Sajdai sahvdagi asl qoida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning namozda xatoga yo‘l qo‘yib sajda qilganlariga asoslanadi. Savbon roziyallohu anhuning hadisida aytilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Har bir xato uchun namozdan keyin ikki sajda bor”.
Imom Karxiy imom Muhammadning qavliga tayanib sajdai sahv qilish vojib deydi.
Bu ibodatdagi nuqsonni tuzatish, to‘ldirish deganidir. Chunki, ibodatni kamoli sifat bilan ado etish vojib bo‘ladi. Nuqsonni tuzatilmasa, kamoli sifat bilan ado etilmagan bo‘ladi. Quduriy aytadi: birinchi salom bergandan keyin takbir aytib sajda qiladi, sajdada tasbih aytadi, ikkinchi sajdani ham shunday qilib o‘tiradi va yana tashahhudni o‘qiydi. Bir tarafga salom berishining sababi asliy salom bilan ziyoda qilinayotgan ishning o‘rtasidagi farqni ajratib turish uchun bo‘ladi. Imom Muhammad sajdai sahv qilishi vojib bo‘lgan kishining birinchi salomi uni namozdan chiqarmaydi, shuning uchun salovotni sajdai sahv qa’dasiga kechiktiradi, deydi. Imom Karxiyning “Muxtasar” da aytgan so‘ziga ko‘ra Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga salovotni keyingi o‘tirishda qiladi. Namozdan forig‘ bo‘lish ham shu qa’dadan keyin bo‘ladi. Shamsulaimma Halavoniy: sajdai sahvdan keyingi o‘tirish rukn emas. Sajdadan keyin yana qa’daga o‘tirishga buyruqning vorid bo‘lishi namoz u bilan nihoyasiga yetishi va bu salovot aytishning o‘rni bo‘lganligi uchundir. Mabodo u sajdai sahv qilmasa, namozi buzilmaydi. Agar sajda qilgandan keyin o‘tirmay turib ketsa ham namozi buzilmaydi, deydi.
Sajdai sahvni qachon qiladi? Sajdai sahvni nuqson yoki ziyoda qilishidan qat’iy nazar salomdan keyin qiladi. Imom Shofe’iy esa, salomdan avval qiladi, deydi. Bizning dalilimiz Savbon roziyallohu anhuning hadisi bo‘lib, bu hadis yuqorida keltirildi. Sajdai sahvni eng oxiriga qoldirishning hikmati shulki, takror bo‘lib qolish gumonidan saqlaniladi. Salomdan avval qilinganda yana sahv paydo bo‘lishi va yana sajdai sahv qilinishi e’timoli bo‘lganligi uchun eng oxirgi amal bo‘lsin deb ortga suriladi. Sajdai sahv farz va nafl namozlarida bir xil bo‘ladi. Chunki Savbon roziyallohu anhu keltirgan hadisda farz va nafl namozlari uchun umumiy tarzda bayon etilgan. Ne uchunkim, farz va nafl namozlari farzlik va nafllik sifatlarida bir biridan farq qiladi, arkonlarida va shartlarida emas.
Sajdai sahv qaysi noo‘rin amal uchun vojib bo‘ladi? Barcha mashoixlar oltita sabab bilan sajdai sahv vojib bo‘ladi, deydilar. Bir ruknni o‘z o‘rnidan oldin qilib qo‘yish yoki o‘z o‘rnidan kechiktirib qo‘yish. Bir ruknni takror qilish va bir vojib amalni o‘zgartirib qo‘yish. Vojibni tark qilish va namozning barcha o‘rinlarga tegishli sunnatni tark qilish bilan sajdai sahv vojib bo‘ladi.
Bir ruknni muqaddam qilish: qiroat qilmasdan oldin ruku’ qilib qo‘yish yoki ruku’ qilmasdan oldin sajda qilib qo‘yish.
Bir ruknni kechiktirish: birinchi rakaatda bir marta sajda qilib qo‘yish va ikkinchi rakaatda esiga tushib uch marta sajda qilish. Tashahhudga bir necha kalimani ziyoda etib uchinchi rakaatni kechiktirish.
Bir ruknni takror qilish: ikki marta ruku’ qilish yoki uch marta sajda qilish.
Vojibni o‘zgartirib qo‘yish: maxfiy qiroat qilinadigan o‘rinda jahriy qiroat qilish yoki aksincha jahriy o‘rinda maxfiy qiroat qilish.
Vojibni tark qilish: farz namozlarida birinchi qa’dani tark qilish.
Barcha namozlarga izofa qilinuvchi sunnatni tark qilish: birinchi qa’dada tashahhudni tark qilish. Qozi Sodrulislom rohimahulloh bunday degan: uning vojibligi bitta narsadir. O‘sha vojibni tark qilish bo‘ladi. Mana shu so‘z bu xususda aytilgan so‘zlarning eng jamlovchisidir.
Mana shu olti o‘rin yo muqaddam qilib qo‘yishdan yoki kechiktirib qo‘yishdan kelib chiqadi. Ne uchunkim, tartibga rioya qilish mazhabimiz peshvolarining uchchovlarining nazdida alohida bir vojibdir. Agar tartibni tark qilib qo‘ysa, bir vojibni tark qilgan bo‘ladi. Bir ruknni takrorlasa, undan keyingi ruknni kechiktirgan bo‘ladi. Ruknni kechiktirmay bajarish vojibdir. Jahriy qiroat ham o‘z o‘rnida vojibdir. Maxfiysi ham xuddi shunday. Ammo, birinchi qa’dadagi tashahhud haqida: u aytadi: u vojibdir. As'hoblarimizdan muhaqqiqlari shu fikrda bo‘lganlar. (Almuhiytul burhaniy fiy fiqhin no‘maniy).
“Alhidayati fi sharhi bidayatil mubtadiy” kitobida sajdai sahv haqida quyidagi ma’lumotlar keladi: rivoyat qilinishicha, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam salomdan keyin ikki sahv sajdasini qilganlar. Qilgan ishlari bilan aytgan so‘zlari muoriz bo‘lsa, qilgan ishlari boqiy amalda qoladi. Chunki, sajdai sahv takror bajariladigan amal emas. Shuning uchun salomdan keyin qilinadi. Ikki salomdan keyin sajdai sahv qiladi. Mana shu sahih. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamga salovotlarni va duolarni sajdai sahv qa’dasida o‘qiydi. Chunki, duoning o‘rni namozning oxiridir. Sajdai sahv namozda paydo qilingan nuqsonni to‘ldirish uchun jory bo‘lgan. Xuddi hajda qon vojib bo‘lganidek. Agar vojib bo‘ladigan bo‘lsa, vojibni tark qilish bilan yoki uni kechiktirish bilan bo‘ladi. Biron ruknni kechiktirish bilan ham sajdai sahv vojib bo‘ladi.
Aytdi: “Sunnat qilingan ishni tark qilish bilan ham lozim bo‘ladi”. Bu so‘z bilan go‘yo vojib fe’lni iroda qilgan. Vojib amal sunnat bilan sobit bo‘lgani uchun. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam qunut duosini, tashahhudni, hayit namozining takbirlarini doimiy ravishda qoldirmasdan qilganlar. Bu esa vojibligiga dalildir. Bu amallar barcha namozlarga taalluqli. Ya’ni, barcha namozlarda qilinadigan amallar sarasiga kiradi. Jahriy namozda maxfiy qilib qo‘ysa yoki aksincha qilib qo‘yganda ham sajdai sahv vojib bo‘ladi. Miqdori namoz u bilan joiz bo‘ladigan miqdorda o‘qib qo‘yishdir. Ya’ni, maxfiy namozda Abu Hanifaning so‘ziga binoan bir oyat to‘liq jahriy o‘qib qo‘yilsa, ikki imomning so‘ziga ko‘ra uch oyat to‘liq jahriy o‘qib qo‘yilsa, sajdai sahv vojib bo‘ladi. Bu imomga tegishli masala bo‘lib yolg‘iz o‘qiyotgan kishining hukmi emas. Chunki, jahriy yoki maxfiy qilish jamoatning xos hukmlaridir. Imom xato qiladigan bo‘lsa, iqtido qilgan ham imom bilan sajda qiladi, aksi emas. Imom sajda qilmasa, muqtadiy ham sajda qilmaydi. Muqtadiyning o‘zicha sajda qilishi imomiga xilof qilish bo‘ladi. Iqtido qilgandan keyin imomga ergashib namozni ado etish lozim. Muqtadiy xato qilsa, imom ham muqtadiy ham sajda qilmaydi. Muqtadiy o‘zicha sajda qilsa, imomga muxolif ish qilgan bo‘ladi. Imom unga qo‘shilib sajda qilsa, asl qoida buzilib ergashtiruvchi ergashuvchiga aylanib qoladi. Birinchi qa’daga o‘tirmay turib ketayotgan kishi xatosini anglagan vaqtda hali tik turib ulgurmagan va qa’daga yaqin turgan bo‘lsa, qaytib o‘tiradi va tashahhudni o‘qiydi. Sahih qavlga ko‘ra bunday holatda sajdai sahv qilmaydi.
