod, ilm va ma’rifat asoslarini jamiyatda mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati