Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Kasb va tavakkul

30.01.2018   4975   4 min.
Kasb va tavakkul

Alloh taolo hamma narsaning qadarini belgilab qo‘ygan bo‘lsa, kasbning nima keragi bor, deydiganlar ham mavjud. Alloh taologa tavakkul qiladigan bo‘lsak, hech narsa qilmay yotaversak bo‘laveradi-da, deydiganlar ham bor.

Ulamolarimiz kasbni ta’riflab: “Maqsadni hosil qilish uchun sa’y-harakat qilish va sabab bo‘ladigan narsalarni ishga solishdir”, deydilar.

Shuningdek, tavakkul ta’rifida “Tavakkul dunyo va oxirat ishlarida foydani jalb hamda zararni daf etishda qalbning Alloh taologa sidqidildan e’tiqod qilishidir”, deydilar.

Ahli sunna val jamoa mazhabi bo‘yicha, tavakkul qalbga va kasb a’zolariga bog‘liq ish. Sabablarni ishga solmaguncha, tavakkul hosil bo‘lmaydi.

Allohga tavakkul qilish – ulug‘ sifat. Ammo, tavakkal, Alloh iroda qilganidek, to‘g‘ri holda bo‘lishi kerak. Ba’zi kishilar tavakkalni noto‘g‘ri tasavvur etishadi. O‘ylamay, chora-tadbir ko‘rmay, sabablarini axtarmay, ko‘r-ko‘rona harakatni tavakkal deb tushunuvchilar ko‘p. Bu mutlaqo noto‘g‘ri tushunchadir.

Biror narsada Allohdan boshqaga suyanish tavhidga zarar yetkazadi, shirkka olib keladi. Shuning uchun ham, barcha narsada faqat Allohga tavakkal qilish, suyanish imondan keyingi eng muhim sifat hisoblanadi.

Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. “Nabiy sollallohu alayhi vasallam“Agar sizlar Allohga haqiqiy tavakkal qilganingizda och ketib, to‘q qaytadigan qushdek rizqlangan bo‘lur edingiz”, dedilar” (Termiziy, Ahmad, Hokim rivoyati).

Ba’zi kishilar qushga rizq bergan Xudo bizga ham rizq beradi, O‘ziga tavakkal qilib turaversak bo‘ldi, degan fikrga boradilar. Aslida, hadisi sharif bu ma’noning ziddiga kelgan. Bu hadisi sharifda agar bandalar Alloh taologa haqiqiy tavakkal qilsalar, suyansalar, xuddi hech qanday jamg‘armaga ega bo‘lmagan qushlarga kerak bo‘lgan paytda kerakli rizqni bergani kabi, ularga ham rizq berishi turgan gap ekanligi haqida so‘z bormoqda.

O‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, ertalab uyg‘ongan har qanday qush qorni ochib, ichiga qapishgan holda bo‘ladi. Shu bilan birga, uning hech qanday jamg‘armasi ham, ko‘zga olib qo‘ygan rizq manbai ham bo‘lmaydi. Ammo u rizq topish maqsadida uyasidan chiqadi. Ma’lum vaqt o‘tgandan keyin qarasangiz, qorni qappayib qaytib kelayotgan bo‘ladi. Dunyodagi barcha hayvonotning holi shu. Agar bandalar Alloh taologa haqiqiy tavakkal qilsalar, U zot ularga ham g‘aybdan rizq berishi turgan gap. Faqat, qush uyasidan chiqib o‘z rizqini topishga harakat qilganidek, bandalar ham kerakli harakatni qilmoqlari shart.

Kim Alloh buyurganini qilib, qaytarganidan qaytsa, bu dunyo va u dunyoning qiyinchiliklaridan chiqadigan yo‘lni Allohning O‘zi ko‘rsatib qo‘yadi (Taloq, 2–3). Taqvodor shaxsning mushkulini doimo Allohning O‘zi yengil qilib turadi. Shu bilan birga, unga o‘zi o‘ylab xayoliga kelmagan tomondan rizqu ro‘z yetkazib beradi. Odatda, kishilar rizqu ro‘zim serob bo‘lsin, degan maqsadda taqvodan voz kechishadi. Bu esa, aksincha natijaga olib keladi.

Ushbu oyati karimaning ma’nosidan kelib chiqadigan qoidaga binoan, taqvodorlik qiyinchiliklarning osonlashishi va rizqning o‘ylamagan tarafdan kelishiga sabab bo‘ladi.

Odam ishlab topib, o‘zi manfaat olmagan narsalar uning rizqi bo‘lmaydi. Misol uchun, odam o‘lganidan keyin merosxo‘rlariga qolgan narsalar uning rizqi emas, o‘sha narsalardan manfaat oladigan merosxo‘rlarning rizqidir.

Ahli sunna va jamoa mazhabi rizqni pok va nopokka taqsim qilgan bo‘lsa ham, Alloh taolo faqatgina halol, pok rizqnigina qabul qilishini ta’kidlaydi. Ajru savob ham shunga bog‘liq. Alloh taolo harom, nopok rizqni qabul qilmaydi. Balki, uning sababidan jazolaydi, azob beradi.

Mo‘min kishi rizq Alloh taolodan ekanligiga imon keltirganidan keyin ochko‘z bo‘lmaydi va haromga qo‘l urmaydi.

U halol, pok yo‘l bilan rizqini terib yeyishni yo‘lga qo‘yib, qanoat bilan saodatli turmush kechiradi.

 

O‘MI Matbuot  xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qilmishlari sababli musibatlar yetar

10.01.2025   781   1 min.
Qilmishlari sababli musibatlar yetar

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Alloh taolo aytadi: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar. Albatta, Alloh va’daga xilof qilmas» (Ra’d surasi, 31 - oyat).

Sharh: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar...».

Ya’ni, Allohning va’dasi  - qiyomat kelguncha ularning es-hushini joyiga keltiruvchi musibatlar boshlariga tushib turadi. Bu musibatlar ularning qilgan ishlari tufayli tushadi.

«...yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar».

Yoki o‘sha mazkur es-hushni joyiga keltiruvchi musibatlar dunyoning boshqa joylariga tushadi. O‘sha kofir va osiy bandalar yashayotgan diyorlarga yaqin joylarga tushadi. Toki ular o‘sha musibatlarni ko‘rib, va’z-nasihat olib, o‘zlariga kelsinlar va iymon keltirsinlar. 

«Tafsiri Hilol» kitobidan

Maqolalar