Abdulloh bin Masu’d roziyallohu anhu Rasululloh salallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “ Kim tejamkor bo‘lsa, muhtoj bo‘lmas”.( Imom Axmad rivoyati)
Kim mol dunyosini sarflashda isrof va ziqnalikka berilmasa u kishi hech qachon birovga muhtoj bo‘lmas. Agar isrofgar bo‘lsa tez orada qo‘lidagi boyligidan ayriladi. Iqtisodni bilmaganligi tufayli kechagina boy badavlat bo‘lgan inson bugun birovlarning qo‘liga qarab qolishi ham mumkin. Aksincha ziqnaligi tufayli bor budidan ayrilib, o‘ziga o‘xshash ziqnalarning qaramiga aylanib qolishi ham mumkin. Shuning uchun ham Mo‘min kishi tejamkorlikni bilishi va har doim mo‘tadillikni lozim tutishi kerak. Bu esa o‘z o‘rnida tadbirkorlik deb ataladi. Haqiqiy tadbirkor kim? Dunyodagi eng boy kishilarmi? Yoki ko‘pchilikni ish bilan ta’minlagan kishimi? Balki yuqori mansablarda ishlayotganlardir?
Haqiqiy asl tadbirkor kim ekanligini kuyidagi oyati karimadan bilib olamiz.
وَابْتَغِ فِيمَا آَتَاكَ اللَّهُ الدَّارَ الْآَخِرَةَ وَلَا تَنْسَ نَصِيبَكَ مِنَ الدُّنْيَا وَأَحْسِنْ كَمَا أَحْسَنَ اللَّهُ إِلَيْكَ وَلَا تَبْغِ الْفَسَادَ فِي الْأَرْضِ إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ الْمُفْسِدِينَ
Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas», – dedilar.
Ha azizlar haqiqiy Mo‘min haqiqiy tadbirkordir. Chunki u nafaqat o‘zining oxirati balki, dunyosini ham unutmaydi. Mazkur amallarni bajarish asnosida esa hammaga birdek manfaat keltiradi. Alloh bergan mol-dunyodan infoq ehson qiladi. Nafaqat o‘z yurtida balki, butun dunyoda buzg‘unchilik qilmaydi va albatta buzg‘unchilik qiladiganlarga xayrixoxlik ham qilmaydi. Chunki u Mo‘min Allohning suyukli bandalaridan bo‘lishni xoxlaydi. Boshqalarga har taraflama yordam berishni , ularni qo‘llab quvvatlashni o‘zining mo‘minlik burchi deb biladi.
قُلْ إِنَّ رَبِّي يَبْسُطُ الرِّزْقَ لِمَنْ يَشَاءُ مِنْ عِبَادِهِ وَيَقْدِرُ لَهُ وَمَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ شَيْءٍ
فَهُوَ يُخْلِفُهُ وَهُوَ خَيْرُ الرَّازِقِينَ
Ayting: «Albatta, Rabbim bandalaridan O‘zi xohlaganiga rizqni keng qilur va (O‘zi xohlaganiga rizqni) tang qilur. Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir».
Alloh taolo ushbu oyati karimada barcha maxluqot mavjudot va bandalarning Yaratuvchisi ekanligiga e’tiborimizni qaratmoqchi. Albatta Alloh taolo xoxlasa barcha bandalarini boy badavlat qilib qo‘yishi ham mumkin, lekin bandalarini o‘zaro mehr muhabbat, go‘zal munosabat bilan yashamoqliklarini iroda qilgan. Shuning uchun ham ularning ba’zisini rizqini keng qilib, ba’zisini rizqini esa tor qilib qo‘ygan. So‘ngra boy bo‘lganlarga muhtojlar uchun doimo yordam qo‘lini cho‘zib, ularni moddiy tarafdan qo‘llab – quvvatlab turmoqlikka buyurgan. Toki boylar bilan muhtoj bo‘lganlar o‘rtasida o‘zaro samimiy aloqalar bog‘lansin. Boylar Allohning yo‘lida ehson qilishni o‘rganib, sahovat ko‘rsatishni hayot tarziga aylantirsinlar. Qolaversa mazkur qilayotgan ehsonlarini zinhor minnat yoki tana qilmasinlarki, uning manashunday boy badavlat bo‘lishi Allohning xoxishidir. Mazkur holat bilan faxrlanib kibr havo qilmasinki, Alloh xoxlasa hozirgi holatni mutlaqo aksini ham qilib qo‘yishi mumkin. «Albatta, Rabbim bandalaridan O‘zi xohlaganiga rizqni keng qilur va (O‘zi xohlaganiga rizqni) tang qilur”. Demak bir kishining boy yoki kambag‘al bo‘lishi Allohning irodasiga bog‘liq ekan, hech kimni o‘z holatidan mag‘rurlanib kibrga ketishi, yoki aksincha kambag‘alligidan norozi bo‘lib shikoyat qilishiga haqqi yo‘q.
“Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur.”
Odatda boylar molu dunyoga hirs qo‘yib faqatgina o‘zim bo‘lsam deydilar. Alloh taolo esa ulardagi mazkur illatlarni muolajasi o‘laroq moliyaviy ibodatlarni joriy qilgan. Faqirlarda esa boylarni ko‘raolmaslik illati mavjud bo‘ladi. Alloh taolo ulardagi mazkur illatni ham boylarning sahovati tufayli muolaja qiladi. Odatda har qanday jamiyat aholisi ham moliyaviy taraflama tabaqalanadi, bunday holatdan mutlaq qutilishni hech ham imkoniyati yo‘q. Shuning uchun ham Alloh taolo insoniyatni bir – biriga nafaqat mehrli oqibatli balki ,moliyaviy taraflama ham o‘zaro yordam bergan holda yashamoqlikka buyuradi. Boylarni asosan sahovat qilishdan qaytarib turadigan tushuncha bu, kambag‘al bo‘lishdan qo‘rquvdir. Bu tushunchani ham Alloh rad etib: “bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir», degan.
Nima uchun (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur, deyildi? Chunki qilingan ehson Alloh uchun qilindi. Suratan bir bandaning qo‘liga berilgan bo‘lsada ma’nan Allohning zimmasiga o‘tdi. Alloh taolo biror narsani O‘z zimmasiga olgandan keyin uni o‘rnini undan ko‘ra yaxshirog‘i bilan qaytarishi to‘g‘risida biror shubha bo‘lishi mumkinmi?
مَنْ ذَا الَّذِي يُقْرِضُ اللَّهَ قَرْضًا حَسَنًا فَيُضَاعِفَهُ لَهُ أَضْعَافًا كَثِيرَةً
Allohga “chiroyli qarz” beradigan (Uning yo‘lida o‘z boyligidan sarflaydigan) kishi bormiki, unga bir necha barobar ko‘p qilib qaytarsa?
Rasululloh salallohu alayhi vasallamga bir qo‘y hadiya qilindi. Oisha onamiz roziyallohu anho uni sadaqa qilib yubordida Rasululloh salallohu alayhi vasallam uchun u qo‘yning bir qo‘lini olib qoldilar. Chunki Oisha onamiz roziyallohu anho Rasululloh salallohu alayhi vasallam aynan qo‘yning qo‘lini yaxshi ko‘rishlarini bilar edi. Rasululloh salallohu alayhi vasallam qaytib keldilarda: “ ey Oisha! Qo‘yni nima qilding? Deb so‘radilar. “ Qo‘lidan boshqa hammasini sadaqa qilib yubordim”, dedi. Rasululloh salallohu alayhi vasallam: “ Balki qo‘lidan boshqa hammasi qolibdi”, dedilar.
O‘MI Matbuot xizmati
Shu yil 9 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi Sirdaryo tumanida o‘tkazildi.
Mazkur tumandagi “Abu Bakr” masjididagi yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Sirdaryo viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari va tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ular hududdagi 7 ta masjid va 21 ta mahallaga biriktirildi. Shuningdek, mahallalardagi “Haj – 2024” ziyoratchilari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi.
Tadbir doirasida imom-xatiblar 105 ta oilaga, 21 ta oilaga, umumiy hisobda 126 ta oilaga kirib, targ‘ibot va amaliy yordam ishlarni olib bordi.
Xususan, 38 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar bilan suhbatlashilib, ularning tushunchalari to‘g‘rilandi. 19 oila buzilishining oldi olindi. Nogironligi bor, ehtiyojmand va tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 5 ta oilaga kirib sovg‘a-salomlar ulashildi.
Shuningdek, ishchi guruh a’zolari imom-xatiblar faoliyatini o‘rgandi. Jumladan, ustav asosida ish yuritish, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar hozirlash kabi jihatlar ko‘rib chiqildi. Natijada imom-xatib boshchiligidagi masjidlar jamoasining faoliyatiga ijobiy baho berildi.
Bundan tashqari, ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, qavmga “Tinchlik ne’mati”, “Shukronalik”, “O‘zaro hamjihatlik”, “Oila muqaddasligi”, “Husni xulq”, “Qo‘shnichilik odoblari”, “Mazhabga ergashish va yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish” kabi dolzarb mavzulardagi ma’ruza qilishdi. Ularda 1 300 nafardan ortiq namozxon qamrab olindi.
Tadbir so‘ngida Sirdaryo tumani imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy va masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Ma’lumot o‘rnida Sirdaryo viloyati imom-xatiblari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati 2025 yilning 28 yanvar kuni Xovos tumanida o‘tkazilishi reja qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati