Aziz Qur’on muxlislari, qorilar musobaqasi boshlanganiga ham mana 15 kun bo‘ldi. Ushbu musobaqa barchamizga chin ma’nodagi quvonchu shodliklarni olib keldi. Qorilarning huzurbaxsh tilovatlari odamlar qalbiga nur bo‘lib kirdi, dardmand ko‘ngillarga shifo, o‘ksik qalblarga taskin bo‘ldi. Mana shunday kunlardan cheksiz mamnun bo‘lgan hamyurtlarimiz qo‘llarini duoga ko‘tarib, yaratgan Parvardigorga hamdu sanolar aytishmoqda, bu ishlarga tashabbuskor bo‘lgan Davlatimiz rahbari, barcha mutasaddilar haqqiga duolar qilishmoqda.
Shu kunga qadar qilgan ishlarimizni sarhisob etadigan bo‘lsak, respublikamizning 8 ta hududida – Jizzax (122 nafar), Sirdaryo (89 nafar), Samarqand (486 nafar), Buxoro (155 nafar), Navoiy (106 nafar), Xorazm (111 nafar), Surxondaryo (215 nafar) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (112 nafar) musobaqaning hududiy bosqichlari ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.
Har bir hududdan 18-25 va 26-40 ikki yosh toifasidagi qatnashuvchi erkaklar va ayollar ikki yo‘nalishda, ya’ni “Hifz” (to‘liq yod olgan) va “Tilovat” (qisman yod olgan) bo‘yicha o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi.
Joylarda musobaqaning shahar va tuman bosqichlari shu yil 15 yanvardan boshlangan edi. Shu kungacha 1396 nafar, shundan 736 erkak, 390 ayol ishtirokchi musobaqada qatnashdi. Ulardan 129 nafari viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi.
Mazkur 8 ta hududda musobaqa yakunlangandan keyin, hakamlar hay’ati va tashkiliy guruh ikki kunlik tanaffusga chiqdi. Ular ertadan keyin 1 fevral kuni yana musobaqalarni o‘tkazishga kirishadilar.
Endi musobaqa eng shiddatli tusga kirmoqda. Chunki qorilar vatani bo‘lgan vodiy viloyatlarida musobaqalarga oq fotiha beriladi. Shu yilning 1-4 fevral kunlari Andijon viloyatidagi 1182 nafar ishtirokchi shahar va tuman bosqichlarida qatnashadilar. Qolgan viloyatlarda ham navbatma-navbat musobaqalar 15 fevralga qadar davom etadi.
Ishtirokchilar bo‘yicha raqamlarni qiyoslaydigan bo‘lsak, vodiy viloyatlaridagi birgina Andijonda qorilar soni shu kunga qadar 8 ta hududdagi qorilar soniga yaqin keladi. Bu ko‘rsatkich haqiqatan Andijon qorilar yetishtirib chiqaradigan zamin ekanini yana bir bor isbot qilmoqda.
Mana shulardan xulosa qilish mumkinki, 1 fevral kuni ushbu viloyatda boshlanadigan qorilar musobaqasi butunlay boshqacha raqobat, o‘zagacha kayfiyat va shiddat bilan o‘tadi, inshoalloh. Ayni paytlarda musobaqaga tayyorgarlik ishlari avjida.
Shunday ekan azizlar, Qur’on musobaqasining eng yuqori nuqtalaridagi o‘ta hayajonli onlarni o‘tkazib yubormay, bizni kuzatishda davom eting.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati