Rizq so‘zi lug‘aviy jihatdan “rizq”, “kunlik ovqat”, “ulush”, “in’om” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “Alloh taolo jonzotlarga yetkazgan va ular iste’mol qilgan narsa rizq deb ataladi”[1].
Dunyodagi hamma jonzotlarning rizqi Alloh taolo tomonidan oldindan belgilab qo‘yilgan. Belgilab qo‘yilgan rizq ziyoda va kam bo‘lmaydi, barcha xaloyiq o‘ziga qancha rizq belgilangan bo‘lsa, o‘shani olmasdan qolmaydi, albatta to‘liq oladi. Chunki bu uning oldindan belgilab qo‘yilgan nasibasidir:
نَحْنُ قَسَمْنَا بَيْنَهُمْ مَعِيشَتَهُمْ فِي الْحَيَاةِ الدُّنْيَا
“Ularning dunyo hayotidagi tirikchiliklarini ham ularning o‘rtalarida Biz taqsimlaganmiz”[2].
Qur’onda esa o‘rmalagan jonzot borki, barchasining rizqi Alloh taolo tomonidan ato qilinishi bayon qilib qo‘yilgan:
وَمَا مِنْ دَابَّةٍ فِي الْأَرْضِ إِلَّا عَلَى اللَّهِ رِزْقُهَا وَيَعْلَمُ مُسْتَقَرَّهَا وَمُسْتَوْدَعَهَا كُلٌّ فِي كِتَابٍ مُبِينٍ
“Yerda o‘rmalovchi biror narsa (jonzot) yo‘qki, uning rizqi (ta’minoti) Allohning zimmasida bo‘lmasa! (U) uning qarorgohini ham, oromgohini ham bilur. Hammasi aniq Kitob (Lavhul-mahfuz)da (yozilgan)dir”[3].
Ya’ni insonlarning ham, boshqa hayvonlarning ham, umuman barcha jonzotlarning rizqini Alloh taolo O‘z zimmasiga olgan. Zero, Alloh taolo ularning Yaratuvchisi bo‘lgani kabi rizqlarini ham beruvchisidir.
Shu o‘rinda harom ham Alloh taolo tomonidan berilgan rizq ekan nega uni yegan odam jazo olishi kerak, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Bu savolga javob quyidagicha bo‘ladi: haromni yegan odam halolni qo‘yib, haromni tanlagani uchun jazolanadi. Chunki Alloh taolo mutloq rizqni va’da qilgan va bandalarga uni halol yo‘l bilan topishga buyurgan:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ كُلُوا مِمَّا فِي الْأَرْضِ حَلَالًا طَيِّبًا
“Ey odamlar, yerdagi halol-pok narsalardan tanovul qilingiz”[4].
Agar banda shaytonga va nafsu havosiga ergashib, Alloh taolo buyurgan halol yo‘ldan rizq topishga urinmasdan harom yo‘ldan topishga urinsa, Alloh taolo o‘sha yo‘ldan ham unga erishtirib qo‘yaveradi. Lekin buyrug‘ini bajarmasdan man etilgan yo‘lni tanlagani uchun jazoga giriftor qiladi. Shunga ko‘ra, harom yegan banda Alloh taoloning bergan rizqini yegani uchun emas, balki U zotning buyrug‘ini bajarmasdan shaytonga ergashgani uchun jazolanadi.
So‘fi Ollohyor bobomizning joylari jannatda bo‘lsin, rizq haqida qanday e’tiqodda bo‘lishni qisqa va lo‘nda bayon qilib qo‘ygan:
Qidirg‘on birla rizqing qatra toshmas,
Ketar qadring, qadardin hargiz oshmas.
Ya’ni, ey banda har qancha chiransang ham Alloh belgilab qo‘ygan rizqdan bir tomchi ham ortiq ololmaysan. Sening zimmangda faqat rizq uchun sabab qilib qo‘yilgan ishlarni amalga oshirish bor xolos, rizqing esa Alloh taolo sen uchun tayin qilib qo‘ygan narsasidan boshqa bo‘lmaydi.
Rizq haqidagi masala “Aqoidun Nasafiy”da quyidagicha bayon qilingan:
الْحَرَامُ رِزْقٌ وَكُلٌ يَسْتَوْفِي رِزْقَ نَفْسِهِ حَلاَلاً كَانَ اَوْ حَرَامًا وَلَا يُتَصَوَّرُ اَنْ لَا يَأْكُلَ اِنْسَانٌ رِزْقَهُ اَوْ يَأْكُلَ غَيْرُهُ رِزْقَهُ.
“Harom ham rizqdir. Hamma o‘z rizqini halol bo‘lsin, yo harom bo‘lsin, to‘la-to‘kis oladi. Inson o‘z rizqini yeya olmay qolishi yoki boshqa birov uning rizqini yeb qo‘yishi tasavvur ham qilinmaydi”.
Ya’ni, Alloh taolo biror kishiga iste’mol qilishni taqdir qilib qo‘ygan narsani boshqa birov ustamonlik yoki ayyorlik bilan “ilib ketishi” mumkin emas. Har bir kishi o‘z rizqu nasibasini albatta oladi. Ammo rizq mulk ma’nosida qo‘llanganda, uni boshqalar ham olishi mumkin:
الَّذِينَ يُؤْمِنُونَ بِالْغَيْبِ وَيُقِيمُونَ الصَّلَاةَ وَمِمَّا رَزَقْنَاهُمْ يُنْفِقُونَ
“Ular g‘aybiy xabarlarga (payg‘ambarim Muhammad keltirgan xabarlarga) iymon keltiradigan, namozni barkamol o‘qiydigan va Biz rizq qilib bergan narsalardan (sadaqa va) ehson qiladiganlardir”[5].
Ushbu oyatdagi rizq qilib berilgan narsalardan ehson qilishlari, ularga mulk qilib berilgan narsalardan boshqalarga infoq-ehson qilishlari ma’nosini anglatadi.
Ibn Atoulloh Sakandariy rahmatullohi alayhning “Hikamul Atoiya”da aytgan so‘zlari to‘g‘ri tafakkur yuritgan har bir mo‘min bandaning qalbini sururga to‘ldiradi: “(Alloh taoloning) senga yetarlicha rizq berib, haddingdan oshib ketishinga sabab bo‘ladigan (narsalar)ni sendan to‘sib turishi, senga ne’matlarni to‘liq qilib berganidir”.
Ya’ni, bandaga yetarlicha jismoniy va ruhiy ozuqalar ato etilib, nafsi xohlagan ba’zi zohiriy va botiniy narsalarning unga ato etilmasligi aslida to‘liq ne’matdir. Chunki tirikchiligi uchun yetarli narsani topa olmaslik kishini bandalar oldida xorlanishiga sabab bo‘lsa, tug‘yonga ketkazadigan narsalarning ato qilinishi uning dunyosini ham, oxiratini ham boy berishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun kimga tirikchiligiga yetarli narsalar berilgan va tug‘yonga ketkazadigan narsalar berilmagan bo‘lsa, unga ne’matlar to‘liq qilib berilgan bo‘ladi.
Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga hamda u zotning ahli oilalariyu sahobai kiromlariga salavot va salomlar bo‘lsin!
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Abdulqodir Abdur Rahim
O‘MI Matbuot xizmati
[1] Sa’duddin Taftazoniy. Sharhu aqoid. – Misr: “Maktabatul Azhariy”, 2000. – B. 93.
[2] Zuxruf surasi, 32-oyat.
[3] Hud surasi, 6-oyat.
[4] Baqara surasi, 168-oyat.
[5] Baqara surasi, 3-oyat.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bandadan xato sodir bo‘lmasligi mumkin emas, balki sodir bo‘lgan xatolarni tuzatishga intilish — ana shu bandalik xususiyatidir. Odam bolasidan xato sodir bo‘lishi oddiy hol. Xatolarni afv etish esa hamma ham qila olmaydigan, oxiratda sharaf bo‘ladigan xislatdir.
Yevropalik bir faylasuf: «Olovni haddan ziyod yoqib yuborma, dushmandan oldin o‘zingni kuydirib qo‘ymasin», deydi.
Bir odam hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuga: «Men seni shunday haqorat qilamanki, u sen bilan birga qabringgacha boradi», dedi. Abu Bakr roziyallohu anhu: «Sening haqorating qabrgacha men bilan emas, balki o‘zing bilan birga boradi», dedilar.
Xullas, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu uning axloqsizligiga e’tibor ham bermadilar.
Qur’oni Karim johil kishilardan yuz o‘girib o‘tib ketishni va behuda ishlardan batamom saqlanishni ta’lim bergan va ta’kidlagan.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Yo Allohning Rasuli! Xizmatkorimning xatolarini necha marotaba avf qilayin?» deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga javob qilmay jim turdilar. U yana qayta so‘radi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har kuni yetmish marotaba» dedilar.
Imom Termiziy rivoyati.
Hadisdan olinadigan foyda shuki, xatolarni avf qilishning haddi belgilangan emas. Agar xodim har kuni yetmish marotaba xato qilsa ham, uni kechirish go‘zal xulq va rahm-shafqatning talabidir.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan