Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446

Farzandning ota-ona ustidagi haqlari (4-maqola): Chiroyli ta’lim va tarbiya bermoq

28.01.2018   6863   14 min.
Farzandning ota-ona ustidagi haqlari (4-maqola): Chiroyli ta’lim va tarbiya bermoq

Chiroyli ta’lim va tarbiya bermoq. Farzandga chiroyli ta’lim va tarbiya berib, hayotga tayyorlab borish ota-onaning oldidagi muhim vazifalardandir. Ularni faqat yedirib, ichirib shu bilan vazifamni bajardim degan ota-onalar xato qiladilar. Chunki birinchi tarbiya aynan oiladan bevosita oilaning boshlig‘laridan olinishini hammamiz yaxshi bilamiz. 

Bolalarning tarbiyasi masalasida birinchi javobgarlik otaning zimmasiga tushishi Qur’oni karimda bayon etilgan. Ota bu masalada Alloh nazdida javobgar hisoblanadi. Agar bolaga o‘z vaqtida kerakli tarbiya berilmasa, ulardan bo‘ladigan yomonliklardan birinchi navbatda ota aziyat chekadi va bunday otalarning xusronga giriftor bo‘lishi oyati karimalarda xabar berilgan.  

Bolaga ta’lim-tarbiya bobida ko‘rsatiladigan eng fazilatli xizmat, albatta, bu haqiqiy sevgi va hurmatning manbai bo‘lgan butun olamlar Robbi va elchisi Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ularga tanishtirish hisoblanadi. Bu dunyo hayoti muhabbatning ustiga bino qilindi. Bu muhabbat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayot va irshodlarida, tablig‘larida juda ham chiroyli hollari bilan shakllandi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kimnidir qo‘lidan tutib ko‘zlariga tik boqib qattiq sevganlarini so‘zlari bilan ifoda qildilar, kimgadir vasflari bilan izhor qildilar, kimgadir bu muhabbatlarini badanlarining tili bilan qo‘choqlashib bildirdilar, yana kimlargadir cheksiz mehrlarining tomchilari bilan ishoratlar berib kelmoqdalar. Hech qanday shartsiz, faqatgina mardlik talab qiluvchi bu sevgilari ortidan: “Sizdan birortangiz to, men unga ota-onasidan, bolasidan va odamlarning hammasidan mahbubroq bo‘lmagunimcha mo‘min bo‘la olmaydi”, dedilar”. (Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan, Buxoriy, Muslim) 

Bas shunday ekan, har bir mo‘min ota farzandlari qalblariga eng birinchi bo‘lib aynan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sevgisini joylashtirishi lozimdir. Chunki aynan mana shu muhabbat bevosita muhabbatullohga yetaklovchi to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimida bu qoidaning haqiqat ekani quyidagicha bayon etadi:

“Ayting (ey Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashing. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir” (“Oli Imron” surasi, 31-oyat). 

Har bir ota o‘z oilasidan so‘ralishi aytilar ekan, qiyomat kuni farzandlar o‘z otalariga yo shafoatchi yoki shikoyatchi bo‘ladilar. Agar ota farzandlariga chiroyli ta’lim-tarbiya berib voyaga yetkazgan bo‘lsa, ularning savoblariga sherik bo‘lib, soyalarida shafoatlariga muyassar bo‘ladilar. Bordi-yu yaxshi tarbiya bermagan bo‘lsa farzandlari: “Bizning tarbiyamiz bilan nega shug‘ullanmadingiz, nima uchun do‘zaxga tushishimizga sababchi bo‘ldingiz?” deb shikoyatchi bo‘ladilar.

Chunki, Alloh taolo shunday deydi:

“Albatta, mol-mulklaringiz va farzandlaringiz sinovdan boshqa narsa emas. Va Allohning huzurida ulug‘ ajr bor.” (“Tag‘obun” surasi, 15-oyat)

“Tafsiri Hilol”da ushbu oyati karimaning mazmuni quyidagicha bayon etilgan: “Mol-mulk kishi uchun sinovdir. Qo‘liga mol-dunyo kelganda ham hovliqmasdan, to‘g‘ri yo‘lda sarflasa, ibodatini vaqtida qilsa, ulkan savoblarga ega bo‘ladi. Ammo dunyoga berilib yo‘ldan ozsa, harom-xarish ishlarni qilsa, mol topish uchun gunoh yo‘llarga ham kiraversa, unda sinovdan o‘ta olmagan bo‘ladi va gunohiga yarasha jazosini oladi. Shuningdek, farzandlar ham Allohning ulkan ne’mati. Ularni to‘g‘ri tarbiyalab, xudojo‘y qilib o‘stirilsa, ikki dunyoning obro‘yini olib beradi. Agar teskarisi bo‘lsa, ikki dunyoda sharmanda qiladi. Demak, Allohning muhabbatini, mol-mulk va farzandlar muhabatidan ustun qo‘ymoq zarur. Chunki uning huzurida ulug‘ ajr bor.” 

Demak, oyati karimada aytilgan imtihon-sinov otaning nafaqat farzandlari moddiy ehtiyojlarini, balki ularning chiroyli tarbiyalarini  ta’minlash bo‘yicha ham mas’ulligini bildirmoqda. Dinimizga ko‘ra, oilada farzand tug‘ilishi bilan birga otaning zimmasiga ham xayrli ham mas’uliyatli vazifa yuklanmoqdaki, bu otaning aynan farzand tarbiyasi haqida bevosita javobgar shaxs ekanidan dalolat beradi. Chunki odob kitoblarimizda farzandga e’tiqod va ibodat, odob va axloq, atrofdagilar bilan yaxshi munosabat (odobi muosharaat), kasb ta’limi bilan bog‘liq asos bilimlarni berish otaning bo‘ynidagi asosiy vazifalardan hisoblanishi aytib o‘tilgan. 

Shu bilan birga bolaga tarbiya berishda ota-onalar kichkinalar uchun o‘rnak bo‘lishlari lozim. Oilada farzand ilk tarbiyani, albatta, ota-onasidan, bobo-buvasidan oladi. Shuning uchun kattalar ularning oldida bir-birlariga chiroyli muomala qilishlari, baqirib-chaqirmasliklari, to‘g‘ri gapirib, yolg‘onni umuman ishlatmasliklari, bergan va’dalarida turishlari lozimdir. Bunday holat oilada muntazam bo‘lishi darkor. Shunda bolaning ongida to‘g‘ri munosabat bo‘yicha aniq fikr va qarashlar shakllana boshlaydi. 

Zero, Payg‘amarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Sevgi, varosot yo‘li bilan qozoniladi.” (Buxoriy, “Adab-ul Mufrad”) 

Mazkur hadisi sharif har birimizga aql-idrokimizni, fahmu farosatimizni ishga solib, o‘z ustimizda jiddiy ishlashimiz, hayot tarzimizni yana bir ko‘zdan kechirishimiz uchun berilgan muhim dars hisoblanadi. Ushbu hadisi sharif sharhida shular bayon etilgan. Bayhaqiy va Hokimning ma’lum qilishlaricha, hazrati Abu Bakri Siddiq roziyallohu anhuning o‘g‘illari Abdurrahamon as'hobdan:

– Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sevgi-muhabbat haqida nima deb buyurganlarini eshitgansiz? – deb so‘raydi.

U odam esa:

– Sevgi varosot bilan qozoniladi, – deb buyurganlarini eshitdim, deydi.

Ya’ni mol-dunyo otadan bolaga va boshqa yaqinlarga qanday meros bo‘lib o‘tsa, ota-onalarning bir-birlariga bo‘lgan sevgi va bog‘liklari, yon atrofdagi yoru do‘stlariga qiladigan muomalayu munosbatalari ham farzandlariga xuddi shunday tarzda meros bo‘lib o‘tadi ekan. Mo‘min odam buni hech qachon nazardan chetda qoldirmasligi lozim. Bizning har bir harakatimiz, muomala-munosbatalarimiz, hatto, gapirmasdan jim xayol so‘rib o‘tirishimiz ham yonginamizda o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib ko‘ringan kichkina bolalarimizda o‘zgartirib bo‘lmas ma’lum tasavvur va fikrlarni shakllantirishini unutmasligimiz kerak. Odamlar orasidagi “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” degan gap bekorga chiqmagan. Ko‘rmayapti, bilmaydi, eshitmayapti, sezmaydi degan xom xayolga bormasligimiz darkor. 

Shuni unutmaslik lozimki, hol tili so‘z tilidan har doim ustun va ta’sirli bo‘lib kelgan. Bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam butun insoniyat uchun yaqqol namuna bo‘la oladilar. 

Sigaret chekadigan otaning bolasiga “buni chekmagin” deyishi unga qanchalik ta’sir qilishi mumkin? Albatta, bunday tarbiya o‘zining natijasini bermaydi. Shuning uchun ham tarbiya mukammal va ta’sirli bo‘lishligi uchun biz ota-onalar avvalo o‘zimizni ham so‘zimizda ham ishimizda bir so‘zli ekanligimizni ularga ko‘rsatishimiz kerak. 

“Tanbehul – G‘ofiliyn” kitobida quyidagi rivoyatlar naql qilinadi.

Rivoyat. Faqih Abu Lays Samarqandiy shunday deydilar: Bir odam Abu Hafs rahmatullohi alayhning oldiga kelib:

 O‘g‘lim meni uradi, hamma joyim og‘riydi, – deydi. Abu Hafs hazratlari:

 Subhanolloh! Bola ham otasini uradimi?! – deb hayron qoladi. Kelgan odam:

 Ha, shunday qattiq urmoqdaki, butun a’zoi badanim og‘riyapti,–  deb tasdiqlaydi.

Abu Hafs:

 Unga ilm va odobni o‘rgatmaganmisan? – deb so‘raydi. Odam:

 Yo‘q.

 Qur’oni karimni o‘qishni-chi?

 Yo‘q.

 Yaxshi…, o‘g‘ling nima ish qiladi?

– Dehqonchilik bilan shug‘ullanadi.

– O‘g‘ling seni nima sababdan urganini endi tushundingmi?– deb so‘raydi.

– Yo‘q, tushunmadim! – deydi.

Abu Hafs shunday tushuntirdi:

– Mening taxmin qilishimcha, o‘g‘ling bir kuni ertalab o‘rnidan turib tomarqasiga ishga otlangan. Eshagiga mingan; oldida ho‘kizlari, orqasida esa iti bilan yo‘lga chiqqan. Yo‘lda ketayotganida takrorlab ketay desa Qur’onni bilmaydi, har xil nag‘malarni xirgoyi qilib aytib ketayotgan vaqtida oldidan sen chiqib qolgansan. U seni ham yo‘lning o‘rtasida turgan sigir deb bilib, qamchisi bilan urgan. Duo qilgin tag‘in boshingni urib yorib qo‘ymasin.  

Odob kitoblarimizda bolaga uning ko‘zi o‘ngida sunnatga muvofiq yeb-ichishni, kiyinishni, qimmat narsalarni kiyish ahamityasiz ekanini, yashashdan maqsad faqat yeyish va kiyinish emasligini ham hol ham til bilan chiroyli tarzda o‘rgatish lozim deyilgan. Jumladan, ovqatni bismillo va shukr bilan boshlab, hamd bilan tugatish, taomni o‘zining oldidan boshlab yeyish, luqmani oz-ozdan olib shoshilmasdan chaynab yutish, suv va boshqa ichimliklarni o‘tirib ichish kabilar bolalarning o‘rganishi shart bo‘lgan odoblardan hisoblanadi. 

Masalan, taomlanishni o‘rgatishda yemoqdan maqsad badanning salomatligini saqlash, u xuddi tabib dorisi kabi ochlik va suvsizlikni ketkazadi deb tushutirish lozim. Turli-tuman, ko‘ngli xohlagan taomlarni emas, balki dasturxonda borini, topganini yeb ketishni, har turlik lazzatlarga ahamiyat bermaslikni o‘rgatish darkor. Bozorlarda, odamlar gavjum bo‘lgan yerlarda tik turib olib, hammaning ko‘zi o‘ngida ovqat yeb ketishlik ovaqtlanish odobiga kirmasligi o‘rgatiladi. Juda ham och qolib ketgan bo‘lsa ham biroz sabr qilib, oshxonalarga kirib, bemalol o‘tirib, keyin taomlanish xayrli ekanini ota-ona tushuntirmasa kim tushuntirishi mumkin. Hatto vaqti-vaqti bilan bolaga quruq non berib, uni shunga o‘rgatish ham tavsiya qilingan.

Otasining obro‘si va molu dunyosi bilan maqtanmaslikni, yolg‘on gapirmaslikni o‘rgatib, har qanday to‘g‘ri-noto‘g‘ri qasam ichishlardan qaytarib tanbeh berib turish kerak. Kattalar oldida jim o‘tirishni, savol so‘raganida qisqa va aniq javob berishni, har doim yaxshi gapirishga odat qilishni o‘rgatish zarur. 

Bu borada aslida butun hayotlari ibratdan iborat bo‘lgan salaflar hayotidagi ayrim lahzalar, insonni yanada qattiq hayratda qoldirib, chuqur fikrlashga undaydi. 

Rivoyat. Hazrati Umar roziyallohu anhuning xalifaligi zamonida bir ibratomuz voqea ro‘y beradi. Iymon va kufr, halol va harom,  masalasida o‘zining qattiqo‘lligi bilan nom chiqargan hazrati Umar roziyallohu anhu bir kuni o‘g‘li Abdulloh va hazrati Hasan roziyallohu anhumo bilan Madina ko‘chalarini aylanishga chiqadilar. Maqsad shahar aholisi nima bilan bandligini kuzatish, atrofdagi hol-ahvoldan xabar topishdan iborat. Ketib turib xalifaning nazari yo‘l chetida uynab o‘tirgan zaif, qarovchisi yo‘q bir bolaga tushadi. Xalifa bolaning holatini ko‘rib, taajjublanadi va:

– Bu bolaning hech kimi yo‘qmi? Odamlarga ham hayronsan, ularga nima bo‘lgan o‘zi, yosh bolani ham shunday qarovsiz qoldiradilarmi, unga hech narsa bermabdilar-ku, – dedi.

   Xalifaning ortida dashnomlarini eshitib turgan o‘g‘li Abdulloh, otasiga sekin qarab, past ovozda:

– Otajon, tanimayapsizmi? Bu Sizning nabirangiz, mening qizim bo‘ladi, – deyishi bilan hazrati Umar roziyallohu anhuning achchig‘i kelib:

– E..., hayf sendek otaga! – dedi.

Otasining jahli chiqqanini ko‘rgan o‘g‘li:

– Ota, nima qilay axir, Siz xalifa bo‘lsangiz, menga biroz imkoniyat yaratib berganingizda nabirangizni, ya’ni qizimni yaxshilab boqqan bo‘lardim. Qo‘lingizda shuncha imkoniyat bo‘la turib, menga hech qanday sharoit qilib bermagansiz, – dedi.

Buni eshitgan hazrati Umar roziyallohu anhuda otalik marhamati jo‘sh o‘rib ketdi va:

– Allohga qasamki, o‘g‘lim, senga boshqa musulmonlarga berayotganimdan ortig‘ini yaratib berolmayman. Ularga qancha berayotgan bo‘lsam, senga ham xuddi shuncha beriladi. Bu shunday  bo‘ladi, tamom, vassalom! – dedi.  

Mana bu narsa barcha ota-onalar uchun bola tarbiyasini olib borishda yetarlicha dars hisoblanadi. Hazrati Abdulloh ibni Umar roziyallohu anhu xalifaning o‘g‘li bo‘lsa-da, hamma bilan teng miqdorda maosh olardi, hamma bilan teng sharoitda hayot kechirgan edi. 

Yana mavzuga qaytamiz. Shu bilan birga bolani ilm o‘rganishga har doim tashviq qilib borish lozim. Bolalar bilan eng ko‘p vaqtlarini o‘tkazadiganlar onalar bo‘lgani uchun ular farzandlariga otalariga nisbatan hurmatli bo‘lishlikni, otalarini hamma narsaga kuchi yetadigan inson ekanini zehnlariga yaxshilab joylashtirishlari lozim.   

Ota-onalar bolaning yaxshi va yomon narsalarni bir xilda qabul qilishini e’tiborga olib, tarbiya va voyaga yetkazishda shunga ko‘ra harakat qilishlari lozim. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: 

“Har bir tug‘ilgan bola Islom fitrati bilan tug‘iladi. Keyin ota va onasi uni yahudiy, nasroniy yoki majusiy qiladi”, deb marhamat qilganlar. (Buxoriy) 

Odob kitoblarida ota-onalarni sut emadigan bolalarining ko‘p yig‘lashlaridan asabiylashib, jahldorlik qilmaslikka chaqiriladi. Aksincha vazminlik bilan yaxshi muomalada bo‘lishlik, xayrli ekani bayon etilgan. Chunki, bu yoshdagi bolalarning yig‘ilari zikr, tasbeh, hamd va ota-onasiga istig‘for bo‘lishi ma’lum qilingan.

Ulug‘bek Sultonovning 
"Ota-onaga xizmat qilish 
odoblari" kitobidan olindi

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Eng afzal sadaqa - suv ulashish

18.06.2025   5245   1 min.
Eng afzal sadaqa - suv ulashish

Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasululloh, onam vafot etdi. Onamning nomidan biror narsa sadaqa qilsam bo‘ladimi? Qaysi sadaqa afzal?” deb so‘radim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: (odamlarga) Suv ulashish”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, "Yo Allohning Rasuli! Onam to‘satdan jon taslim qildi. Vasiyat qila olmadi. O‘ylaymanki, agar gapira olganida, sadaqa qilgan bo‘lar edi. Endi uning nomidan sadaqa qilsam, unga ajr bo‘ladimi?" dedi. U zot alayhissalom: "Ha", dedilar» (Imom Muslim rivoyati).