«Men 137000 kitob o‘qidim. Farazan, agar Devband kutubxonasini kimdir yoqib, kul qilib yuborsa ham zarracha parvo qilmayman. Chunki u yerdagi kitoblarning hammasini yodlab olganman».
Anvarshoh Kashmiriy
Buyuk alloma
Muhammad Anvarshoh Kashmiriy 1875 yil 26 noyabr (1292 hijriy yil 27 shavvol) shanba kuni ertalab Hindistoning Kashmir shahridagi Vodvon qishlog‘ida dunyoga keldi. Otasi Suhrovardiya tariqatidagi shayx, katta olimlardan edi. Onasi ham o‘ta ibodatli, soliha ayol edi.
Alloma 15 yoshlarida Qur’on o‘qishni boshlab, tez orada Qur’onni yod oldi. Ikki yil ichida otalari qo‘l ostida bir necha forsiy tilda yozilgan risolalarni o‘qib chiqdi. So‘ng fors tilida bitilgan nasriy va nazmiy kitoblar, bayon va axloq – odobga tegishli kitoblarni o‘qib-o‘rgandi.
Anvarshoh boshqa bolalar o‘yin-kulgi bilan o‘tkazadigan yoshlik davrini ilmu ma’rifatni hosil qilishga qaratganlar. U zot jumaga o‘tar kechadan tashqari hech ham tunlari uxlamasdi, balki tunlarini kitob mutolaasi bilan bedor o‘tkazardi. Bordiyu mudroq bossa, o‘tirgan holda uxlardi.
Ilm talabidagi safarlari
Anvarshox yoshlik davridanoq ilmu ma’rifatda yetuk olim bo‘ldi. Keyinchalik bu zot Hindistonning eng gullagan, yorqin joyi – «Devband dorul ulum (universitet)»iga bordi. Anvarshoh bu ilm maskanida shunday shaxslar bilan suhbatda bo‘ldiki, ular umumiy bilimlar sohibi bo‘lishdan tashqari o‘zlarida oriflik, avliyolik sifatlarini jamlagandi. Shuningdek, ular o‘tkir fikrli, o‘ta sezgirliklaridan tashqari shirinsuxan, mehribon, viqor, sunnat va taqvo, zuhdu parhezgorlik sohibi edilar. Ularga Shayx Muhammad Devbandiy boshchilik qilardi. Kashmiriy bu ulug‘ ustozdan o‘zi intiq bo‘lgan hikmatlarni topdi va uning zohiriy va botiniy ilmlari bulog‘idan qonib-qonib ichdi. Devbandda Anvarshoh yana bir alloma, muhaddis Muhammad Is’hoq Madaniyga shogird tutindi. Ushbu ikki buyuk ustozlaridan hadisi sharif kitoblarini o‘tkazib oldi.
Allomaning hadis rivoyat qilish ilmida o‘ta chuqur bilim egasi bo‘lgani hamda aqlli odamlarni hayratga soladigan darajada tezda yodlab olish qobiliyatlari bo‘lgani Alloh taoloning u zotga bergan katta in’omi edi. Agar biror kitob o‘qisa undagi ma’lumotlar 25 yilgacha xotirasidan chiqmasdi.
Anvarshoh kuchli yodlash qobiliyati borligi bilan bir qatorda kitoblarni mutolaa qilishda ham o‘ta tezkor bo‘lgan. Ta’lim berishga kirishgan vaqtining o‘zida har kuni Misrda chop etilgan ”Musnadu Ahmad” kitobidan 200 bet mutolaa qilar va ularni tahlil qilardi. Mana shunday jiddu jahdni u zotning hanafiy mazhabidagi dalillar, hadislarni o‘rganishida ham ko‘rish mumkin. Umrining oxirida Isoning yerga tushishlari borasidagi hadislarni jamlash maqsadida yana bir karra o‘qigan kitoblarini qayta o‘qib chiqqan[1].
Allomaning ilg‘or shogirdlaridan biri Sayyid Muhammad Yusuf Bannuriy aytadi: “Shayximiz hadis kitoblariga yozilgan sharh kitoblaridan ikki yuzdan oshig‘ini o‘qib chiqqan».
1896 (Hijriy 1313) yili yosh bo‘lishiga qaramay Devband universitetini bitirgach Anvarshohga «Abdurrob maktabi»da dars berish topshirildi. So‘ng Dehli poytaxtida maktab ochdi va unga «Aminiyya maktabi»deb nom qo‘ydi.
Keyinchalik, 2 haramga mushtoqligi oshib, 1906 (1323 hijriy) yili u yerlarga safar qilib boradi va Makkada bir necha oylarni tavof va qattiq mahzunlik, yig‘i bilan o‘tkazadi. Keyin Madinai munavvaraga borib, bir muddat turib ilmga chanqog‘ini qondirdi. Shuningdek Madina kutubxonalarida tafsir va hadis fanlariga tegishli eng muhim, eng noyob asarlarni mutolaa qilishga berilib ketadi.
Anvarshoho‘z yurtiga qalbi ilmu ma’rifatga to‘lib toshgan holda qaytdi. Anvarshoh safardan qaytishi bilan Devbanddagi ustozlari hadisdan o‘z o‘rinlariga darslarga kiritishdi va Anvarshoh tolibi ilmlarga «Sunani Termiziy», ”Sahihi Buxoriy”lardan dars berdi. Ko‘p o‘tmay bu zot Devbandda ham, Hind o‘lkasida ham hadis ilmining eng katta ustoziga aylandi. Alloma bu yerda hadis ilmidan 13 yil davomida ta’lim berdi. Alloh taolo u zotning darslari ila ko‘pchilik odamlarga manfaat yetkazdi, uning qo‘l ostida ko‘plab fozil insonlar yetishib chiqib hadisdan dars berish va ilmni yoyish bilan shug‘ullandi[2]. Anvarshoh Kashmiriy «Sahihi Buxoriy»ga «Fayzul Boriy» degan sharh yozib mashhur bo‘lib ketgan vaqtlarida dunyoning eng mashhur ulamolari (ular orasida Misr muftiysi Rashid Rizo ham bor edi) 300 nafar arab olimlari bilan Dehlidagi Shoh Jahon masjidiga Anvarshoh Kashmiriyni ziyorat qilgani kelgan ekanlar. 300 nafar olim bilan so‘rashib chiqqanlaridan so‘ng hazrat devorga suyanib, yig‘lagan ekanlar. Shunda Rashid Rizo yig‘i sababini so‘raganda, u zot:
— Bir paytlar men shu yerda gadoylik qilardim. Bir necha marta kaltak ham yeganman. Bir paytlar menga non bermagan bu go‘shada ilm sababidan bugun dunyoning eng zabardast olimlari qo‘limni o‘pdi[3]…
Vafoti
Alloma doimiy ta’lim berish va kitob mutolaalasi bilan band bo‘lardi. Kitob o‘qish uchun berilib ketgan, undan boshqa ishda lazzat topmasdi. Bu ishlari bilan nafaqat yurtdoshlari, balki boshqa yurtlardan ilm olaman, xususan, hadis va fiqhni o‘rganaman deganlarga juda katta manfaat yetkazdilar. Hayotining oxirida u zotni muloyimlik, halimlik chulg‘ab oldi. Dars berish, mav’iza chog‘ida yig‘i tutardi. O‘zi ham yig‘lar, boshqalarni ham yig‘latardi. Anvarshoh Kashmiriy 1933 (hijriy 1352) yili 28 may (safar oyidan bir kun o‘tgach) vafot etdi. Janoza namoziga juda ham ko‘p olimu fuzalolar, tolibi ilmlar va muhiblaru do‘stlari qatnashdi. Alloma uyi yaqinidagi hayit namozlari o‘qiladigan namozgoh yonida dafn etildi.
Alloma o‘zidan uchta farzand qoldirdi: Muhammad Azharshoh, Muhammad Akbarshoh, Muhammad Anzarshoh. Bularning barchasi fazilatlar egasi, ilmu ma’rifat sohibi bo‘lishgan. Anvarshoh vafot etgan vaqtda uning otasi tirik bo‘lib, uning yoshi 120 dan oshgan edi. Alloh taolo barchalarini o‘z rahmatiga olsin.
TII 4 kurs talabasi
Nizomiddinov Hoshimjon
O‘MI Matbuot xizmati
رَبَّنَا لَا تُزِغْ قُلُوبَنَا بَعْدَ إِذْ هَدَيْتَنَا وَهَبْ لَنَا مِن لَّدُنكَ رَحْمَةً إِنَّكَ أَنتَ الْوَهَّابُ
“Robbanaa laa tuzig‘ qulubanaa ba’da iz' ha-daytanaa vahab lanaa milladunka rohmatan innaka antal vahhaab”.
“Yo Rabbimiz, bizni hidoyat yo‘liga solganingdan keyin dillarimizni (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘dirma va bizga huzuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen Vahhob (barcha ne’matlarni tekin ato etuvchi) dirsan” (Oli Imron surasi, 8-oyat).
Bu duoda inson hidoyat topganidan keyin ham kufrga og‘ib ketishi mumkinligidan ogohlantirilgan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ko‘p duo qilar edilar: “Ey qalblarni ag‘daruvchi Zot! Qalbimni O‘z diningda sobit qilib qo‘y!" va yana: “Ey qalblarni yurituvchi Zot! Qalbimizni O‘z itoating sari yo‘naltir!”.
Taqvodor mo‘minlar Allohning rahmatini “hadya” sifatida so‘raydi: “Rahmat faqat Sening inoyating, biz bunga haqli emasmiz”.
Ya’ni, qalbda iymon va ma’rifat nurini yoqadigan, oxiratda jannatga yetaklaydigan rahmatingdan benasib qoldirma!.
Barcha yaxshiliklarning haqiqiy manbai ham, ixlos beruvchi Zot ham Sensan.
Bandaning qalbi to‘g‘rilikda sobit qolishi, Allohning rahmatini so‘rashi va Uning hidoyati da bardavom bo‘lishi juda ahamiyatlidir. Bu duo mo‘minning Allohga bo‘lgan muhtojligi, muhab bati va umidini aks ettiradi. Duo bilan yashash esa qalbni pok, iymonni mustahkam qiladi.
Qur’oniy duolar qisqa, lekin ma’nolari juda keng qamrovlidir.
Ilyosxon AHMЕDOV
tayyorladi