Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi, Rossiya muftiylar kengashi raisi, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi
Diniy birlashmalar bilan aloqalar Kengashi a’zosi,
muftiy shayx Ravil Gaynutdin janoblari!
Muhtaram muftiy hazratlari,
O‘zbekiston Islom akademiyasi davlat ro‘yxatidan o‘tib, guvohnoma olishi munosabati bilan Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi va Rossiya muftiylar kengashi nomidan yo‘llagan tabrigingizdan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Mamlakatimizdagi ushbu ulkan yangilikni Rossiya musulmonlari qo‘llab-quvvatlagani mo‘min-musulmonlarimiz quvonchini yanada oshirdi.
Sizning O‘zbekiston Islom akademiyasi tashkil etilishi munosabati bilan yo‘llagan iliq so‘zlaringiz ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga yetkazilganda hamma birdek mamnun bo‘ldi. Ayniqsa, Imom Buxoriy, Imom Termiziy davrida bo‘lgani kabi bugun muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qo‘llab-quvvatlovi bilan yurtimizda islomiy oliy ta’limning shonli an’analari qayta tiklanayotgani haqidagi fikrlaringiz barchamizni juda ham shodlantirib yubordi.
Samimiy tilaklaringizda, Islom akademiyasining dinimiz manfaati yo‘lida muvaffaqiyatli faoliyat olib borishini bildirganingiz uchun tashakkur. Biz ham o‘z navbatida Islom akademiyasi ishini rivojlantirish, kasbiy va ilmiy salohiyatni oshirishda Sizning vakillaringizni ko‘rishdan baxtiyor bo‘lishimizni izhor qilamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi va mo‘min-musulmonlar nomidan Siz janobi oliylariga, jamoangizga mana shunday xursandchilik kunlarda chin qalbdan birga-birga ekaningiz uchun samimiy minnatdorlik bildiramiz.
Birodarimga eng ezgu tilaklar va yuksak ehtirom ila,
O‘zbekiston musulmonlari
idorasi raisi, muftiy Usmonxon ALIMOV
O‘MI Matbuot xizmati
Adliya vazirligi bunday ogohlantirmoqda:
O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonuni (https://lex.uz/docs/11360) hamda Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 martdagi 57-son qarori (https://lex.uz/docs/2356876) talablariga asosan nodavlat notijorat tashkilotlari har yili 1 fevralgacha ro‘yxatdan o‘tkazuvchi adliya organlariga o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobotlar taqdim etishlari shart.
Hisobot (https://lex.uz/docs/3796969) shakli Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan. Hisobotlarni taqdim qilish Nodavlat notijorat tashkilotlari elektron portali (e-ngo.uz) (https://e-ngo.uz/) orqali amalga oshiriladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning (https://www.lex.uz/docs/97664) 239-moddasiga muvofiq nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga o‘z vaqtida taqdim etmasligi yoki belgilanmagan shaklda taqdim etishi mansabdor shaxslarga jarima solishga sabab bo‘ladi.
Hisobotni to‘ldirish yuzasidan video qo‘llanma bilan batafsil tanishing.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati