Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyul, 2026   |   21 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:12
Quyosh
04:56
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:43
Bismillah
06 Iyul, 2026, 21 Muharram, 1448

02.02.2018 y. Tadbirkor – farovonlikka madadkor

29.01.2018   6949   10 min.
02.02.2018 y. Tadbirkor – farovonlikka madadkor

 بسم الله الرحمن الرحيم

TADBIRKOR – FAROVONLIKKA MADADKOR

(“Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab- quvvatlash yili”)

 

Muhtaram jamoat! Dinimizda halol kasbga targ‘ib qilingan bo‘lib, tanballik, dangasalik, ishyoqmaslik kabi jamiyatga zarar keltiruvchi illatlardan qaytarilganmiz. Hatto halol rizq yo‘lida qilinadigan sa’yu harakatlar uchun ulkan savoblar va’da qilingan.

Payg‘ambarimiz s.a.v.dan vorid bo‘lgan hadislarning birida:

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مَسْعُودٍ رضي الله عنه قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللهِ  صلى الله عليه وسلم : "طَلَبُ كَسْبِ الْحَلاَلِ فَرِيْضَةٌ بَعْدَ الْفَرِيْضَةِ "

 (رواه الإمام البيهقي في "شُعَب الإيمان").

ya’ni: Abdulloh ibn Mas’ud r.a.dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (s.a.v.) aytadilar: “Halol kasb qilish farzdan keyingi farzdir” (Imom Bayhaqiy bu hadisni “Shu’abul-imon” kitobida keltirganlar). Imom Muhammad ash-Shayboniy ilm talab qilish qanday farz bo‘lsa, halol kasb talab qilish ham xuddi shunday farzdir, deganlar.

Kishi birovga muhtoj bo‘lmaslik uchun mehnat qilar ekan, ham o‘zining insonlik sharafini himoya qiladi, ham Yaratganning amriga bosh egadi. Zero, mo‘minga Allohning amri, Rasulining s.a.v. ko‘rsatgan yo‘llari halol mehnat qilmoqlikdir. Rasul akram s.a.v. shunday marhamat qilganlar:

عَنِ الْمِقْدَامِ رَضِي اللَّه عَنْه عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "مَا أَكَلَ أَحَدٌ طَعَامًا قَطُّ خَيْرًا مِنْ أَنْ يَأْكُلَ مِنْ عَمَلِ يَدِهِ"  

(رواه الإمام ابن ماجه).

ya’ni: Miqdom r.a.dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh s.a.v. aytadilar:  “Kishi o‘z qo‘l mehnati bilan topganidan ko‘ra yaxshiroq va pokizaroq taom yemaydi” (Imom Ibn Moja rivoyati). Payg‘ambarimiz s.a.v. bir kishining misolini keltirib aytdilar:

قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "الرَّجُلَ يُطِيلُ السَّفَرَ أَشْعَثَ أَغْبَرَ يَمُدُّ يَدَيْهِ إِلَى السَّماءِ يا رَبِّ يا رَبِّ وَمَطْعَمُهُ حَرَامٌ وَمَشْرَبُهُ حَرَامٌ وَمَلْبَسُهُ حَرَامٌ وَغُذِيَ بِالْحَرَامِ فَأَنَّى يُسْتَجَابُ لَهُ؟" (رواه الإمام مسلم).

ya’ni:  Rasululloh s.a.v. aytadilar: Uzoq haj safariga chiqib, soch-soqoli to‘zib, changga botgan holda ikki qo‘lini osmonga ko‘tarib, “Ey Rabbim, ey Rabbim”, deydi, duo qiladi, vaholanki yegani ham harom, ichgani ham harom, kiygani ham harom, haromdan oziqlangan… Qayerdan ham duosi ijobat bo‘lsin?!” (Imom Muslim rivoyati).

Muhtaram azizlar! Ulamolar tirikchilik va kasb-kor qilish orqali mol topishni bir necha daraja va martabalarga bo‘lgan.

Birinchisi – farz daraja bo‘lib, bu kishining o‘zi va oilasining zaruriy ehtiyojlarini qondirish hamda qarzlarini uzishga yetadigan miqdorda ishlab pul topishidir.

Ikkinchisi – mustahab daraja bo‘lib, bu faqir-kambag‘allarga ham yordam qo‘lini cho‘zish, do‘st-yor va yaqinlariga muruvvat ko‘rsatish maqsadida mol-dunyo orttirishga harakat qilishdir. Nabiyyimiz s.a.v. aytadilar:

عَن ابْنِ عُمَر رضي الله عنهما قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّم: "أَحَبُّ النَّاسِ إِلَى اللَّهِ أَنْفَعُهُمْ  لِلنَّاس".

ya’ni: “Odamlarning ichida Allohga eng mahbubi odamlarga ko‘proq manfaati yetadiganidir.

Uchinchisi – muboh darajadagi kasbu kor. Bu farovon hayot kechirish uchun ziyoda mol orttirmoq. Bu ham agar haloldan bo‘lsa joizdir. Rasululloh s.a.v. marhamat qildilar:

عَنْ أبِي هُرَيْرَةَ  رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ قَالَ: "مَنْ طَلَبَ الدُّنْيَا حَلالا اسْتِعْفَافًا عَنِ الْمَسْأَلَةِ  وَسَعْيًا عَلَى الْعِيَالِ وَتَعَطُّفًا عَلَى الْجَارِ  لَقِيَ اللَّهَ تَعَالَى وَجْهُهُ كَالْقَمَرِ لَيْلَةَ الْبَدْرِ"

ya’ni: “Kim odamlarning qo‘liga qaram bo‘lmaslik, oilasini boqish va qo‘ni-qo‘shnilariga muruvvat qilish  uchun halol mol-dunyo talab qilsa, yuzi to‘lin oy kechasidagi oy kabi porlagan holda Allohga yo‘liqadi”.

To‘rtinchisi – makruh daraja bo‘lib, bu manmanlik, kekkayish, kibru havo va maqtanish uchun garchi haloldan bo‘lsa ham mol-mulk topish. Nabiy s.a.v. dedilar:

" وَ مَنْ طَلَبَ الدُّنْيَا حَلالا مُفَاخِرًا مُرَائِيًا مُكَاثِرًا لَقِيَ اللَّهَ تَعَالَى وَهُوَ عَلَيْهِ غَضْبَانُ"  

ya’ni: “Kim mol-dunyoni maqtanish, ko‘z-ko‘z qilish va boshqalardan ko‘pligi bilan faxrlanish uchun talab qilsa, Alloh taologa Unga g‘azab qilgan holida yo‘liqadi”.

Erta bilan halol rizq topaman, shu orqali bolalarimni boqaman, degan ezgu va pokiza niyatlarda ishiga yo‘l olgan insonga Alloh huzurida ulug‘ ajrlar yoziladi. Shuning uchun Nabiy s.a.v. bunday deganlar:

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُا ، قَالَتْ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : " مَنْ بَاتَ كَالًّا مِنْ طَلَبِ الْحَلالِ بَاتَ مَغْفُورًا لَهُ "

(رواه الإمام ابن عساكر)

ya’ni: “Kim halol mehnat qilib, horib charchagan holda tunasa, gunohlari kechirilgan holda tunaydi” (Imom Ibn Asokir rivoyati).

Banda halol mehnat qilib, ahli-ayolimning nafaqasi zimmamdagi vojib amal, deb ixlos bilan bozorga qadam qo‘yib kirib borar ekan, Rasululloh s.a.v. ta’lim bergan quyidagi duoni o‘qishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Binobarin, bunda duo qiluvchi uchun ko‘plab foydalar bor. Umar ibn Xattob r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. bunday dedilar:

عَنْ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ  وَسَلَّمَ قَالَ: "مَنْ دَخَلَ السُّوقَ فَقَالَ لاَ إلَهَ إلاَ اللهُ وَحْدَهُ لَا شَرِيْكَ لَهُ، لَهُ الْمُلْكُ وَ لَهُ الْحَمْدُ يُحْيِيْ وَ يُمِيْتُ وَهُوَ حَيٌّ لَا يَمُوتُ بِيَدِهِ الْخَيْرُ وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيْرٌ، كَتَبَ اللهُ لَهُ أَلْفَ أَلْفِ حَسَنَةٍ وَمَحَا عَنْهُ أَلْفَ أَلْفِ سَيِّئَةٍ وَرَفَعَ لَهُ أَلْفَ أَلْفِ دَرَجَةٍ"

(رواه الإمام الترمذي).

ya’ni: “Kimki bozorga kirib, “La ilaha illallohu, vahdahu la sharika lahu,  lahul mulku va lahul hamdu, yuhyi va yumitu va huva hayyul la yamutu biyadihil xoyru va huva ala kulli shay’in qodir”, - desa Alloh unga ming-ming yaxshiliklar yozadi, ming-ming xatosini o‘chiradi, uni ming-ming darajaga ko‘taradi” (Imom Termiziy rivoyati).

 Darhaqiqat, rizqni beruvchi Alloh ekanligiga hech qanday shubha yo‘q. Rizqni qancha miqdorda berish Alloh taologa havola, bandaning vazifasi esa harakat qilish bo‘ladi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

قُلْ إِنَّ رَبِّي يَبْسُطُ الرِّزْقَ لِمَنْ يَشَاءُ مِنْ عِبَادِهِ وَيَقْدِرُ لَهُ وَمَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ شَيْءٍ فَهُوَ يُخْلِفُهُ وَهُوَ خَيْرُ الرَّازِقِينَ

 (سورة سباء/39).

ya’ni: “Ayting: “Albatta, Rabbim bandalaridan O‘zi xohlaganiga rizqni keng qilur va (O‘zi xohlaganiga rizqni) tang qilur. Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (Saba’ surasi, 39- oyat).

Biz niyatimizni to‘g‘ri qilib, Alloh taolodan so‘rab halol kasbu-hunar qilsak, bergan rizqiga shukrona qilsak, inshoalloh, turmushimiz yanada farovon bo‘ladi.

Alloh taolo tadbirkorlarimizning kasbu korlariga baraka berib, xalqimiz turmushida farovonlikni yanada ziyoda aylasin. Omin!

Muhtaram jamoat! Mav’izamizning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida namozga kech kelib qo‘shilgan kishiga (masbuqga) tegishli ba’zi amallar haqida suhbatlashamiz.

Namozga kech kelib, imomga iqtido qilgan kishi, imomni namozning qayerida topsa shu yeridan boshlab iqtido qiladi.

Agar imom tovush chiqarib (jahriy) qiroat qilayotgan bo‘lsa, “Takbiri tahrima”ni aytib, (ya’ni, “Allohu akbar” deb) sanoni (“Subhanakallohumma...”) o‘qimasdan, unga ergashadi. Imom namozni tugatganidan keyin, yetolmagan rakatlarni o‘zi o‘qib oladi.

Agar imomga maxfiy namozda iqtido qilgan bo‘lsa, kelib qo‘shilgan kishi sanoni o‘qiydi.

Jamoatga kech qolib kelib, imomni ruku’ yoki sajda holatida topgan  kishi qaraydi: agar sanoni o‘qib ham, imom bilan birga rukuni yoki sajdani qila olishiga ko‘zi yetsa, sanoni tik turgan holida o‘qiydi va imomga ergashadi. Bunga ko‘zi yetmasa, sanoni o‘qimay, ruku yoki sajdaga boradi.

To‘rt rakatli namozning to‘rtinchi rakatiga yetgan kishi imom bilan bir rakat o‘qiydi, imom salom berganidan keyin turib, bir rakatni Fotiha va zam sura bilan o‘qiydi. Ruku’ va sajda qilganidan keyin tashahhudga o‘tiradi. Tashahhuddan so‘ng turib, yana Fotiha va zam sura o‘qiydi, ruku’-sajda qiladi va to‘rtinchi rakatga turadi. To‘rtinchi rakatda faqat Fotihani o‘qiydi, ruku’-sajda qilib, tashahhudga o‘tiradi va salom berib namozni tugatadi.

Kech qolib kelgan kishi shom namozining oxirgi rakatiga yetib kelgan bo‘lsa, imom salom berganidan keyin, turib ikki rakat o‘qiydi. Bunda har bir rakatdan keyin tashahhudga o‘tiradi va har rakatida Fotiha va zam sura o‘qiydi. Natijada shom namozini uchta qa’da bilan tugatgan bo‘ladi.

(Mazkur masalalar “Fatavoyi hindiyya” kitobidan olindi).

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xalqaro forum oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi

06.07.2026   2518   2 min.
Xalqaro forum oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi

Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida yurtimizda 7-11 iyul kunlari o‘tkaziladigan “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.


Anjumanda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhamedov, ISЕSKO rahbari Salim Muhammad hamda xalqaro al-Furqon jamg‘armasi raisi Sali Shahsuvariy so‘zga chiqdi.


Matbuot anjumanida mazkur nufuzli tadbirning maqsad va vazifalari, uning xalqaro ahamiyati hamda forum doirasida rejalashtirilgan ilmiy-ma’rifiy tadbirlar haqida ma’lumot berildi.


Ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilayotgan forumda dunyoning turli mamlakatlaridan taniqli ulamolar, muftiylar, islomshunos olimlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etadi.


Ushbu forum islom dinining tinchlik, bag‘rikenglik, ilm-ma’rifat va insonparvarlikka asoslangan asl mohiyatini xalqaro jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Shu bilan birga, mazkur anjuman O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi rivojidagi tarixiy o‘rni, buyuk allomalar merosi va ma’rifiy an’analarini dunyo miqyosida yanada keng namoyon etishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.


Ma’lumot o‘rnida, shu yil 7–8 iyul kunlari Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida konferensiyalar bo‘lib o‘tadi. 9–10 iyul kunlari esa Samarqand va Termiz shaharlarida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziyning ilmiy-madaniy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar tashkil etiladi.


Forum doirasidagi bunday uchrashuv va muhokamalar ilm-fan, dinlararo muloqot, bag‘rikenglik va ma’rifat tamoyillarini mustahkamlashda muhim amaliy maydon vazifasini bajaradi. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Xalqaro forum oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi Xalqaro forum oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi Xalqaro forum oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi Xalqaro forum oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari