Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov o‘z vasiyatiga ko‘ra, Samarqand shahridagi Hazrati Xizr majmuasi yonida dafn etilgan edi.
Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bu yerda Birinchi Prezidentimizning davlatimiz va xalqimiz oldidagi buyuk xizmatlariga munosib ulug‘vor maqbara majmua bunyod etildi.
Majmuaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbari Samarqandga tashriflari davomida majmua qurilishining borishi bilan bir necha bor tanishdi. Ushbu maskanni yurtimizning eng qutlug‘ qadamjolaridan biriga aylantirish, ziyoratchilar uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.
Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov maqbarasini ziyorat qilib, Birinchi Prezidentimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qur’on tilovat qilindi.
Tadbir ishtirokchilari, mamlakatimizning barcha joylaridan kelgan yurtdoshlaimiz maqbarani ziyorat qilib, gullar qo‘ydilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga ham gul qo‘ydi.
Shu kuni Forumlar majmuasida elga ehson oshi tortildi.
O‘MI Matbuot xizmati
Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati