Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Avgust, 2026   |   29 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:59
Quyosh
05:29
Peshin
12:28
Asr
17:23
Shom
19:31
Xufton
20:58
Bismillah
12 Avgust, 2026, 29 Safar, 1448

Ijtihod so‘zining lug‘aviy va istilohiy ma’nolari nimalardan iborat?

28.01.2018   4971   6 min.
Ijtihod so‘zining lug‘aviy va istilohiy ma’nolari nimalardan iborat?

Ijtihod – islom fiqhida ijtihod qiyos va ijmoda qo‘llaniladigan metod (uslub) hisoblanadi. Ijtihod arab tilida اجتهد   ijtahada fe’lining o‘zagi (masdari) bo‘lib, asliy harflari ج ح د bo‘lgan جهد  jahada kalimasidan o‘zlashtirilgan. Agar جهد juhdunzamma bilan o‘qilsa “toqat” ma’nosida bo‘ladi. أفرغ جهده afrog‘o juhdahu – bor kuchini sarfladi, ya’ni toqatini degan ma’no kelib chiqadi. جهد jahdun fatha bilan o‘qilsa, “mashaqqat” ma’nosida bo‘ladi. أصاب جهدا أي مشقة – “qiyinchilik” yetti, ya’ni mashqqatga duchor bo‘ldi degan ma’noni ifodalaydi.

Arab tiliga oid mashhur “lisonul arab” kitobida: “جهد so‘zini faqat Hijozdagina zamma bilan aytilgan ulardan boshqalar uni fatha qilib aytishgan[1]”.

جهد jahada so‘zi o‘zbek tilida; 1) harakat qilmoq, intilmoq, mehnat qilmoq, zo‘r bermoq[2], جهده الأقصى juhduhu al-aqso — bor kuchi bilan harakat qilmoq, 2) toliqtirmoq va charchatmoq, degan ma’nolarni anglatadi.

Arab tilining yirik lug‘at olimi sanalgan alloma Majduddin Muhammad ibn Yoqub Feruzobodiy  جهد jahada – bu “toqat” va “mashaqqat” deganidir. Masalan:  جهد دابته jahada dabbatahu – degani “ot-uloviga me’yordan ortiq yuk qo‘ydi” ma’nosida ishlatiladi deb o‘z fikrini isbotlaydi[3]. Demak جهد jahada so‘zini mo‘tabar lug‘at kitoblari va olimlarning so‘zlariga tayanib, shuni aytish mumkinki, “jahd” yoki “juhd” kalimalari  “harakat qilish, intilish va bir ishga qittiq tirishish” ma’no va mohiyatilarni o‘zida to‘la qonli aks ettiradi.

اجتهد ijtahada so‘zi o‘zbek tilida; 1) tirishqoqlik (qunt) bilan qilmoq, g‘ayrat (hafsala) bilan qilmoq, 2) mustaqil (erkin) qaror chiqarmoq va اجتهاد so‘zi 1) harakat qilish, intilish, hafsala, qunt, ishtiyoq, 2) oliy darajada bilimga ega bo‘lish va shariat sohasidagi ba’zi masalalarni mustaqil hal qilish huquqini olish, الإجتهاد فى الشرع shariat qonun qoidalarini ishonchli sharhlash,   الإجتهاد فى المسائل القضائية al-itihadu fiy al-massaili al-qozoiyah yoki القضائي al-qozoiy yuridik masalalarni mustaqil hal etish huquqi, 3) mustaqil ijod, manbalarni erkin tadqiq etish; sarf fanida o‘rganiladigan  إجتهد ijtahada bobining masdari (o‘zagi) bo‘lgan اجتهاد ijtihadun “Ijtihod”ning ma’nosi kuch va toqatni sarf qilish, yoki mashaqqatni talab qilib, uning mas’uliyatini bo‘yniga olishdir. Bu ikki ma’no ham bir-birini qo‘llab quvvatlaydi.

Ibn Asir rohmatullohi alayh aytadi: ijtihod — ish, vaziyat, holat va biror masalaning talabida kuch sarflash tushuniladi. U imkon va toqat so‘zlaridan olingan.

