Allohga behisob hamdu sanolar bo‘lsinki, O‘zbekiston Musulmonlari Idorasining 2017 - yil, 13 - noyabrdagi buyrug‘iga binoan madrasalarimiz va 2 ta oliy o‘quv yurtlarimizda «Arab tili kurs»lari tashkil etildi. Talabalar qabul qilish jarayoni yakunlanib, hozirda 9 madrasa, 2 nafar ayol-qizlar madrasasi hamda ikkita oliy Islom o‘quv yurtlaridagi kuslarda jami 780 nafar talabalar arab tilidan ta’lim olmoqdalar.
O‘zbeklarga xos bo‘lgan ixlosli vatandoshlarimiz ro‘yxatga yozilishga ulgurib qolay deb erta tong sahardan o‘quv yurtlarini eshigi oldiga borib turdilar. Ularning ichida yoshlar, o‘rta yosh hamda yoshi ulug‘ otaxonlar ham bor. Hammasi bir maqsadda - «Arab tilini o‘rganaman!» deb keldilar.
Shu o‘rinda qiziq bir savol tug‘iladi: "Yoshi ulug‘ otaxonlar keksaygan yoshida arab tilini o‘rganib nima qiladi? Arabistonga boradimi? Yoki sayyohlarga tarjimonlik qiladimi? Shunday maqsadi bor bo‘lsa ham ularga 3 oy muddat arab tilini boshdan oyoq o‘rganib olishga yetadimi?" Albatta, yo‘q. Demak, ularning maqsadi bir - «Men Qur’on tili - arab tilini o‘rganaman!...»
O‘zim ham kursga yozilmoqchi bo‘lganlarning bir nechtasi bilan to‘qnash kelib, suhbatlashib qoldim. Ularning hammasi: «Men qanday yozilsam bo‘ladi, axir 60 tagina odam yozilar ekan, menga o‘rin yetmay qolsachi?!» degan tashvishda edilar. To‘g‘ri, buni hech kim inkor qilmaydi, qalbul qilinuvchilar soni ozligi hammani bir ma’noda ko‘nglini xira qiladi. Lekin uzoqqa emas, bir necha oy oldingi kunlarga nazar solaylik, shu kursda 60 ta emas, 6 dona o‘quvchi o‘qiyotganmidi? Bu kurslarning o‘zi mavjud edimi? Axir hozir borku, demak, Allohga shukr keltirmaslik qanchalik to‘g‘ri bo‘lar ekan? Axir, Alloh taolo O‘zining muborak kalomida:
«Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz(noshukrlik qilsangiz), albatta, azobim shiddatlidir»(Ibrohim surasi 7 - oyat) oyati karimasini unutib qo‘ydikmi?
Yoki ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi bir insonlar «Qur’on kursini o‘rniga arab tili kursi ochilibdi» degan so‘zlari qay darajada o‘rinli bo‘ladi?
«Aql egalari uchun belgilar bor» (Oli Imron surasi, 190 - oyat).
...Bir hisoblab ko‘raylik, hozirgi kunda jami 780 talaba tayyorlov kursda ta’lim olmoqdalar. Ular 3 oydan so‘ng bitirsalar, yana yangi talabalar qabul qilinadi, demak, shu zaylda davom etsa, Xudo xohlasa bir yilda 4 marta talabalar almashadi, bu degani bir yilda jami 3120 bitiruvchilar bo‘ladi. Bu degani 3120 Qur’on o‘qiguvchilar degani emasmi... Bu degani har bir viloyatda 240 nafarga yaqin Qur’onni tilovat qila oladigan inson bor bo‘ladi, 240 nafarga yaqin xonadonda Qur’on tilovati qilinadi. 240 nafar mahallada kechasi Mulk surasi tilovat qilinganda butun mahallaga Mulk surasining fazilatidan barakot yog‘iladi. Bomdod namozidan so‘ng Yasin surasi o‘qilganida esa, Yasin surasi fazilatidan butun qishloq ustidan Allohning rahmat va barakoti yog‘iladi. Shomdan so‘ng Voqea surasi o‘qiladigan bo‘lsa, kambag‘allik ko‘rilmaydi. Hamda bu yili Qur’on musobaqasida jami 5 mingdan ziyod qorilar qatnashgan bo‘lsa, kelasi yili, inshaalloh 2880 nafar ishtirokchi qo‘shiladi degani...
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, ona zaminimizda olib borilayotgan bunday go‘zal islohotlarga nisbatan xayrixoh bo‘lishimiz, befarq bo‘lmasligimiz, aksincha bu xayrli ishlarni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Shu bilan birga shoshilmasdan, sabr bilan, Alloh taolodan namozlarimizda bu yangiliklarni davomli, yanada keng doirada bo‘lishini duo qilib so‘rashimiz kerak. Hamda bu ezgu ishlarning boshida turgan yurtboshimiz, barcha rahbarlarimiz, muftiy hazratlari va boshqa mas’ullar haqiga sihat-salomatlik, faoliyatlariga rivoj berishini chin qalbdan duo qilishimiz - bizning burchimiz. Muborak hadisi sharifda:
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Musulmon kishining boshqa bir musulmonga g‘oibona qilingan duosidan tez ijobat bo‘ladigan duo yo‘qdir» - deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Baxtiyor NAJMIDDINOV
Toshkent Islom institutining talabasi
O‘MI Matbuot xizmati
Imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘chma seminar bugun respublikamizning Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida tashkil etildi. Qorao‘zak tumanidagi markaziy "Idris eshon" jome masjidida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin Razov boshchiligida soha xodimlari, mahalla raislari va ziyoratchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, sayyor tadbirda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami tushuntirildi.
Ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarining 5 ta masjidi va 19 ta mahallasiga biriktirildi. Ular o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan 101 ta muammoli xonadonga kirib, o‘sha yerda yashayotganlarning holidan xabar oldi, yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi va suhbatlashdi. Ularning muammolari o‘rganilib, fikr-mulohazalari tinglandi. Imom-xatiblar 10 ta toifaga mansub 101 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, masjidlar atrofida obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borish, ish yuritish, jamoani boshqarish jihatlari ham o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan qavmga, "Tinchlik baxti. Shukronalik. Ilm olish fazilati. Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish. Missionerlik harakatlarining salbiy oqibatlari" kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlari imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy, masjid boshqaruvidagi ishlariga ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Tashrif davomida qoziyot qozisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak tumanidagi "Idris eshon" masjidining yangidan qurilayotgan binosining qurilish ishlari bilan tanishdi.
B.ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi