Vafotiga qadar payg‘ambarimiz (s.a.v)ning yagona va birinchi ayollaridir. Payg‘ambarimiz qolgan ayollariga Xadiyja onamizdan keyin uylanganlar. Badavlat beva ayol (boylik ularga vafot qilgan ikkinchi erlariidan qolgan), baland bo‘yli, aqlli, juda go‘zal va qat’iyyatli. To payg‘ambarimiz bilan uchrashgunlariga qadar, hech kimga o‘zlarining boylik va taqdirini bog‘lamoqlikka yo‘l qo‘ymaganlar. Xadiyja onamizning vafotlaridan so‘ng payg‘ambarimizning hech bir ayollari u zotning qalblarida Xadiyjadek joy egallamaganlar.
Dunyo ayollarining eng yaxshisi o‘z davrida Imron qizi Maryam edi, bu davrning eng yaxshi ayoli esa Xadiyjadir (Sahih al-Buxoriy). Payg‘ambarmizga turmushga chiqqunlariga qadar Xadiyja (r.a.) Banu Usayd qabilasidan bo‘lgan Abu Xala ibn Malikning nikohida edi. Undan Hind ismli o‘g‘il va Zaynab ismli qiz farzand ko‘rganlar. Abu Xalaga qadar esa Usayyik ibn Abid bilan turmush qurgan edilar va undan ham Abdulloh ismli o‘g‘ilari va Jariya ismli qizlari bor edi. Xadiyja onamiz har doim o‘z qarindoshlariga, kambag‘allarga, shuningdek, oila qurishga qiynalganlarga yordam qo‘lini cho‘zar edilar. Xadiyja onamizga Arab yarim orolining boy zodagonlari, obro‘li kishilari sovchi qo‘yganlarida, rad javobini berganlar. Hayotlik davrlarida Xadiyja onamiz Qurayshliklar malikasi, At-Tohira, Al-Kubro degan nomga ega bo‘lganlar. Xadiyja onamiz savdogarlarga mablag‘ berib, savdolari uchun mol olib keltirar edilar. Payg‘ambarimizning to‘g‘ri so‘z va ishonchli ekanliklari haqida habar topgach, ularga tijorat uchun katta mablag‘ni ishonib topshirib, Shomga jo‘natdilar. Payg‘ambarimiz Shomga Xadiyjaning quli Maysara bilan jo‘nab ketdilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) qaytgach, Xadiyja (r.a) katta daromadga ega bo‘ldilar.
Bundan ham afzallari Maysara ko‘rgan mo‘jizalar bo‘ldi (Ayrim ulamolarning aytishlaricha bu mo‘jiza ikki farishtaning quyosh nurlaridan payg‘ambarimizni to‘sganliklaridir). Xadiyja (r.a.) dugonasi Nafisa bint Maniyani payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning oldilariga ular bilan turmush qurish istaklari borligini bildirish uchun yubordilar va ular turmush qurdilar. Bu vaqtda Xadiyja (r.a.)ning yoshlari o‘ttiz to‘qqiz payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning yoshlari esa yigirma beshda edi.
Xadiyja (r.a.) vafotlariga qadar payg‘ambarimiz (s.a.v.)ni qo‘llab-quvvatladilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) odamlarni islomga da’vat qilganlarida dushmanlar- dan himoya qildilar, eng qiyin vaziyatlarda yonlarida bo‘ldilar. Islomni birinchi qabul qilgan inson bo‘ldilar, mablag‘larini islom manfaati uchun sarfladilar. Oisha (r.a.)dan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ayollaridan rashk qilmadim. Faqatgina Xadiyjadan rashk qildim. Men uni ko‘rmadim ham. Rasululloh (s.a.v.) qachon qo‘y so‘ysalar, Xadiyjaning dugonalariga yuboringlar, der edilar. Bir kuni u zotning g‘azablarini chiqarib: «Xadiyja!»dedim. Shunda Rasululloh (s.a.v): «Albatta, menga uning muhabbati berilgan», dedilar». (Ikki shayx va Termiziy rivoyati). Xadiyja (r.a.) payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning Ibrohim ismli o‘g‘illaridan tashqari barcha farzandlarining onasidir va payg‘ambarimizga Qosim, Zaynab, Ruqayya, Ummu Kulsum, Fotima, Abdulloh ismli farzandlar hadya qilganlar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning o‘g‘il farzandla– ri yoshlik chog‘larida vafot etgan. Qiz farzandlari esa, payg‘ambarlik davrlarida islomni qabul qilib, Makkadan Madinaga xijrat qilganlar. Fotima onamizdan boshqalari payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hayotlik davrilarida vafot etganlar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning amakilari Abu Tolibning vafotlaridan so‘ng, Xadiyja (r.a.) ham vafot qilganlar. Alloh taolo Xadiyja binti Xuvaylid (r.a.)dan rozi bo‘lsin.
Robiya SAIDHANBALOVA
tayyorladi
O‘MI Matbuot xizmati
Bilasizmi? Silikat moddasiga boy bo‘lgan tuproqqa dafn qilingan insonning skeleti vaqt o‘tishi bilan tosh va xarsangga aylanadi.
Agar u pirit (temir sulfidi) moddasiga boy mintaqaga dafn qilinsa, unday jasad temir haykalga aylanib qolishi mumkin!
Bu ilmiy haqiqat yaqinda aniqlangan bo‘lsa-da, Qur’onda bu haqida 1445 yil oldin hayratlanarli tarzda juda aniqlik bilan bayon etilgan. Qur’onda bunday deyilgan:
وَقَالُوا أَإِذَا كُنَّا عِظَامًا وَرُفَاتًا أَإِنَّا لَمَبْعُوثُونَ خَلْقًا جَدِيدًا
"Ular: “Biz suyaklarga va chang- tuproqlarga aylanib ketganimizdan keyin ham, yangitdan tiriltirilamizmi?” dedilar. “Sen ularga, toshga yoki temirga aylaninglar”, deb ayt"
(Isro surasi, 50-oyat).
Bu oyat yaqin yillarda kashf etilgan — suyaklari toshga aylangan yoki temir haykalga aylangan qazilmalarga ochiq va ravshan ishora qilmoqda. Go‘yoki Qur’onda xabar berilgan ushbu dalillar olimlar kashf qilishlarini uzoq asrlardan beri kutib yotgandek.
Shunday ekan, aqlli inson bunday ochiq-oydin va ravshan mo‘jizani qanday inkor qila oladi? Qur’onning bu mo‘jizasi kunduzdagi quyoshdek ravshan emasmi?
Homidjon domla ISHMATBЕKOV