Agar qiyomga yaqin bo‘lib qolgan bo‘lsa, qaytib o‘tirmaydi. Chunki, u tik turuvchining-qoimning hukmiga o‘tib bo‘ldi. Bitta vojibni tark qilgani uchun sajdai sahv qiladi. Oxirgi qa’daga o‘tirmay beshinchi rakaatga turib ketsa, modomiki hali sajda qilmagan bo‘lsa, qaytib o‘tiradi. Vojibni kechiktirgani uchun sajdai sahv qiladi. Beshinchi rakaatning sajdasini ham qilib qo‘ysa, farzi botil bo‘ladi, namozi Abu Hanifa va Abu Yusufning nazdida naflga aylanib ketadi. Bunday paytda yana bir rakaat qo‘shib olti rakaat qilib tugatadi. Agar to‘rtinchi rakaatga o‘tirgan bo‘lsa va turib ketib beshinchi rakaatni qilib qo‘ysa, yana bir rakaat qo‘shib ikki rakaat qiladi. Farzni sunnat qilingan ko‘rinishda tugatmaganligi va naflni sunnat qilingan ko‘rinishda boshlamaganligi uchun istihsonan sajdai sahv qiladi.
Kim ikki rakaat nafl namozida xato qilib sajdai sahv qilsa, ustiga yana ikki rakaat nafl namoz bino qilmaydi. Chunki, namoz o‘rtasidagi sajdai sahv namozni botil qiladi. Zimmasida sahv sajdasi bor imom salom bergach bir kishi kelib iqtido qilsa va imom sajdai sahv qilsa, o‘sha iqtido qilganning iqtidosi durust bo‘ladi. Agar imom sajda qilmasa, iqtidosi botil bo‘ladi. Bu Abu Hanifa va Abu Yusufning so‘zi.
Kim salom bersa va bu salomi bilan namozini tugatishni iroda qilgan bo‘lsa, vaholanki uning zimmasida sajdai sahv bo‘lsa, sajdai sahvni qilib olaveradi. Uning salomi esa tugatuvchi salom bo‘lmaydi. Uning niyati mashru’ amalni o‘zgartirib yubordi, biroq xato qilgan edi.
Kim namozida shak qilib uch yoki to‘rt rakaat o‘qiganini bilmay qolsa va bunday holatga birinchi tushayotgan bo‘lsa, namozini yangidan boshlaydi. Agarbunday holat tez-tez takrorlanib turadigan bo‘lsa, necha rakaatligi haqidagi taxmini g‘olib tomonni olib davom ettiraveradi. Mutlaq necha rakaat o‘qiganini bilmay shubhalanib qolganida eng ozini oladi va har rakaatda o‘tiradi. Shunday qilsa, qa’dai oxirni topadi. Uchinchi rakaatdan keyin o‘tirgan bo‘lishi va keyingi rakaatning farzini kechiktirgan bo‘lishi mumkin degan gumon bilan sajdai sahv qiladi.
(Alhidoya fi sharhi bidayatil mubtadiy).
Fatovoi hindiyyada sajdai sahv haqida kelgan masalalar.
Sajdai sahv qilish uchun vaqt ham e’tiborlidir. Agar namozda xato qilgan kishi sajda qilmoqchi bo‘lib birinchi tarafga salom berganda quyosh chiqib qolsa, sajda soqit bo‘ladi. Boshqa o‘rinlarda ham shunday. Farz va nafl namozlardagi sahvning hukmi bir xil. Sajdai sahvdan keyingi qa’da rukn emas. Namozni sahv sajdasidan keyin odatiy ko‘rinishda ado etish uchun joriy bo‘lgan. Agar sajdai sahvdan keyin o‘rnidan turib ketsa, namozi buzilmaydi. Valvolijiyda aytilishicha, tark qilingan narsalar uch xil bo‘ladi: farz, sunnat va vojib. Birinchisi: farzni qazo qilib bajarib olsa bo‘ladi. Aks holda namoz fosid bo‘ladi. Masalan, bitta sajdani tark etgan bo‘lsa, keyingi rakaatning sajdasida sajda qilib oladi. Ikkinchisi: sunnatni tark etish namozni buzmaydi. Uchinchisi: vojibni tark etilganda sajdai sahv bilan nuqson to‘ldiriladi. Qasddan tark etilsa, sajdai sahv bilan o‘rniga kelmaydi. Barcha ulamolar so‘zlariga ko‘ra, qasddan vojibni tark etilganda sajdai sahv nuqsonni to‘ldira olmaydi. Namozni yangitdan qoim qilish kerak. Ta’avvuzni, basmalani tark qilish bilan, sanoni, takbiri intiqollarni tark qilish bilan sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Hayit namozidagi ikkinchi rakaatdagi takbirni tark qilsa unday emas. Hayit namozining takbirlarida qo‘lni ko‘tarmaganligi uchun ham sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Adashib birinchi chap tarafga salom berib qo‘ysa, ruku’dan turishni-qavmani adashib tark etib ruku’dan to‘g‘ri sajdaga ketib qolsa, “Fatavoi qozihon”ga ko‘ra sajdai sahv qiladi. Bu Abu Hanifa va imom Muhammadning so‘zi. “Fathul qodirda” ham shunday vorid bo‘lgan.
Fotiha surasini o‘qish vojib. Agar fotihaning ko‘proq qismini o‘qib ozroq qismini unutib qoldirsa, sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Ozrog‘iin o‘qib ko‘proq qismini unutib qoldirsa, imomga ham yolg‘iz o‘qiyotgan kishiga ham sajdai sahv vojib bo‘ladi. Farz namozining uchinchi va to‘rtinchi rakaatlarida fotihani tark qilsa, sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Nafl va vitrning keyingi rakaatlarida (3-4) tark qilsa, vojib bo‘ladi. Birinchi rakaatda fotihani takror o‘qib qo‘ysa, sajdai sahv vojib bo‘ladi. Agar zam suradan keyin yana o‘qisa yoki 3-4 rakaatlarda takror o‘qisa, sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Avval bir sura o‘qib ortidan fotihani o‘qisa sajdai sahv vojib bo‘ladi. Birinchi rakaatda bir surani zam qilgan bo‘lsa, ikkinchi rakaatda suralar tartibi bo‘yicha undan yuqoridagi surani o‘qib qo‘ysa, sajdai sahv qilmaydi.
Namoz o‘qiyotgan kishi sajda oyatini o‘qib sajda qilmagan bo‘lsa, yodiga tushganida sajda qilib olsa, sajdai sahv vojib bo‘ladi. Bir surani zam qilaman deb boshqa surani o‘qib yuborishning zarari yo‘q. Qiroatdan oldin ruku’ qilib qo‘ysa, qaytib qiroat qiladi va yana ruku’ qilish farz bo‘ladi. Birinchi qilgan ruku’ning e’tibori yo‘q. Sajdai sahv vojib bo‘ladi.
Tashahhudni to‘liq o‘qish vojib bo‘ladi. Agar ba’zisini o‘qib qolganini tark etsa, farz yoki nafl bo‘lsin sajdai sahv vojib bo‘ladi. Birinchi rakaatda qiroatdan oldin tashahhudni o‘qib qo‘ysa, sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Agar fotihani o‘qigandan keyin tashahhudni o‘qisa, sajdai sahv vojib bo‘ladi. Vojibni kechiktirgani uchun. Qiroatdan oldingi tashahhud sano o‘rniga o‘tadi. 3-4 rakaatlarda tashahhudni o‘qib qo‘ysa ham sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Qiyomda, ruku’da va sajdada o‘qilgan tashahhudga sajdai sahv qilish vojib bo‘lmaydi. (Muhiyt).
Qa’dai avvalda tashahhudni takror o‘qib qo‘ysa sajdai sahv vojib bo‘ladi. Birinchi qa’dadagi tashahhudga “Allohumma solli ala Muhammad” deb to‘liq bir jumlani qo‘shib o‘qisa, sajdai sahv vojib bo‘ladi.
Namoz o‘qigan kishi qa’daga o‘tirib tashahhudni o‘qisa va shu holida uch rakaat o‘qidimi yoki to‘rt rakaat o‘qidimi bilmay shakka tushib salomni kechiktirib qo‘ysayu keyin darhol o‘zini o‘nglab to‘rt rakaat o‘qiganini bilib qolsa, sajdai sahv vojib bo‘ladi.
Qunut duosini tark qilsa, sajdai sahv vojib bo‘ladi. Qiroatdan keyingi, qunutdan oldingi takbirni tark qilsa ham hayit takbirlari maqomida bo‘lgani uchun sajdai sahv qiladi.
Ikki hayit takbirlarini kam aytib qo‘ysa, ziyoda qilib qo‘ysa yoki o‘z o‘rnidan boshqa joyda aytib qo‘ysa, sajdai sahv vojib bo‘ladi. Ikkinchi rakaatdagi takbiri intiqolni tark qilsa, sajdai sahv qiladi. Chunki, bu takbir hayitning vojib bo‘lgan takbirlari bilan birga bo‘lganligi uchun vojib hukmini olgan. Birinchi rakaatning takbiri unday emas. Jum’a, ikki hayit, farz va nafl namozlarining sahv-xatolari bir xil. Biroq, mashoixlarimiz ikki hayit va jum’a namozida odamlar fitnaga tushmasliklari uchun sajdai sahv qilinmaydi, deganlar.
Yolg‘iz namoz o‘qiyotgan kishi jahriy yoki maxfiy qiroat qilib qo‘ysa, unga sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Chunki, jahriy namozda jahriy qiroat qilish, maxfiy namozda maxfiy qiroat qilish jamoatning xos hukmlaridir.
Ta’avvuzni, basmalani yoki amiynni jahriy aytib qo‘ysa, sajdai sahv vojib bo‘lmaydi.
Bir kishi peshinni besh rakaat o‘qib qo‘ydi. To‘rtinchi rakaatda tashahhud miqdoricha o‘tirgan edi. Agar beshinchi rakaatni sajda bilan aniq qilmagan bo‘lsa, qaytib o‘tiradi va salom berib namozini tugatadi, sajdai sahv qiladi. Agar beshinchi rakaatni sajda bilan aniq qilgan bo‘lsa, qa’daga qaytmaydi va unga yana bir rakaat qo‘shadi. O‘zi alohida ikki rakaat bo‘ladi. Istehsonan sajdai sahv qiladi. Lekin, bu ikki rakaat nafl peshinning ikki rakaat sunnatining o‘rniga o‘tmaydi. Bomdodning uchinchi rakaatiga turib ketganda esa, to‘rtinchi rakaatni unga qo‘shib o‘qimaydi.
Peshinning to‘rtinchi rakatiga o‘tirmay turib ketgan bo‘lsa, hali sajda qilmagan bo‘lsa, qaytib o‘tiradi va sajdai sahv qiladi. O‘sha turib ketganida sajda qilib qo‘ysa, peshin namozi fosid bo‘ladi. Nafl namozga aylanib ketadi.
Bir kishi ikki rakaat nafl o‘qish paytida xato qilib qo‘ysa va sajdai sahv qilsa, uning ustiga 3-4 rakaatlarni bino qilmaydi. Namozdagi bir necha xatolarga ikki marta sajda qilish kifoya. Vallohu a’lam.
Lutfulloh UBAYDULLOH
tayorladi
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.
«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.
Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi.
Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».
Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».
Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.
«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».
Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.
Alloh taolo «Tahrim» surasida:
«Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: «Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan najot bergin va menga zolim qavmdan najot bergin», deb aytdi», degan (11-oyat).
Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.
Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.
«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni (misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan bo‘ldi» (12-oyat).
Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.
«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».
Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.
O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.
Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!
Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.
Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:
«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.
«Oisha», dedilar.
«Erkaklardan-chi?» dedim.
«Uning otasi», dedilar.
«So‘ngra kim?» dedim.
«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».
Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?
Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?
Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.
Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:
«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.
– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.
– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.
– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.
– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.
– Men pokning huzurida pok yaratilganman.
– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».
Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:
«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:
«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.
Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.
Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».
Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?
Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.
"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.