Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qiladilarki:
“Mo‘min barcha insonlarning ishonchli kishisidir”.
“Mo‘min mo‘minning ko‘zgusidir. Va mo‘min mo‘minni orqasidan ham himoya qiladigan va uni qo‘llab quvvatlaydigan birodaridir”.
“Mo‘minlar bir-biriga yopishgan imorat kabidir”.
“Mo‘min kishi do‘st bo‘ladi va do‘st tutiladi. Do‘stlasha olmaydigan va do‘st tutilmaydigan kishida xayr-yaxshilik yo‘qdir. Insonlarning xayrlisi insonlarga foydasi tegadiganidir”.
“Mo‘min kishi g‘ayratli-rashkli bo‘ladi. Alloh taolo esa eng g‘ayratli- rashklidir”.
“Mo‘min kishi juda zakovatli, qobiliyatli, ziyrak va hushyordir”.
“Mo‘min gunohiga tavba qilguvchidir”.
“Mo‘min banda ikki xavf o‘rtasidadir. Birinchisi: o‘tgan gunohlaridan qo‘rqadiki, ularni Alloh nima qilganini bilmaydi. Ikkinchisi: umrining qolgan qismida boshiga nima halokatlar kelishini bilmaydi”.
“Mo‘minning yelkasi yumshoq bo‘ladi, birodariga kenglik qiladi, munofiq esa to‘ngdir, birodariga tanglik qiladi. Mo‘min avval salom beradi, munofiq esa menga salom bersin deb turaveradi”.
“Haqiqiy mo‘min birovga og‘irligi tushmaydigan kishidir”.
“Insonlar mollari va jonlarini ishonib topshiradigan kishi haqiqiy mo‘mindir”.
“Insonlarga aralashib yuradigan va ularning aziyatlariga sabr qiladigan mo‘min kishi, odamlarga aralashmaydigan va ularning aziyatlariga sabr qilmaydigan mo‘min kishidan afzalroqdir”.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Muhtaram Prezidentimizning muborak Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risidagi Qarorlariga binoan bu yilgi qutlug‘ oy "Ramazon - saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi" shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Zero, bag‘rikenglik – turli millat va din vakillarining bir zaminda o‘zaro inoq va homkor bo‘lib yashashlarini anglatuvchi tushunchadir. Yurtimizda 16 diniy konfessiya, 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir osmon ostida, bir zaminda, bir havodan nafas olib, hamjihat bo‘lib, bir maqsad sari harakat qilishi bag‘rikenglik, totuvlik, hamkorlik, tolerantlik kabi tushunchalarning yurtimizdagi ifodasidar.
Dini, millati, irqi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar dunyodagi insonlarning huquqlari va erkinliklari tengdir. Islom dini ta’limotidan kelib chiqib ajdodlar shunday yo‘l tutganlar va bizlarga ham shunday o‘rgatganlar.
Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda: “Ey insonlar, darhaqiqat Biz sizlarni bir erkak va bir ayoldan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishinglar uchun sizlarni turli-tuman xalqlar va qabila-elatlar qilib qo‘ydik” deya marhamat qilgan.
Muborak oyning ulug‘ kunlarida muhtaram Yurtboshimiz qarorlari amalda ekanligi isboti o‘laroq bugun, Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farxod aka Kushakov, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonovlar Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi jismoniy imkoniyati cheklangan, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand, kam ta’minlangan turli diniy konfessiya vakillari holidan xabar olishib, ular muborak Ramazon oyi bilan qutlashdi va “Vaqf” xayriya jamoat fondi vakillari bilan hamkorlikda ularga oziq-ovqat mahsulotlari tarqarishib, siniq ko‘ngillarga xursandchilik ulashishdi.
Bu kabi saxovat tadbirlari muborak Ramazon oyi oxiriga qadar davom etadi.
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati