Shu yil 29–30 yanvar kunlari Turkiya Diyonat boshqarmasining tashabbusi bilan Istanbul shahrida tashkil etilgan “Vahiy muqaddaslashtirgan shahar – Quddus” mavzusida xalqaro konferensiyada O‘zbekiston Islom akademiyasi rektori, akademik Ne’matullo Ibrohimov ishtirok etdi.
Konferensiyaga 25 ta davlatdan 100 dan ziyod din va davlat arboblari, islom ulamolari, muftiylar hamda nufuzli tashkilotlar rahbarlari qatnashdi.
Turkiya Diyonat boshqarmasi raisi doktor Ali Erboshning taklifiga binoan O‘zbekiston Islom akademiyasi rektori, akademik Ne’matulloh Ibrohimov ham mazkur konferensiyada ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Konferensiya yakunida islom ummatining Islom dini e’tiqodi, ilm va ma’rifati asosida mustahkam aloqalarni o‘rnatish, jipslashish hamda hamkorlik qilish zarurligi to‘g‘risida 22 ta banddan iborat Islom ulamolari bayonoti qabul qilindi.
Ushbu konferensiya va unda muhokama etilgan masalalar haqida keyin batafsil ma’lumot taqdim etamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘tgan 2024 yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbariyatining Qatar davlatining O‘zbekistondagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida xayriya yo‘nalishidagi bir qancha masalalar yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Xususan, Qatar davlatining favqulodda va muxtor elchisi kam ta’minlangan oilalarga yordam ajratish, imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun kasb va bilimga o‘rgatish kurslarini tashkil etish, zaruriy jihoz-uskunalar (eshitish moslamalari, nogironlik aravachalari, qo‘ltiqtayoq va protez ortopediya-mahsulotlari) bilan ta’minlash kabi bir qancha yo‘nalishlar doirasida fond bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan edi.
Kecha ana shu muzokaralar natijasi o‘laroq, Qatar davlati mablag‘lari hisobiga xarid qilingan yuzdan oshiq nogironlik aravachalari va 80 ga yaqin qo‘ltiqtayoqlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga olib kelindi. Nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash aksiyasi doirasida keltirilgan mazkur jihozlarni topshirish jarayonida Qatar davlatining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Fahad Ali al-Hammadiy ishtirok etib, fond bilan hamkorlikdan minnatdor ekanligini, o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarga oz bo‘lsada yordam berayotganidan xursandligini bildirdi.
O‘z navbatida “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari Isoxon Abdullayev Qatar elchixonasi vakiliga minnatdorlik bildirib, bu hamkorlik har ikki tomon uchun ham xayrli bo‘layotganini, bu jihozlardan ko‘plab insonlarning mushkuli oson bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zaro muloqot davomida ikki tomon ham bu kabi xayrli tashabbuslarni yanada ko‘paytirishni maqsad qilishdi.