Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Fevral, 2025   |   8 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:08
Quyosh
07:28
Peshin
12:42
Asr
16:05
Shom
17:50
Xufton
19:05
Bismillah
07 Fevral, 2025, 8 Sha`bon, 1446

29.01.2018   3241   1 min.
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Bugungi kunda qanday muammolarga uchrayapmiz?

7.02.2025   1026   5 min.
Bugungi kunda qanday muammolarga uchrayapmiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Bugungi kunda uchrayotgan muammolarimiz nimalardan iborat ekaniga e’tibor beraylik. Islom insonlarning turmush tarziga, hayotiga, rioya qilib yashaydigan dasturiga aylanishi uchun nima qilish kerak? Islomiy ilmlarni qanday qilib yoyish haqida o‘ylash kerak, buning uchun mumkin bo‘lgan hamma imkoniyatni, vositalarni ishga solish kerak. Xo‘sh, hozirgi kunda Qur’on ilmlarini, tajvid ilmlarini ommaga yoya olyapmizmi?

Ha, alhamdulillah. Biz bundan xursandmiz, bular eng yaxshi, eng go‘zal ilmlar. Lekin har bir musulmon erkak va ayolga farzi ayn bo‘lgan ilmi holni ham yoyishimiz shart. Afsuski, bugungi kunda undan ancha uzoqlashib qoldik. Bundan boshqa ilmlarni bilish sunnat, mustahab hisoblanadi, ya’ni farz emas. Masalan, Urdunda kim dinga amal qilmoqchi bo‘lsa, borib, tajvid o‘rganadi. Tajvidni o‘rgatadigan minglab markazlar bor. To‘rt ming-besh ming atrofida. Lekin fiqhni o‘rgatadigan markazlar deyarli yo‘q. Holbuki, barcha mazhablarning ittifoqiga ko‘ra, tajvid ilmini puxta egallash farz emas, sunnat, mustahab amal sanaladi.

Musulmonlar duch kelayotgan muammo aynan shunda: to‘g‘ri qiroat qilish uchun tajvid ilmlarini o‘rganadi, lekin tahorat, namoz, ro‘za fiqhi, er-xotinlik munosabatlari fiqhi, savdo-sotiq fiqhi kabi ilmlarni o‘rganmaydi, chunki eng muhim ilmlarni, farzi aynning ahamiyatini unutib qo‘yyapmiz. Musulmonlarning bugungi ahvolga tushib qolishiga sabab Islom ilmlarini, biz yuqorida aytib o‘tgan ilmi holni o‘rganmay qo‘yishlaridir. Ahvolni isloh qilish uchun bunga katta e’tibor berishimiz, bu ilmni musulmonlar orasida yoyishimiz, ularning saviyasini ko‘tarishimiz, buning uchun qilinadigan ishlarni chuqur o‘ylashimiz kerak.

«Abu Hanifa rahimahulloh faqatgina dalildan kelib chiqib gapirganlariga aniq ishonamiz», deymiz. Holbuki, mazhabda u kishining barcha fikrlariga ham suyanavermaymiz. Buning sababi nimada?

Bu savolga javob shunday: Abu Hanifa rohimahulloh faqat va faqat dalildan kelib chiqib gapirganlar. Agar biror masalada dalilsiz gapirib yuborganlarida, fosiq bo‘lib qolardilar. Lekin nima uchun biz u kishining ko‘plab qavllarini qabul qilmaganmiz? Agar kimdir: «Abu Hanifaning barcha so‘zlari dalillarga suyangan, deyapsizlar, unda nega «Abu Hanifaning 100 dan 50 foiz so‘zlarini qabul qilmaganmiz», deysizlar?» desa, bu chigallikka shunday javob beramiz: «Avvalo, Abu Hanifa rahimahullohning birorta so‘zini olmasak, bundan u kishida bu masalada dalil bo‘lmagan, degan gap kelib chiqmaydi. Bir masalaga fiqhiy hukm berishda ikkita bosqich bo‘ladi: tanzir va tatbiq bosqichlari. Tanzir – masalaning nazariy jihati bo‘lsa, tatbiq uni amalda qo‘llash demakdir.

Tanzir bosqichi shariatda bir masalaga hukm berish faqat va faqat mutlaq ijtihod darajasiga yetgan, o‘zida mutlaq mujtahidning barcha shartlarini mujassam etgan, mutlaq mujtahidning usullarini, ya’ni hukm olish qoidalarini to‘liq egallagan zotdangina qabul qilinadi. Kimki bu shartlarni to‘la qamrab olmagan, ijtihod darajasiga yetmagan bo‘lsa, uning gapi e’tiborga olinmaydi. Shuning uchun hozirgi kunda zamondosh odamlarning Qur’on va Sunnatdan yangi hukm istinbot qilishga taalluqli gaplari umuman qiymatga ega emas, chunki ulardan birortasi mutlaq ijtihod darajasiga chiqa olmagan.

Bu gap mening da’voim emas! Ummatning tarixiga qarasak, birinchi, ikkinchi va uchinchi asrlarda son-sanoqsiz mutlaq mujtahidlar bo‘lgan. Lekin ummat ulardan to‘rttasining so‘zini olib, boshqalarinikini qabul qilmagan. Albatta, bu umumiy gap, tafsilotini keyinroq aytib o‘tamiz.

Ummat mazkur ko‘plab mutlaq mujtahidlar orasidan ma’lum zotlarning so‘zini qabul qilgan. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, umumiy qilib aytganda, ular to‘rt kishi. Ularning usullari, ya’ni dalil olish qoidalari boshqalarnikidan ustunroq, kuchliroq bo‘lgan, ular eng oliy ijtihod darajasida bo‘lishgan. Ularning zamonidagi boshqa mujtahidlarning ijtihodi ularnikidan quyiroq bo‘lgani uchun ummat ularni qabul qilmagan. Ushbu to‘rt imomdan keyin, ulamolar aytganidek, imom Tabariy rohimahullohdan boshqa hech kim mutlaq ijtihodni da’vo qilmagan. Ammo Tabariyning bu da’vosiga ham rozi bo‘linmagan, ya’ni mutlaq mujtahidlik da’vosi rad etilgan. Buni imom Laknaviy rohimahulloh aytganlar.

Demak, ulamolardan faqat imom Tabariygina buni da’vo qilganlar. To‘rtinchi, beshinchi, oltinchi, yettinchi, sakkizinchi asrlarda boshqa da’vogarlar yo‘q. To‘g‘ri, qishloqlarda, tog‘u toshlarda turib, ilmsiz bo‘lsa ham, nimalarnidir da’vo qiladiganlar topilgan, lekin ularga hech kim e’tibor bermagan, so‘zini qabul qilmagan. Shunday qilib, mazkur to‘rt mazhabdan boshqa e’tirof qilinadigan, mazhab sifatida tanilgan, amal qilib kelinayotgan va hukmi yuritiladigan mazhab yo‘q.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan

Maqolalar