Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Yanvar, 2025   |   19 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:39
Asr
15:42
Shom
17:26
Xufton
18:44
Bismillah
19 Yanvar, 2025, 19 Rajab, 1446

Musulmonlarni kufrda ayblash joiz emas

9.05.2023   688   2 min.
Musulmonlarni kufrda ayblash joiz emas

Kishi imon kalimasini aytib musulmon bo'l­ganidan so'ng shirk, kufr amalini qilmasa, halol­ni harom yoki haromni halol demasa, shu bilan birga, Alloh taolo buyur­gan ishlarni bajarib, qay­ta­riqlaridan qayt­sa, najot topadi. Imomi A'zam rahmatullohi alayh: «Ban­da, shubhasiz, ishongach, unga: “Alloh taologa, Uning farishta­lariga, kitoblariga, pay­g'ambarlariga, va­fot etgandan so'ng qayta tirilishga, yaxshilik ham, yomonlik ham Allohning taqdiri bilan bo'lishiga imon keltirdim, hisob, mezon, jannat va do'zax – hammasi haqdir”, deyishi vojib bo'ladi», deganlar (“Al-fiqhul akbar”).

Imonimiz taqozosi­ga ko'ra, insonni zohi­ri­ga e'tibor qaratamiz. Uning qalbini tekshirib ko'rishga imkonimiz yo'q va bunga mas'ul ham emasmiz. Demak, bir kishi imon kalimasini aytsa, biz, albatta, uning jonini, obro'sini, molini, dinini, naslini daxlsiz, deb bilamiz. Ya'ni, uning obro'sini to'kishga, moliga tajovuz qilishga haqimiz yo'q. U tilida imon kalimasini aytdimi, demak, u musulmondir.

Usoma ibn Zayd roziyal­lohu anhu aytadi: «Bizni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Huroqa qabilasiga jo'natdilar. Biz ularni yanchib tashladik. Men va ansorlardan bir kishi dushmanlardan biriga ro'baro' kelib, uni qurshab oldik. U: “Laa ilaha illalloh”, dedi. Ansoriy uni tutib oldi. Men uni nayzam bilan o'l­dirdim. Ortga qaytib kel­ganimizda, bo'lib o't­­gan voqea Rasululloh sol­lallohu alayhi va sallam­ning qu­loqlariga etib bordi. U zot yana: «Ey Usoma, “Laa ila­ha illalloh”, degandan ke­yin ham uni o'ldirdingmi?» dedi­lar. Usoma: “U o'zini himoya qi­lish uchun shunday dedi”, dedi. U zot: “Laa ilaha il­lalloh”, degandan ke­­yin ham uni o'ldirdingmi?” dedilar. Men Rasululloh bu gapni takrorlayverganidan, koshki shu kungacha musulmon bo'lmasam edi, deb orzu qildim».

Nurulloh Imamov,
To'raqo'rg'on tumani Honaqoh jome masjidi imom xatibi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Qur’onni yodlay olmayapman

17.01.2025   5148   2 min.
Qur’onni yodlay olmayapman

Al-Kisoiy al-Kufiy 119/737 yil Kufada dunyoga kelgan.

To‘liq ismi: Ali ibn Hamza ibn Abdulloh ibn Bahman ibn Fayruzm al-Kisoiy al-Kufiy. Imom al-Kisoiy yoshligida ilm o‘rganishga juda intilardi, lekin boshlang‘ich davrda muvaffaqiyat qozona olmasdi. Bir safar Qur’onni yod olishda qiynalgach, ustoziga: “Men hech narsani yodlay olmayapman, charchadim”, dedi.
Ustoz unga sabr qilishni va Qur’onning barakasiga ishonishni tavsiya qildi. Shundan so‘ng, Imom al-Kisoiy sabr bilan harakat qilib, Qur’onni mukammal yod oldi va keyinchalik mashhur qiroat imomlaridan biri bo‘ldi. Bu voqea sabr va mehnatning samarasini eslatadi.

Hayoti: Al-Kisoiy Kufada tug‘ilgan va tilshunoslikda ham, qiroatda ham yuqori maqomga ega bo‘lgan. Undan nega «Kisoiy» deb nom olganligi haqida so‘rashganida u, – "chunki men hajda kisoda (kiyimda) ehrom bog‘laganman", deb javob bergan ekan. U asli fors bo‘lib, Bani Asad qabilasining qullaridan edi.  

Ilmiy faoliyati: Uning asosiy ustozlari Hamza al-Kufiy va boshqa yirik qiroatchilar bo‘lgan. Bundan tashqari Kufa maktabini asoschisi hisoblanadi.
Muoz al-Harro va Abu Ja’far Ruasiylarda nahvdan tahsil oldi. Ular-dagi ilmlarni olib bo‘lib, ulardan qoniqmay qolgach, Basraga kelib Iso ibn Umar, Abu Amr ibn al-Alo va Al-Xalil ibn Ahmaddan ilm o‘rgangan. Qiroatni esa Sho‘ba ibn Hajjojdan ta’lim olgan. 

U zot juda ko‘p asarlar ham yozgan: "Kitab muxtasar fi an-nahv" (Nahvga oid qisqa bo‘lgan kitob), "Kitab al-hudud fi an-nahv"  (Nahvdagi hadlar oid kitob), "Kitob al-qiroat (Qiroatga doir kitob)", "Kitab al-adad (Sonlarga doir kitob)", "Kitab ixtilaf al-adad (Sonlarning ixtilofiga oid kitob)", "Kitab al-huruf (Harflarga oid kitob)", "Kitab maoniy al-Qur’an (Qur’on ma’nolari haqidagi kitob)" kabi ko‘plab kitoblar yozgan. 
Nahvdan Farro uning xos shogirdlaridan hisoblanadi. 

Kisoiy 189/805 yil Roy shahrida vafot etgan.

Matkarimov Nurmuhammad,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.