Farzand – Alloh taoloning sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydigan ne’matlari ichidagi eng ulug‘i bo‘lib, u dunyo hayotining ziynatidir. Shuning bilan birga ulug‘ omonat hamdir. Bu buyuk ne’matga sazovor bo‘lgan ota-onalar buning qadriga yetmoqlari, bunga shukrlar aytib, farzand oldidagi ota-onalik burchlarini puxta ado etishlari, ya’ni unga chiroyli ism qo‘yishlari, yaxshi ta’lim-tarbiya berishlari va oxir-oqibatda Alloh roziligini topadigan, o‘z millati, Vatani, ota-onasiga munosib o‘g‘lon, tengdoshlari hurmati va muhabbatini qozongan yetuk bir inson bo‘lishi borasidagi mas’uliyatli vazifalarini chin ixlos va sadoqat bilan ado etishlari lozim bo‘ladi.
Bu borada Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bunday deydilar: “Kishining o‘z farzandini chiroyli odob-axloq bilan tarbiyalashi ko‘p miqdordagi nafl sadaqasidan yaxshiroqdir” (Termiziy rivoyati).
Boshqa bir hadisda esa: “Ota bolaga go‘zal odobdan yaxshiroq narsani bera olmaydi” deyiladi (Termiziy rivoyati).
«Bekorchidan Xudo bezor», — deydi dono xalqimiz. Yoshlarimiz turli mutaassib guruhlar ta’siriga tushib qolmasligi uchun ularning bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazish, kasb-hunar, foydali mehnatga o‘rgatish, turli to‘garaklar faoliyatini jonlantirish, sport klublarida qulay imkoniyatlar yaratib berish muhimdir.
Ayni kunda ko‘plab yoshlar bo‘sh vaqtlarini internetda, xususan, turli ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazishmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plar yangi-yangi do‘stlar orttirmoqda, kimlardir uzoqdagi o‘z yaqinlari bilan muloqotda bo‘lishmoqda. Buning nimasi yomon dersiz? To‘g‘ri, go‘yo buning yomon tomoni yo‘qday. Ammo, internet tarmoqlarida tarqatilayotgan turli ma’lumotlar, reklamalar borki, ular aldov va g‘arazli maqsadlarga yo‘naltirilgan. Jumladan, jinoyi to‘dalarning yuqoridagi kabi takliflari ham borki, ana shunday aldovlarga yoshlarimiz osongina ishonib qolishlari tashvishlidir.
Bunday holatlarning oldini olish uchun nimalar qilishimiz kerak? Avvvalo, internet tarmoqlarida aqidaparastlik, buzg‘unchi g‘oyalarni yoyish, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlarini yoshlar ongiga singdirish, ularning turmush tarziga aylantirishga bo‘layotgan urinishlarga aslo befarq qaramasligimiz kerak. Qolaversa, yoshlarimizni yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolmasliklari, yuqoridagi kabi aldovlarga ko‘r-ko‘rona ergashmasliklari uchun ularning bilim va tafakkurini boyitish, internet ma’lumotlaridan o‘rinli foydalana bilish ko‘nikmasini shakllantirishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Yoshlarimizda yot g‘oyalarga, illatlarga qarshi ma’naviy immunitet, tushuncha shakllanmas ekan, axborot xurujlari xavfidan aslo qutila olmaymiz.
Tahlillar yoshlar ishtirokidagi jinoyat va huquqbuzarliklarning aksariyati bekor qolgan yoshlar tomonidan sodir etilayotganligini ko‘rsatmoqda. Shu bois ham ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratishni taqozo etadi.
Bu borada keng jamoatchilik, ya’ni oila, mahalla, ta’lim muassasasi hamkorligini mustahkamlash ijobiy natijalar beradi. Yoshlarimizning oilada, mahallada, o‘zlari o‘qiyotgan maktab, litsey va kollejdagi bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, albatta yuqoridagi kabi salbiy holatlarning oldini oladi.
Qadimda buyuk shoir va yozuvchilarimiz, olimlarimiz kitobga shu qadar mehr qo‘ygan edilarki, hatto tunlari sham yorug‘ida kitob mutolaa qilganlar. So‘z mulkining sultoni Navoiy hazratlari 7 yoshida Farididdin Attorning "Mantiqut-tayr" asarini yod olgan, buyuk muhaddisimiz Buxoriy hazratlari esa olti mingdan ziyod hadisni yod bilgan. Ammo u davrlarda bizga yaratib berilayotgan imkoniyatlarning bir qismi ham bo‘lmagan. Lekin ular o‘z maqsadlari sari intilib, yuksak ma’naviyat sohibiga aylanishgan.
Beg‘amlik, loqaydlikning onasidir. Har qanday fazilat haddan oshsa, illatga: tavoze — laganbardorlik, andisha -ko‘rqoqlik, ibo — mutelik, uyalish — jur’atsizlikka aylanadi. Yer buzilsa — dehqon, bola buzilsa — ota-ona uyaladi. Yaxshi fazilat ekib, parvarish qilinmasa, yomon sifatlar unadi. Farzand ko‘rib, qarovsiz qoldirilsa. u fidoyi, vatanparvar bo‘lmaydi, giyohvand, jinoyatchi yoki riyokor bo‘ladi.
Agar biz yoshlarimiz ongi va ruhiyatini zaharli mafkuralardan qat’iyat bilan himoya qilsak, har qanday g‘arazgo‘y kuchlar mamlakat mustaqilligi va uning porloq kelajagiga raxna sola olmaydi. Bu jamiyatimiz, shu yurt, shu Vatanni muqaddas deb bilgan har bir fuqaro oldida turgan asosiy vazifadir.
Farzandlarimizga shunday tarbiya beraylikki, ular o‘z ota-bobolariga, o‘z tarixlariga, Vataniga, muqaddas islom dini an’analariga sodiq bo‘lib qolishsin. Chunki ilmli, odobli, farosatli odam xayotda o‘z o‘rnini topib oladi. Buning uchun esa farzandingiz qo‘liga kitob bering, shunda u adashmaydi, doimo ezgulikka oshno bo‘ladi, yomonlikdan yiroq bo‘ladi.
Odiljon NARZULLAYEV
Yangiyo‘l “Jome’” jome
masjidi imom xatibi
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".
Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.
Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.
Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
"Tafsiri Hilol" kitobidan