Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Aprel, 2025   |   22 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:11
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:09
Shom
19:12
Xufton
20:31
Bismillah
20 Aprel, 2025, 22 Shavvol, 1446

Arab tili kurslari - Qur’on kurslari...

31.01.2018   12813   4 min.
Arab tili kurslari - Qur’on kurslari...

Allohga behisob hamdu sanolar bo‘lsinki, O‘zbekiston Musulmonlari Idorasining 2017 - yil, 13 - noyabrdagi buyrug‘iga binoan madrasalarimiz va 2 ta oliy o‘quv yurtlarimizda «Arab tili kurs»lari tashkil etildi. Talabalar qabul qilish jarayoni yakunlanib, hozirda 9 madrasa, 2 nafar ayol-qizlar madrasasi hamda ikkita oliy Islom o‘quv yurtlaridagi kuslarda jami 780 nafar talabalar arab tilidan ta’lim olmoqdalar.

O‘zbeklarga xos bo‘lgan ixlosli vatandoshlarimiz ro‘yxatga yozilishga ulgurib qolay deb erta tong sahardan o‘quv yurtlarini eshigi oldiga borib turdilar. Ularning ichida yoshlar, o‘rta yosh hamda yoshi ulug‘ otaxonlar ham bor. Hammasi bir maqsadda - «Arab tilini o‘rganaman!» deb keldilar.

Shu o‘rinda qiziq bir savol tug‘iladi: "Yoshi ulug‘ otaxonlar keksaygan yoshida arab tilini o‘rganib nima qiladi? Arabistonga boradimi? Yoki sayyohlarga tarjimonlik qiladimi? Shunday maqsadi bor bo‘lsa ham ularga 3 oy muddat arab tilini boshdan oyoq o‘rganib olishga yetadimi?" Albatta, yo‘q. Demak, ularning maqsadi bir - «Men Qur’on tili - arab tilini o‘rganaman!...»

O‘zim ham kursga yozilmoqchi bo‘lganlarning bir nechtasi bilan to‘qnash kelib, suhbatlashib qoldim. Ularning hammasi: «Men qanday yozilsam bo‘ladi, axir 60 tagina odam yozilar ekan, menga o‘rin yetmay qolsachi?!» degan tashvishda edilar. To‘g‘ri, buni hech kim inkor qilmaydi, qalbul qilinuvchilar soni ozligi hammani bir ma’noda ko‘nglini xira qiladi. Lekin uzoqqa emas, bir necha oy oldingi kunlarga nazar solaylik, shu kursda 60 ta emas, 6 dona o‘quvchi o‘qiyotganmidi? Bu kurslarning o‘zi mavjud edimi? Axir hozir borku, demak, Allohga shukr keltirmaslik qanchalik to‘g‘ri bo‘lar ekan? Axir, Alloh taolo O‘zining muborak kalomida:

«Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz(noshukrlik qilsangiz), albatta, azobim shiddatlidir»(Ibrohim surasi 7 - oyat) oyati karimasini unutib qo‘ydikmi?

Yoki ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi bir insonlar «Qur’on kursini o‘rniga arab tili kursi ochilibdi» degan so‘zlari qay darajada o‘rinli bo‘ladi?

«Aql egalari uchun belgilar bor» (Oli Imron surasi, 190 - oyat).

...Bir hisoblab ko‘raylik, hozirgi kunda jami 780 talaba tayyorlov kursda ta’lim olmoqdalar. Ular 3 oydan so‘ng bitirsalar, yana yangi talabalar qabul qilinadi, demak, shu zaylda davom etsa, Xudo xohlasa bir yilda 4 marta talabalar almashadi, bu degani bir yilda jami 3120 bitiruvchilar bo‘ladi. Bu degani 3120 Qur’on o‘qiguvchilar degani emasmi...  Bu degani har bir viloyatda 240 nafarga yaqin Qur’onni tilovat qila oladigan inson bor bo‘ladi, 240 nafarga yaqin xonadonda Qur’on tilovati qilinadi. 240 nafar mahallada kechasi Mulk surasi tilovat qilinganda butun mahallaga Mulk surasining fazilatidan barakot yog‘iladi. Bomdod namozidan so‘ng Yasin surasi o‘qilganida esa, Yasin surasi fazilatidan butun qishloq ustidan Allohning rahmat va barakoti yog‘iladi. Shomdan so‘ng Voqea surasi o‘qiladigan bo‘lsa, kambag‘allik ko‘rilmaydi. Hamda bu yili Qur’on musobaqasida jami 5 mingdan ziyod qorilar qatnashgan bo‘lsa, kelasi yili, inshaalloh 2880 nafar ishtirokchi qo‘shiladi degani...

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, ona zaminimizda olib borilayotgan bunday go‘zal islohotlarga nisbatan xayrixoh bo‘lishimiz, befarq bo‘lmasligimiz, aksincha bu xayrli ishlarni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Shu bilan birga shoshilmasdan, sabr bilan, Alloh taolodan namozlarimizda bu yangiliklarni davomli, yanada keng doirada bo‘lishini duo qilib so‘rashimiz kerak. Hamda bu ezgu ishlarning boshida turgan yurtboshimiz, barcha rahbarlarimiz, muftiy hazratlari va boshqa mas’ullar haqiga sihat-salomatlik, faoliyatlariga rivoj berishini chin qalbdan duo qilishimiz -  bizning burchimiz. Muborak hadisi sharifda:

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Musulmon kishining boshqa bir musulmonga g‘oibona qilingan duosidan tez ijobat bo‘ladigan duo yo‘qdir» - deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).

 

Baxtiyor NAJMIDDINOV

Toshkent Islom institutining talabasi

O‘MI Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbek moturidiyshunosligidagi ulkan tarixiy voqelik

19.04.2025   11784   8 min.
O‘zbek moturidiyshunosligidagi ulkan tarixiy voqelik

So‘nggi yillarda mamlakatimizda mutafakkir allomalarimizning ibratli hayot yo‘llarini o‘rganish, ularning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib qilishga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Zotan, insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning asarlaridagi ezgu g‘oyalar, umuminsoniy qadriyatlar, bag‘rikenglik va mo‘tadillik, ilm-fan, aql va tafakkurning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga oid qarashlar yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashning muhim omili bo‘lib hisoblanadi.


Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi o‘laroq tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari boy tarixiy-madaniy merosimizni o‘rganish va qayta tiklashga xizmat qilmoqda.


Mamlakatimizda buyuk mutafakkir ajdodimiz, aqida ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Abu Mansur Moturidiy va u asos solgan moturidiylik ta’limotini o‘rganishga alohida ahamiyati berilishi diqqatga sazovordir. Hanuz o‘z dolzarbligini yo‘qotmasdan kelayotgan mazkur ta’limotning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati haqida muhtaram yurtboshimiz: “Moturidiy ta’limoti ilm egallash jarayonida bag‘rikenglik g‘oyasi asosida inson aql-zakovatining o‘rni va ahamiyatiga yuksak e’tibor qaratadi. Bu o‘z navbatida ushbu ta’limotning keng ommalashuvida muhim o‘rin tutgan. Bunday g‘oyalarga bugungi kunda ham insoniyat katta ehtiyoj sezmoqda”, deb ta’kidlagan edi.


So‘nggi kunlarda mamlakatimiz tarixida, xususan, moturidiyshunoslik sohasida yuqorida zikr qilingan ishlarga hamohang bo‘lgan ulkan tarixiy voqelik sodir bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu qaror nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini tizimli hamda ilmiy asosda o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.  


Unga muvofiq, joriy yilda buyuk ajdodimiz, mutafakkir olim Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan tashkil qilinadigan tadbirlar doirasida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkillashtirish, xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkazish, olim asarlarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr qilish, uning serqirra hayot yo‘li va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish, esdalik suvenirlari, pochta markalari, taqvimlar va boshqa ko‘rgazmali axborot vositalarini muomalaga chiqarish, Samarqand shahridagi Imom Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilab olindi.


Mazkur Qarorning qabul qilinishi nafaqat O‘zbekistonda, balki musulmon mamlakatlarida ham katta quvonch bilan kutib olindi. Ta’kidlash lozimki, Qaror yurtimizda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni yanada rag‘batlantirish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish, Imom Moturidiy siymosini xalqimizga yanada kengroq tanitishga xizmat qilishi bilan birga, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga alohida mas’uliyat ham yuklaydi. Birinchi navbatda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganish va keng targ‘ib qilish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar, ilmiy tadqiqot mavzularini Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda belgilab, asosiy faoliyat yo‘nalishlarini muvofiqlashtiradi.