“Aqrobul mavadda” kitobi muallifi bunday ta’rif beradi: ijtihod – mehnatga (ish) lozim bo‘lgan ishni ro‘yobga chiqarish uchun bor imkoniyatni sarf qilishlikdir. أجتهد ajtahidu deb faqat qiyinchilik va mehnati og‘ir bo‘lgan ishlarga aytamiz. Misol uchun أجتهد في حمل الحجر ajtahidu fiy hamlil hajari (toshni ko‘tarishga tirishaman yoki harakat qilaman) deymiz. Lekin, أجتهد في حمل الخردلة  ajtahidu fiy hamlil xordalati (bir parcha go‘shtni ko‘tarishga tirishaman yoki harakat qilaman) demaymiz.

A’loiy rohmatullohi alayh aytadi: “Ijtihod masdar bo‘lib, maqsadga yetish yo‘lida bor kuchini oxirigacha o‘sha ish uchun fido qilish ma’nosidadir. Bu so‘z faqatgina inson uchun qiyin va mashaqqat bo‘lgan hollardagina ishlatiladi”.

Ijtihodning istilohdagi ma’nosi borasida usulul fiqh ulamolari va faqihlar bir qancha turli ta’riflarni berganlar.

Yurtimiz ulamolaridan Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohmatullohi alayh o‘zlarining “usulul fiqh” kitobida ijtihodga quyidagicha ta’rif berganlar:  “Ijtihod” so‘zi lug‘atda bor imkonini ishga solib harakat qilish, bizdagi “Jon-jahdi bilan urinish” ma’nosini anglatadi. Ijtihod hukumlarni tafsiliy dalillaridan chiqarib olish amaliyotidir. Ijtihod shariatda bor hamda barcha asr va zamonlarda matlub narsadir [4].

So‘zimizni “islom ensiklopediya”sida keltirilgan jumlalar bilan  yakun yasaymiz:  “Ijtihod” (arab tilida – g‘ayrat qilish, intilish) – faqih tomonidan shar’iy hukmni hosil qilish uchun barcha bilim va toqatini ishga solish. Ijtihod shar’iy hukmi kelmagan ishning maxsus qoidalarni ishga solib shar’iy hukmini aniqlash uchun qilinidi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tirikligida u kishidan boshqa odam ijtihod qilmagan. Bu mumkin ham emas yedi. Ijtihod yettinchi asr oxirida vujudga kelgan. Bu vaqtga kelib sahobalarning Muhammad sollallohu alayhi vasallam  faoliyatlari, aytgan so‘zlari haqidagi xabarlarda ixtilof paydo bo‘lgan. Bundan tashqari musulmon jamoasidagi hayot tarzining o‘zgarib borayotganligi tufayli ko‘plab huquqiy muammolar tug‘ilgan. Shuning uchun ijtihodning asosiy maqsadi yangi yohud o‘tmishdoshlar tomonidan hal etilmagan masalalarni topish, islomga tayanilgan va uni quvvatlagan holda hal etish bo‘lgan[5].

Demak, ijtihodning lug‘aviy va istilohiy ma’nolaridan kelib chiqib shuni xulosa qilish mumkinki, ya’ni, “ijtihod” Alloh taoloning kitobi va Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridagi haqiqatni (eng to‘g‘risini) topish uchun bor imkoniyatini sarflash tushuniladi.

Keng ma’noda esa, ijtihod  deganda shariat  qonun-qoidalarini ishlab shiqish va izohlashda inson tafakkuridan foydalanish tushuniladi. U Qur’on oyatlarini talqin qilishdan to hadislarning haqiqiyligini o‘rganishgacha bo‘lgan ko‘plab jarayonlarni o‘z ichiga oladi.

Shu bilan birga, shariatda ijthodni qo‘llab bo‘lmaydigan o‘rinlar ham mavjud bo‘lib, ular islom aqidasiga tegishli masalalar hisoblanadi.

Axborot-resurs markazi xodimi M.Majidov

[1]  Abul Fazl Jamoliddin Muhammad ibn Mukrim. Lisonul arab. Bayrut. 2005.-B. 684.

[2] Muhammad Yusuf va mualliflar guruhi. An-naym ul-kabir. Namangan nashriyoti. Namangan. 2014.-B. 116.

[3] Majduddin Muhammad ibn Yoqub Feruzobodiy. Al-qomus al-muhit. Bayrut. 2003.-B. 263.

[4] Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Usulul fiqh. “Sharq” nashriyoti. Toshkent. 2010. –B. 508.

[5] Zuhriddin Husniddinov. Islom ensiklopediya. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. Toshkent. 2004. –B.106.

Fiqh
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

12.08.2026   5800   3 min.
“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.

Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.

Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.

Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.

O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.

Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan. 

“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.

 Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati –  bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.

Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.

Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari