Abu Homid G‘azzoliy rahmatullohi alayh “Ihyou ulumud din” kitobida aytadilar:
Ilm va ibodatsiz saodatga erishib bo‘lmaydi. Niyatsiz amal qilish (samarasiz) mashaqqat chekishdir. Ixlossiz niyat esa, riyodir. U munofiqlikka o‘xshaydi, Allohning amriga bo‘ysunmaslikning o‘zginasidir. Sidqidildan qilinmagan ixlosning natijasi sochib yuborilgan to‘zon kabi foydasizdir.
وَقَدِمْنَا إِلَىٰ مَا عَمِلُوا مِنْ عَمَلٍ فَجَعَلْنَاهُ هَبَاءً مَنْثُورًا
“(Zotan) Biz ular qilgan har bir amalga kelib, uni sochilgan to‘zon (kabi foydasiz) qilib qo‘ygandirmiz” (Furqon surasi 23-oyat).
قَالَ رَبِّ فَأَنظِرْنِي إِلَى يَوْمِ يُبْعَثُونَ (36) قَالَ فَإِنَّكَ مِنَ الْمُنظَرِينَ (37) إِلَى يَوْمِ الْوَقْتِ الْمَعْلُومِ (38) قَالَ رَبِّ بِمَا أَغْوَيْتَنِي لأُزَيِّنَنَّ لَهُمْ فِي الأَرْضِ وَلأُغْوِيَنَّهُمْ أَجْمَعِينَ (39) إِلاَّ عِبَادَكَ مِنْهُمُ الْمُخْلَصِينَ 40
Iblis: “Ey Rabbim, menga ular tiriladigan Kungacha muhlat ber, mening jonimni olmay tur, – dedi. Alloh: “Senga muhlat berildi”,- deb aytdi. Bunga “shukr” sifatida Iblis shunday dedi: “Endi meni yo‘ldan ozdirganing sabab, men ularning barchasini yo‘ldan adashtiraman, ularga Yer yuzida gunoh va ma’siyatlarni ziynatlab ko‘rsataman, illo bular ichida sodiq, muxlis bandalaringgagina bas kela olmasman, chunki ularning iymonlari, Senga bo‘lgan ishonchlari kuchli. Shunda Alloh dedi: “Mening zimmamdagi To‘g‘ri Yo‘l shudir”. Ya’ni: Ey Iblis, mening muxlis bandalarimni yo‘ldan ozdira olmasliging Mening hikmatim, adolatim va rahmatimdir.
“Mening bandalarim ustidan sen uchun hech qanday hukmronlik yo‘qdir”, ya’ni: Mening ixlosli bandalarimni To‘g‘ri Yo‘lda chalg‘itishga qudrating yetmaydi.
“Illo senga ergashgan gumrohlarnigina(yo‘ldan ozdira olursan)”. Ya’ni: Lekin faqatgina adashib, senga ergashgan odamlar orasidagi iymoni zaif bo‘lgan kimsalarnigina To‘g‘ri Yo‘ldan ozdira olursan (Hijr surasi 36-40-oyatlar).
Ushbu oyatdan malum bo‘ldiki, shayton vasvasa, gunoh ishlarni ziynatli qilib ko‘rsatish orqali hammani yo‘ldan ozdira olish imkoniga ega ekan, lekin ixlosli mo‘minlarni hech qachon tuzog‘iga ilintira olmasligini tan olgan.
Modomiki mo‘minni shayton changalidan faqat uning niyatining xolisligi va Allohning roziligini istab qilgan amallarigina qutqara olar ekan, xo‘sh, ixlosning o‘zi nima?! Mo‘min qanday qilib unga erisha oladi?!
Ixlos – bu amalni faqat Allohning roziligi uchun qilish, Undan boshqa biror narsani maqsad qilmaslikdir.
Ixlos – bu ibodatlarda Alloh taoloni yakkayu yagona deb bilishdir.
Ixlos – bu xalqning nazarini butkul unutib, xamma vaqt Xoliqning ko‘rib turishini his qilishdir.
Ixlos – bu amal qabul bo‘lishining asosiy ikki shartlaridan biridir.
الَّذِي خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا وَهُوَ الْعَزِيزُ الْغَفُورُ
Sizlarning qaysilaringiz chiroyliroq-yaxshiroq amal qilguvchi ekanligingizni imtihon qilish uchun o‘lim va hayotni yaratgan zotdir. U qudratli va mag‘firatlidir (Mulk surasi 2-oyat).
Fuzayl ibn Iyoz rahmatullohi alayh ushbu oyati karimadagi “chiroyliroq amal” dan murod – bu xolisroq va shariat hukmlariga muvofiqroq amaldir, – dedi. U zotdan:
– Ey Abu Ali, xolisroq va shariat hukmlariga muvofiqroq amalni bizga tushuntirib bering, –deb so‘radilar.
– Agar amal xolis bo‘lib, shariat hukmlariga muvofiq bo‘lmasa qabul bo‘lmaydi. Shuningdek, shariat hukmlariga muvofiq bo‘lib, xolis Allohning roziligi uchun qilinmasa, unday holda ham maqbul emas, – dedi va Qur’ondagi ushbu ikki oyatni o‘qidi.
فَمَنْ كَانَ يَرْجُو لِقَاءَ رَبِّهِ فَلْيَعْمَلْ عَمَلًا صَالِحًا وَلَا يُشْرِكْ بِعِبَادَةِ رَبِّهِ أَحَدًا
“…Bas, kimki Parvardigori bilan muloqotda bo‘lishdan umidvor bo‘lsa, u holda ezgu amal qilsin va Parvardigoriga ibodat qilishda hech kimni (Unga) sherik qilmasin!” (Kahf surasi 110-oyat).
Shariat hukmlariga muvofiq qilinmagan amallarning “holi” Qur’oni Karimda quyidagicha zikr qilinadi:
وَقَدِمْنَا إِلَىٰ مَا عَمِلُوا مِنْ عَمَلٍ فَجَعَلْنَاهُ هَبَاءً مَنْثُورًا
“(Zotan) Biz ular qilgan har bir amalga kelib, uni sochilgan to‘zon (kabi foydasiz) qilib qo‘ygandirmiz” (Furqon surasi 23-oyat).
Agar banda bir amal qilsa (garchi uning amali juda kichik bo‘lsa ham…), unga ikki qaydnoma ochiladi. Birinchisi, “U ushbu amalini nima uchun qildi? Allohning roziligi uchunmi yoki biror dunyo matosiga erishish uchunmi?” Ikkinchisi, “U ushbu amalini qanday qildi?” – degan savol bo‘ladi.
Birinchi savol amalning sababi haqida bo‘ladi. Bu imtihondan muvaffaqiyatli o‘tishning yagona yo‘li amalni xolis Allohning roziligi uchun qilishdir.
Ikkinchi savol amalning kayfiyati haqida bo‘ladi. Bundan o‘tishning yo‘li esa, amalni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiq qilmoqlikdir.
Avazxo‘ja BAHROMOV
Toshkent tumani “Xolmahammad ota”
jome masjidi imom-xatibi
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo aytadi: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar. Albatta, Alloh va’daga xilof qilmas» (Ra’d surasi, 31 - oyat).
Sharh: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar...».
Ya’ni, Allohning va’dasi - qiyomat kelguncha ularning es-hushini joyiga keltiruvchi musibatlar boshlariga tushib turadi. Bu musibatlar ularning qilgan ishlari tufayli tushadi.
«...yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar».
Yoki o‘sha mazkur es-hushni joyiga keltiruvchi musibatlar dunyoning boshqa joylariga tushadi. O‘sha kofir va osiy bandalar yashayotgan diyorlarga yaqin joylarga tushadi. Toki ular o‘sha musibatlarni ko‘rib, va’z-nasihat olib, o‘zlariga kelsinlar va iymon keltirsinlar.
«Tafsiri Hilol» kitobidan