Alloh taolo hamma narsaning qadarini belgilab qo‘ygan bo‘lsa, kasbning nima keragi bor, deydiganlar ham mavjud. Alloh taologa tavakkul qiladigan bo‘lsak, hech narsa qilmay yotaversak bo‘laveradi-da, deydiganlar ham bor.
Ulamolarimiz kasbni ta’riflab: “Maqsadni hosil qilish uchun sa’y-harakat qilish va sabab bo‘ladigan narsalarni ishga solishdir”, deydilar.
Shuningdek, tavakkul ta’rifida “Tavakkul dunyo va oxirat ishlarida foydani jalb hamda zararni daf etishda qalbning Alloh taologa sidqidildan e’tiqod qilishidir”, deydilar.
Ahli sunna val jamoa mazhabi bo‘yicha, tavakkul qalbga va kasb a’zolariga bog‘liq ish. Sabablarni ishga solmaguncha, tavakkul hosil bo‘lmaydi.
Allohga tavakkul qilish – ulug‘ sifat. Ammo, tavakkal, Alloh iroda qilganidek, to‘g‘ri holda bo‘lishi kerak. Ba’zi kishilar tavakkalni noto‘g‘ri tasavvur etishadi. O‘ylamay, chora-tadbir ko‘rmay, sabablarini axtarmay, ko‘r-ko‘rona harakatni tavakkal deb tushunuvchilar ko‘p. Bu mutlaqo noto‘g‘ri tushunchadir.
Biror narsada Allohdan boshqaga suyanish tavhidga zarar yetkazadi, shirkka olib keladi. Shuning uchun ham, barcha narsada faqat Allohga tavakkal qilish, suyanish imondan keyingi eng muhim sifat hisoblanadi.
Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Agar sizlar Allohga haqiqiy tavakkal qilganingizda och ketib, to‘q qaytadigan qushdek rizqlangan bo‘lur edingiz”, dedilar” (Termiziy, Ahmad, Hokim rivoyati).
Ba’zi kishilar qushga rizq bergan Xudo bizga ham rizq beradi, O‘ziga tavakkal qilib turaversak bo‘ldi, degan fikrga boradilar. Aslida, hadisi sharif bu ma’noning ziddiga kelgan. Bu hadisi sharifda agar bandalar Alloh taologa haqiqiy tavakkal qilsalar, suyansalar, xuddi hech qanday jamg‘armaga ega bo‘lmagan qushlarga kerak bo‘lgan paytda kerakli rizqni bergani kabi, ularga ham rizq berishi turgan gap ekanligi haqida so‘z bormoqda.
O‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, ertalab uyg‘ongan har qanday qush qorni ochib, ichiga qapishgan holda bo‘ladi. Shu bilan birga, uning hech qanday jamg‘armasi ham, ko‘zga olib qo‘ygan rizq manbai ham bo‘lmaydi. Ammo u rizq topish maqsadida uyasidan chiqadi. Ma’lum vaqt o‘tgandan keyin qarasangiz, qorni qappayib qaytib kelayotgan bo‘ladi. Dunyodagi barcha hayvonotning holi shu. Agar bandalar Alloh taologa haqiqiy tavakkal qilsalar, U zot ularga ham g‘aybdan rizq berishi turgan gap. Faqat, qush uyasidan chiqib o‘z rizqini topishga harakat qilganidek, bandalar ham kerakli harakatni qilmoqlari shart.
Kim Alloh buyurganini qilib, qaytarganidan qaytsa, bu dunyo va u dunyoning qiyinchiliklaridan chiqadigan yo‘lni Allohning O‘zi ko‘rsatib qo‘yadi (Taloq, 2–3). Taqvodor shaxsning mushkulini doimo Allohning O‘zi yengil qilib turadi. Shu bilan birga, unga o‘zi o‘ylab xayoliga kelmagan tomondan rizqu ro‘z yetkazib beradi. Odatda, kishilar rizqu ro‘zim serob bo‘lsin, degan maqsadda taqvodan voz kechishadi. Bu esa, aksincha natijaga olib keladi.
Ushbu oyati karimaning ma’nosidan kelib chiqadigan qoidaga binoan, taqvodorlik qiyinchiliklarning osonlashishi va rizqning o‘ylamagan tarafdan kelishiga sabab bo‘ladi.
Odam ishlab topib, o‘zi manfaat olmagan narsalar uning rizqi bo‘lmaydi. Misol uchun, odam o‘lganidan keyin merosxo‘rlariga qolgan narsalar uning rizqi emas, o‘sha narsalardan manfaat oladigan merosxo‘rlarning rizqidir.
Ahli sunna va jamoa mazhabi rizqni pok va nopokka taqsim qilgan bo‘lsa ham, Alloh taolo faqatgina halol, pok rizqnigina qabul qilishini ta’kidlaydi. Ajru savob ham shunga bog‘liq. Alloh taolo harom, nopok rizqni qabul qilmaydi. Balki, uning sababidan jazolaydi, azob beradi.
Mo‘min kishi rizq Alloh taolodan ekanligiga imon keltirganidan keyin ochko‘z bo‘lmaydi va haromga qo‘l urmaydi.
U halol, pok yo‘l bilan rizqini terib yeyishni yo‘lga qo‘yib, qanoat bilan saodatli turmush kechiradi.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bilasizmi? Silikat moddasiga boy bo‘lgan tuproqqa dafn qilingan insonning skeleti vaqt o‘tishi bilan tosh va xarsangga aylanadi.
Agar u pirit (temir sulfidi) moddasiga boy mintaqaga dafn qilinsa, unday jasad temir haykalga aylanib qolishi mumkin!
Bu ilmiy haqiqat yaqinda aniqlangan bo‘lsa-da, Qur’onda bu haqida 1445 yil oldin hayratlanarli tarzda juda aniqlik bilan bayon etilgan. Qur’onda bunday deyilgan:
وَقَالُوا أَإِذَا كُنَّا عِظَامًا وَرُفَاتًا أَإِنَّا لَمَبْعُوثُونَ خَلْقًا جَدِيدًا
"Ular: “Biz suyaklarga va chang- tuproqlarga aylanib ketganimizdan keyin ham, yangitdan tiriltirilamizmi?” dedilar. “Sen ularga, toshga yoki temirga aylaninglar”, deb ayt"
(Isro surasi, 50-oyat).
Bu oyat yaqin yillarda kashf etilgan — suyaklari toshga aylangan yoki temir haykalga aylangan qazilmalarga ochiq va ravshan ishora qilmoqda. Go‘yoki Qur’onda xabar berilgan ushbu dalillar olimlar kashf qilishlarini uzoq asrlardan beri kutib yotgandek.
Shunday ekan, aqlli inson bunday ochiq-oydin va ravshan mo‘jizani qanday inkor qila oladi? Qur’onning bu mo‘jizasi kunduzdagi quyoshdek ravshan emasmi?
Homidjon domla ISHMATBЕKOV