Imom Abu Mansur Moturidiy musulmon olamida buyuk mutakallim, qomusiy olim va ulug‘ mutafakkir, moturidiylik ta’limotining asoschisi sifatida keng e’tirof etiladi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti paydo bo‘lganidan to hozirgi kunga qadar e’tiqod musaffoligini asrab-avaylash, musulmonlarning jipsligi va birdamligini ta’minlash, islom niqobi ostidagi oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi raddiyalar berishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lib kelmoqda. Xususan, turli adashgan oqimlarning g‘oyalariga qarshi naqliy va aqliy dalillar asosida raddiya berish metodologiyasi hamda ma’rifiy asoslarini ishlab chiqqan Imom Moturidiy mazkur xizmatlari uchun “Imom al-huda” – “Hidoyat imomi”, “Musahhih aqida al-muslimin” – “Musulmonlarning aqidasini to‘g‘rilovchi” degan sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan. Allomaning Abu Muin Nasafiy, Abu Barakot Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy kabi izdoshlari uning yo‘lini munosib davom ettirib, ixtilofli aqidaviy muammolarga ilmiy yechim topish, mo‘tadil ta’limotni odamlar orasida keng tarqatishga ulkan hissa qo‘shganlar.


Imom Moturidiyning mutaassiblikka qarshi kurash metodologiyasi ham naqliy, ham aqliy dalillarga asoslangani sababli buzg‘unchi oqimlar faoliyatiga barham berishda o‘ta samarali bo‘lgan. Ushbu metodologiyaning asosini olimning “Qurolingni ilmda yasa”, degan hikmatli so‘zi tashkil qilgan. Bugungi kunda Imom Moturidiyning ushbu hikmati mamlakatimizda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi bilan har tomonlama mushtarak ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Umuman olganda, yuqoridagilardan kelib chiqib, Imom Moturidiy hayoti, ilmiy merosi va moturidiylik ta’limotini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish yoshlar tarbiyasida, shuningdek, jamiyatda bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarini qaror toptirib, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda naqadar yuksak ahamiyatga ega ekanligi oydinlashadi.


Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotining o‘rganilishi xususida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda Markazda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Eng birinchi navbatda, Markaz qoshida tashkil qilingan Xalqaro ilmiy hay’at faoliyatini alohida tilga olish zarur. Misr, Turkiya, Iordaniya, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Rossiya, Malayziya kabi mamlakatlarning yetuk olimlari, mahalliy mutaxassislarni o‘z tarkibida jamlagan ushbu Hay’at ilmiy tadqiqot mavzularini mazmunan boyitish va yanada takomillashtirish, Markaz faoliyatini zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yishda benazir platforma vazifasini bajarmoqda. Shu bilan birga, Hay’at a’zolari Imom Moturidiy siymosini jahonga tanitishga ham katta hissa qo‘shmoqdalar.


Shuningdek, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Turkiya Islom tadqiqotlari markazi (ISAM), Islom tafakkuri instituti, Saljuq universiteti, Anqara Yildirim Boyazid universiteti, al-Azhar universiteti, Malayziya islom ilmlari universiteti kabi jahonning nufuzli ilmiy va ta’lim muassasalari bilan imzolangan hamkorlikka oid memorandumlar doirasida moturidiylik ta’limoti tarixi va bugungi kundagi ahamiyati, shuningdek, zamonaviy islomshunoslikka oid dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan konferensiya, seminar, davra suhbatlari va boshqa ilmiy-ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda.


Markaz tomonidan Misrning al-Azhar majmuasi tadqiqotchilari o‘rtasida Imom Moturidiy merosi bo‘yicha xalqaro tanlov o‘tkazildi. Shuningdek, xorijlik tadqiqotchilar uchun Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya joriy qilindi. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy o‘zgarishlarni jahon hamjamiyatiga yetkazish bilan birga, Markaz faoliyatini ham xorijda keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.


Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini yaratish, qo‘lyozmalar asosida ilmiy tanqidiy matnlarini tayyorlash, shu asosda xalqchil risolalarni nashr qilib, aholi, ayniqsa yoshlar orasida moturidiylik ta’limotidagi bag‘rikenglik va mo‘tadillik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga ham alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidlab o‘tish lozim. Jumladan, o‘tgan yilning o‘zida bugungi kundagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan 40 ga yaqin monografiya, kitob va xalqchil risola chop etildi.


Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishi Markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga, uni mahalliy va xalqaro miqyosda kengaytirishga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu Qaror nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro miqyosdagi moturidiyshunoslik sohasi rivojida muhim o‘rin tutishiga shubha yo‘q.


Jamoliddin Karimov,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

O'zbekiston yangiliklari