Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi, Rossiya muftiylar kengashi raisi, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi
Diniy birlashmalar bilan aloqalar Kengashi a’zosi,
muftiy shayx Ravil Gaynutdin janoblari!
Muhtaram muftiy hazratlari,
O‘zbekiston Islom akademiyasi davlat ro‘yxatidan o‘tib, guvohnoma olishi munosabati bilan Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi va Rossiya muftiylar kengashi nomidan yo‘llagan tabrigingizdan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Mamlakatimizdagi ushbu ulkan yangilikni Rossiya musulmonlari qo‘llab-quvvatlagani mo‘min-musulmonlarimiz quvonchini yanada oshirdi.
Sizning O‘zbekiston Islom akademiyasi tashkil etilishi munosabati bilan yo‘llagan iliq so‘zlaringiz ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga yetkazilganda hamma birdek mamnun bo‘ldi. Ayniqsa, Imom Buxoriy, Imom Termiziy davrida bo‘lgani kabi bugun muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qo‘llab-quvvatlovi bilan yurtimizda islomiy oliy ta’limning shonli an’analari qayta tiklanayotgani haqidagi fikrlaringiz barchamizni juda ham shodlantirib yubordi.
Samimiy tilaklaringizda, Islom akademiyasining dinimiz manfaati yo‘lida muvaffaqiyatli faoliyat olib borishini bildirganingiz uchun tashakkur. Biz ham o‘z navbatida Islom akademiyasi ishini rivojlantirish, kasbiy va ilmiy salohiyatni oshirishda Sizning vakillaringizni ko‘rishdan baxtiyor bo‘lishimizni izhor qilamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi va mo‘min-musulmonlar nomidan Siz janobi oliylariga, jamoangizga mana shunday xursandchilik kunlarda chin qalbdan birga-birga ekaningiz uchun samimiy minnatdorlik bildiramiz.
Birodarimga eng ezgu tilaklar va yuksak ehtirom ila,
O‘zbekiston musulmonlari
idorasi raisi, muftiy Usmonxon ALIMOV
O‘MI Matbuot xizmati
Qariyb o‘n oydirki, yurtimizning barcha hududlarida “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Hoji ota, hoji onalar, imom-xatib va faollar bilan birga mahallalarda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, notinch, ajrim yoqasida turgan oilalar holidan xabar olib, qimmatli va’z-nasihatlar bilan ularning ko‘ngillariga iliqlik olib kirish barobarida xayriya va ehsonlar ulashmoqda.
Bugunga qadar 84 ming 793 ta tadbir o‘tkazildi. Ularda 518 121 nafar yurtdoshimiz qamrab olindi. 11 mingdan ziyod hojilar ishtirok etayotgan tadbirlar natijasida jamiyatdagi ma’naviy muhit yanada yaxshilanmoqda. Zero, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot kishilik jamiyatida doimiy qilinishi lozim bo‘lgan ishlar sirasiga kiradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati