Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Aprel, 2025   |   1 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:55
Quyosh
05:23
Peshin
12:25
Asr
17:15
Shom
19:21
Xufton
20:44
Bismillah
29 Aprel, 2025, 1 Zulqa`da, 1446

7 savolga 7 javob: Qabr va qabriston ziyorati

30.01.2018   14372   7 min.
7 savolga 7 javob: Qabr va qabriston ziyorati

1-savol: “Barzax” hayoti nima? 

Javob: “Barzax” so‘zi lug‘atda ikki narsaning orasi deganidir. Shariat istilohida esa inson vafot etganidan so‘ng to qiyomatgacha bo‘lgan vaqtini “barzax” hayoti deyiladi. 

Inson qabrga qo‘yilganidan so‘ng ikki farishta – Munkar va Nakir Alloh va Uning rasuli, dini haqida so‘rashi, shundan keyin qabrda rohat yoki azobning bo‘lishi haqdir (“Fiqhul Akbar”). 

2-savol: Ba’zilar qabr atrofida aylanib, marhumdan madad so‘raydi. Qabrni ziyorat qilish odobi qanday? 

Javob: Qabrlarni ziyorat qilish joizdir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Qabrlarni ziyorat qilishdan sizlarni qaytargan edim. Endi qabrlarni ziyorat qilaveringlar! Chunki u oxiratni eslatadi”, deganlar. Bu sahih hadisdir. Qabr ziyorati o‘yin­kulgi uchun, odamlarga qo‘shilib borib, ko‘rib kelish, tomosha qilish uchun bo‘lmasligi kerak. Inson qabrlarda yotganlardan ibrat olishi, o‘zining ham u yerga kelishini o‘ylashi, oxiratining obod bo‘lishini, qabrdagi so‘roq­savollarni, unga berilishi kerak bo‘lgan javoblarni o‘ylashi, o‘zidan keyinda qolganlar uni nima deb, qanday odam deb eslashlarini tasavvur qilishi darkor. Qabristonga kelganda dunyoda parhezgar bo‘lishini, haloldan rizqlanishini, qilgan gunohlariga, yomonliklariga pushaymon bo‘lib, tavba va istig‘forlar qilishi lozim. 

Qabrlarning ziyoratiga borganda tahoratli bo‘lish mustahabdir. Aslida mo‘min-musulmon hamma vaqt tahoratli yurishi afzal. 

Qabristonga kirib kelganda, umumiy qilib qabristonda yotgan musulmonlarga salom beriladi. Ziyorat qilmoqchi bo‘lgan qabri oldiga kelganda, uning qibla tarafiga o‘tib, orqani qiblaga, yuzni esa qabr tomonga qaratib, Qabr ahliga salom beriladi. Bu Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan qolgan mo‘tabar odatdir. Jumladan, u zoti sharif qabristonga chiqqanlarida: “Assalomu alaykum, mo‘min va muslimlar diyorining ahllari! Biz Alloh xohlasa, sizlarga qo‘shilamiz. Allohdan o‘zimizga va sizlarga ofiyat so‘raymiz”, deganlar. Keyin Qur’ondan bilgan sura yoki oyatlarini o‘qib, qabriston ahliga, o‘zi ziyorat qilayotgan qabrdagi kimsa ruhoniyatiga savobini bag‘ishlaydi. 

Imom Bayhaqiy va Daylamiylar Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilishlaricha, Janobi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qabrda yotgan mayyit bamisoli suvda g‘arq bo‘lib ketayotgan va yordam so‘rayotgan kishiga o‘xshaydi, u o‘z otasi, onasi, farzandi, do‘stidan yordam so‘raydi. Agar ulardan duo yetsa, unga butun dunyo boyligidan ulug‘roq hadya yetgan bo‘ladi. Tiriklar duosi sababli qabr ahllariga tog‘lardek katta savoblar yetadi. Tiriklarning mayyitlarga qiladigan hadyasi ular haqqiga istig‘for aytishdir”, deganlar. 

Qabr ahli tirikliklarida qanday ehtiromga sazovor bo‘lgan bo‘lsalar, o‘lganlaridan so‘ng ham ehtirom etilishga loyiqdirlar. Avliyolar qabrlari oldida ehtirom bilan yurish, odob bilan gaplashish lozim. Oysha onamiz (roziyallohu anho) aytadilar: “Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) hujramga dafn qilinganlaridan so‘ng birovi xo‘jayinim, birlari otam deb, uyda paytimda tez-tez kirib ziyorat qilib chiqaverar edim. Ammo hazrat Umar (roziyallohu anhu) ularning yonlariga dafn qilinganidan so‘ng kam kiradigan, kirsamda, hijobim va pardam bilan kiradigan bo‘ldim”. 

O‘liklar yordam berishga qodir emas. Ulardan madad va hojatlarini ravo etishni so‘rash shirkdir. 

Ziyorat vaqtida qabrlarni o‘pish, ularni quchoqlash, yuzga surtish kabi amallar makruhi tahrimiy, ya’ni haromga yaqin makruh amal hisoblanadi. Qabr atrofini aylanish esa mutlaqo harom. Qabrlar oldida chiroq yoki shamlar yoqish, ularning yonida qo‘ylar so‘yish, har xil lattalar bog‘lash ham shar’an harom ishlardir. Buni halol sanash insonni kufrga olib boradi. 

3-savol: Ba’zi janoza namozlarida ishtirok etib, qabristonda qabrlarni bosib yurgan kishilarni ko‘ramiz. Ushbu narsa Islom dinida joizmi? 

Javob: Bu narsa Islom shariatida joiz emas. Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday deb marhamat qilganlar: “Sizlarning birortangiz qabr ustiga o‘tirganingizdan ko‘ra bir cho‘g‘ning ustiga o‘tirib, kiyimingizni kuydirganingiz va o‘sha kiyim kuyib teringizga yopishib qolgani yaxshiroqdir” (Imom Muslim rivoyati). 

Shunday ekan, qabrlarning ustiga o‘tirish gunoh hisoblanadi. Iloji boricha bunday ishlardan ehtiyot bo‘lmoq lozim. 

4-savol: Qabr ustiga qo‘yilgan tosh yoki marmar qabrda yotgan mayyitga azob berarmish, shu rostmi? 

Javob: Qabr ustiga tosh yoki marmarga o‘xshash boshqa narsalar qo‘yishni agar marhum vasiyat qilgan bo‘lsa, unga shu noshar’iy vasiyati tufayli ma’lum darajada azob berilishi kitoblarda yozilgan. 

5-savol: Bizning vodiy tomonlarda bir odat bor, odamlar qabriston ziyoratiga borganda, qabr usti va atroflariga don sepadilar, boshqa birovlar esa, olib borgan doniga duo ham o‘qishadi. Bu narsa shariatimizda bormi? 

Javob: Yo‘q. U kabi ishlar johiliyat odatlaridandir. Qadimda johiliyat zamonlarida odamlar qabrlar yoniga don-dun qo‘yib ketishlari tarixdan ma’lum. 

Qabr usti va atrofiga don sochish donni isrof qilishdir. Isrof nafaqat bizning dinimizda, balki barcha dinlarda man qilingan. 

6-savol: Qabrlarni ochish mumkinmi? 

Javob: Dinimizda qabrlarni ochish, marhumning suyaklariga shikast yetkazish man etilgan (“Fatovoyi Hindiya”). Shuning uchun zarurat bo‘lmasa, qabr ochilmaydi. 

7-savol: Yurtimizning juda ko‘p joylarida, ayniqsa, yo‘l chekkalarida ramziy “qabr” sifatida o‘rab qo‘yilgan joylarga duch kelamiz. To‘g‘ri, bu o‘sha joyda halokat sodir bo‘lgani va oqibatda insonlar halok bo‘lganini anglatishi shubhasiz. Lekin bu yerni turli xil panjara yoki belgilar qo‘yib o‘rash to‘g‘rimi? 

Javob: Kishi vafot etganidan keyin uning qabri adashtirilmasligi uchun unga biron belgi qo‘yish mumkin. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ham yaqin kishilaridan biri vafot etganida qabriga bir toshni belgi sifatida qo‘yganlar. 

Yo‘l chetlarini ramziy qabr sifatida emas, balki haqiqatan ham o‘sha joyda marhum yotgani bois o‘rab qo‘yiladi. Azaldan yurtimizda Islom diniga e’tiqod qilib kelingani bois marhumlarga hurmat saqlangan va vafot etgan kishining qabrini belgi qilib, o‘rab qo‘yishgan. Yo‘lovchilar qabrni bosib o‘tmasligi, ustida tahorat ushatmasligi, uxlab qolmasligi va o‘sha yerdan haydab o‘tiladigan poda qabrni bosib, oyoqosti qilmasligi, tezaklarini tashlab ketmasligini ko‘zlab shunday qilinadi. 

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarning birortangiz qabr ustiga o‘tirganingizdan ko‘ra bir cho‘g‘ning ustiga o‘tirib, kiyimingizni kuydirganingiz va o‘sha kiyim kuyib, teringizga yopishib qolgani yaxshiroqdir, dedilar” (Imom Muslim rivoyati). 

Shunday ekan, qabrlar ustiga o‘tirish gunoh hisoblanadi va mana shu kabi gunohlardan saqlanish uchun qabr ustiga belgi o‘rnatilgan yoxud o‘rab qo‘yilgan.

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Indoneziya din ishlari vaziri: Samarqand shahri Makka va Madinaga olib boruvchi asosiy darvoza

29.04.2025   1072   3 min.
Indoneziya din ishlari vaziri: Samarqand shahri Makka va Madinaga olib boruvchi asosiy darvoza

Indoneziya poytaxtida O‘zbekiston turizm salohiyatining taqdimoti o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri. 
 

Tadbirda Indoneziya sayyohlik kompaniyalari rahbarlari, Turizm va Din ishlari vazirliklari mas’ul xodimlari hamda matbuot vakillari ishtirok etdi.

 

"Qanot Sharq" aviakompaniyasi rahbariyati joriy yilning kuzgi mavsumidan boshlab Jakarta-Samarqand-Jidda yo‘nalishida havo qatnovlari yo‘lga qo‘yilishini e’lon qildi. Samarqand shahri va "Umra+" dasturi doirasida indoneziyalik sayyohlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqidagi videofilm namoyish etildi.   

 

Anjumanda so‘zga chiqqan Indoneziya din ishlari vaziri Nasiruddin Umar O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi, ushbu zamindan yetishib chiqqan buyuk zotlar, mutafakkir va ulamolar to‘g‘risida so‘zlab berdi.

 

–O‘zbekiston – muqaddas zamin. Samarqand shahri esa Makka va Madinaga olib boruvchi asosiy darvoza, – dedi vazir Nasiruddin Umar. – Movarounnahr ulamolari Indoneziya orollarida islom dini ta’limotini qaror toptirishda alohida o‘rin tutadi. Islom olamining buyuk dahosi, Qur’ondan keyingi o‘rinda turuvchi "Al Jomiy as-Sahihi" kitobining muallifi Imom Buxoriy O‘zbekiston zaminida tavallud topgan. O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan taniqli muhaddisning qabri joylashgan Samarqand yonidagi Xartang qishlog‘ida ulug‘vor yodgorlik majmuasi barpo etilmoqda. Ziyoratgoh dunyo musulmonlari uchun eng ahamiyatli tuhfa bo‘lishi muqarrar. Shubhasiz, ushbu voqea nafaqat Yangi O‘zbekiston tarixida balki islom dini rivojlanishi tarixida ham munosib o‘rin egallaydi.

 

Imom Buxoriy indoneziyaliklar uchun nihoyatda qadrli shaxs. Uning maqbarasini ziyorat qilish har bir musulmonning orzusi. Mamlakatimiz birinchi Prezidenti Sukarno ham bundan 70 yil muqaddam ya’ni 1956 yilda muhaddisning qabrini ziyorat qilgan.

 

Har yili 1 million 200 mingdan ortiq vatandoshimiz Umra amallarini ado etish uchun Saudiya Arabistoniga yo‘l oladi. Ziyoratchilarimiz aksariyat hollarda Istambul, Qohira, Doha, Ammon shaharlarida to‘xtab o‘tishadi. Samarqand shahri o‘zining boy tarixi, yuksak madaniyati, islomiy obidalari, tamaddun maskanlari, o‘zbeklarga xos mehmondo‘stlik qadriyatlari, aholisining indoneziyaliklarga bo‘lgan iliq munosabati nuqtayi nazaridan qayd etilgan shaharlardan ko‘p marotaba afzaldir.  

 

Indoneziya tomoni, shuningdek, "Umra+Samarqand" dasturini ommalashtirishda har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirib, bugungi nutqi o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarida joylashtirilishi va keng jamoatchilikka yetkazilishini urg‘uladi.

 

Shuningdek, targ‘ibot va tashviqot qilish orqali "Umra+Samarqand" turpaketini ommalashtirish va Indoneziyadan O‘zbekistonga turistlar sonini keskin oshirish imkoniyati mavjud ekanligini ta’kidlandi.

 

Tadbir doirasida "Qanot Sharq" aviakompaniyasi vakillari va Indoneziyaning "ASITA" turizm agentliklari tashkiloti raisi Rusmiati Nunung o‘rtasida Jakarta - Samarqand - Jidda yo‘nalishida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va indoneziyalik turistlarga xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida hamkorlik memorandumi imzolandi.  

 

O'zbekiston yangiliklari