Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Imom-xatib: farzandingiz qo‘liga kitob bering, adashmaydi!

29.01.2018   4032   5 min.
Imom-xatib: farzandingiz qo‘liga kitob bering, adashmaydi!

Farzand – Alloh taoloning sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydigan ne’matlari ichidagi eng ulug‘i bo‘lib, u dunyo hayotining ziynatidir. Shuning bilan birga ulug‘ omonat hamdir. Bu buyuk ne’matga sazovor bo‘lgan ota-onalar buning qadriga yetmoqlari, bunga shukrlar aytib, farzand oldidagi ota-onalik burchlarini puxta ado etishlari, ya’ni unga chiroyli ism qo‘yishlari, yaxshi ta’lim-tarbiya berishlari va oxir-oqibatda Alloh roziligini topadigan, o‘z millati, Vatani, ota-onasiga munosib o‘g‘lon, tengdoshlari hurmati va muhabbatini qozongan yetuk bir inson bo‘lishi borasidagi mas’uliyatli vazifalarini chin ixlos va sadoqat bilan ado etishlari lozim bo‘ladi.

Bu borada Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bunday deydilar: “Kishining o‘z farzandini chiroyli odob-axloq bilan tarbiyalashi ko‘p miqdordagi nafl sadaqasidan yaxshiroqdir” (Termiziy rivoyati).

Boshqa bir hadisda esa: “Ota bolaga go‘zal odobdan yaxshiroq narsani bera olmaydi” deyiladi (Termiziy rivoyati).

«Bekorchidan Xudo bezor», — deydi dono xalqimiz. Yoshlarimiz turli mutaassib guruhlar ta’siriga tushib qolmasligi uchun ularning bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazish, kasb-hunar, foydali mehnatga o‘rgatish, turli to‘garaklar faoliyatini jonlantirish, sport klublarida qulay imkoniyatlar yaratib berish muhimdir.

Ayni kunda ko‘plab yoshlar bo‘sh vaqtlarini internetda, xususan, turli ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazishmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plar yangi-yangi do‘stlar orttirmoqda, kimlardir uzoqdagi o‘z yaqinlari bilan muloqotda bo‘lishmoqda. Buning nimasi yomon dersiz? To‘g‘ri, go‘yo buning yomon tomoni yo‘qday. Ammo, internet tarmoqlarida tarqatilayotgan turli ma’lumotlar, reklamalar borki, ular aldov va g‘arazli maqsadlarga yo‘naltirilgan. Jumladan,  jinoyi to‘dalarning yuqoridagi kabi takliflari ham borki, ana shunday aldovlarga yoshlarimiz osongina ishonib qolishlari tashvishlidir.

Bunday holatlarning oldini olish uchun nimalar qilishimiz kerak? Avvvalo, internet tarmoqlarida  aqidaparastlik, buzg‘unchi g‘oyalarni yoyish, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlarini yoshlar ongiga singdirish, ularning turmush tarziga aylantirishga bo‘layotgan urinishlarga aslo befarq qaramasligimiz kerak. Qolaversa, yoshlarimizni yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolmasliklari, yuqoridagi kabi aldovlarga ko‘r-ko‘rona ergashmasliklari uchun ularning bilim va tafakkurini boyitish, internet ma’lumotlaridan o‘rinli foydalana bilish ko‘nikmasini shakllantirishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Yoshlarimizda yot g‘oyalarga, illatlarga qarshi ma’naviy immunitet, tushuncha shakllanmas ekan, axborot xurujlari xavfidan aslo qutila olmaymiz.

Tahlillar yoshlar ishtirokidagi jinoyat va huquqbuzarliklarning aksariyati bekor qolgan yoshlar tomonidan sodir etilayotganligini ko‘rsatmoqda. Shu bois ham ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratishni taqozo etadi.

Bu borada keng jamoatchilik, ya’ni oila, mahalla, ta’lim muassasasi hamkorligini mustahkamlash ijobiy natijalar beradi. Yoshlarimizning oilada, mahallada, o‘zlari o‘qiyotgan maktab, litsey va kollejdagi bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, albatta yuqoridagi kabi salbiy holatlarning oldini oladi. 

Qadimda buyuk shoir va yozuvchilarimiz, olimlarimiz kitobga shu qadar mehr qo‘ygan edilarki, hatto tunlari sham yorug‘ida kitob mutolaa qilganlar. So‘z mulkining sultoni Navoiy hazratlari 7 yoshida Farididdin Attorning "Mantiqut-tayr" asarini yod olgan, buyuk muhaddisimiz Buxoriy hazratlari esa olti mingdan ziyod hadisni yod bilgan. Ammo u davrlarda bizga yaratib berilayotgan imkoniyatlarning bir qismi ham bo‘lmagan. Lekin ular o‘z maqsadlari sari intilib, yuksak ma’naviyat sohibiga aylanishgan.

Beg‘amlik, loqaydlikning onasidir. Har qanday fazilat haddan oshsa, illatga: tavoze — laganbardorlik, andisha -ko‘rqoqlik, ibo — mutelik, uyalish — jur’atsizlikka aylanadi. Yer buzilsa — dehqon, bola buzilsa — ota-ona uyaladi. Yaxshi fazilat ekib, parvarish qilinmasa, yomon sifatlar unadi. Farzand ko‘rib, qarovsiz qoldirilsa. u fidoyi, vatanparvar bo‘lmaydi, giyohvand, jinoyatchi yoki riyokor bo‘ladi.

Agar biz yoshlarimiz ongi va ruhiyatini zaharli mafkuralardan qat’iyat bilan himoya qilsak, har qanday g‘arazgo‘y kuchlar mamlakat mustaqilligi va uning porloq kelajagiga raxna sola olmaydi. Bu jamiyatimiz, shu yurt, shu Vatanni muqaddas deb bilgan har bir fuqaro oldida turgan asosiy vazifadir.

Farzandlarimizga shunday tarbiya beraylikki, ular o‘z ota-bobolariga, o‘z tarixlariga, Vataniga, muqaddas islom dini an’analariga sodiq bo‘lib qolishsin. Chunki ilmli, odobli, farosatli odam xayotda o‘z o‘rnini topib oladi. Buning uchun esa farzandingiz qo‘liga kitob bering, shunda u adashmaydi, doimo ezgulikka oshno bo‘ladi, yomonlikdan yiroq bo‘ladi.

 

Odiljon NARZULLAYEV

Yangiyo‘l “Jome’” jome

masjidi imom xatibi

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Farzand tarbiyasiga oid 6 oyat

9.01.2025   3210   2 min.
Farzand tarbiyasiga oid 6 oyat

Luqmoni Hakim o‘z o‘g‘illariga qilgan nasihatlari Qur’oni karimda keltiriladi.


Nasihatning eng birinchisi – shikrdan qaytarish.

“Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).

Shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi.


Nasihatning ikkinchisi – ota-onaning haqqini ado etish.

“Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin” (Luqmon surasi, 15-oyat).

Ota-ona hatto mushrik bo‘lsalar-da, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik talab etiladi.


Nasihatning uchinchisi – Alloh oshkor maxfiy har bir narsa bilib turuvchi Zot.

“Ey, o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir” (Luqmon surasi, 16-oyat).


Nasihatning to‘rtinchisi – namoz, amri ma’ruf, nahyi munkar va sabr.

“Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil!...” (Luqmon surasi, 17-oyat).


Nasihatning beshinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli, tavoze’li bo‘lish, kibrlanmaslik.

“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).


Nasihatning oltinchisi – baqir-chaqir qilmaslik.

(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir(Luqmon surasi, 19-oyat).

 

Davron NURMUHAMMAD