Ijtihod – islom fiqhida ijtihod qiyos va ijmoda qo‘llaniladigan metod (uslub) hisoblanadi. Ijtihod arab tilida اجتهد ijtahada fe’lining o‘zagi (masdari) bo‘lib, asliy harflari ج ح د bo‘lgan جهد jahada kalimasidan o‘zlashtirilgan. Agar جهد juhdunzamma bilan o‘qilsa “toqat” ma’nosida bo‘ladi. أفرغ جهده afrog‘o juhdahu – bor kuchini sarfladi, ya’ni toqatini degan ma’no kelib chiqadi. جهد jahdun fatha bilan o‘qilsa, “mashaqqat” ma’nosida bo‘ladi. أصاب جهدا أي مشقة – “qiyinchilik” yetti, ya’ni mashqqatga duchor bo‘ldi degan ma’noni ifodalaydi.
Arab tiliga oid mashhur “lisonul arab” kitobida: “جهد so‘zini faqat Hijozdagina zamma bilan aytilgan ulardan boshqalar uni fatha qilib aytishgan[1]”.
جهد jahada so‘zi o‘zbek tilida; 1) harakat qilmoq, intilmoq, mehnat qilmoq, zo‘r bermoq[2], جهده الأقصى juhduhu al-aqso — bor kuchi bilan harakat qilmoq, 2) toliqtirmoq va charchatmoq, degan ma’nolarni anglatadi.
Arab tilining yirik lug‘at olimi sanalgan alloma Majduddin Muhammad ibn Yoqub Feruzobodiy جهد jahada – bu “toqat” va “mashaqqat” deganidir. Masalan: جهد دابته jahada dabbatahu – degani “ot-uloviga me’yordan ortiq yuk qo‘ydi” ma’nosida ishlatiladi deb o‘z fikrini isbotlaydi[3]. Demak جهد jahada so‘zini mo‘tabar lug‘at kitoblari va olimlarning so‘zlariga tayanib, shuni aytish mumkinki, “jahd” yoki “juhd” kalimalari “harakat qilish, intilish va bir ishga qittiq tirishish” ma’no va mohiyatilarni o‘zida to‘la qonli aks ettiradi.
اجتهد ijtahada so‘zi o‘zbek tilida; 1) tirishqoqlik (qunt) bilan qilmoq, g‘ayrat (hafsala) bilan qilmoq, 2) mustaqil (erkin) qaror chiqarmoq va اجتهاد so‘zi 1) harakat qilish, intilish, hafsala, qunt, ishtiyoq, 2) oliy darajada bilimga ega bo‘lish va shariat sohasidagi ba’zi masalalarni mustaqil hal qilish huquqini olish, الإجتهاد فى الشرع shariat qonun qoidalarini ishonchli sharhlash, الإجتهاد فى المسائل القضائية al-itihadu fiy al-massaili al-qozoiyah yoki القضائي al-qozoiy yuridik masalalarni mustaqil hal etish huquqi, 3) mustaqil ijod, manbalarni erkin tadqiq etish; sarf fanida o‘rganiladigan إجتهد ijtahada bobining masdari (o‘zagi) bo‘lgan اجتهاد ijtihadun “Ijtihod”ning ma’nosi kuch va toqatni sarf qilish, yoki mashaqqatni talab qilib, uning mas’uliyatini bo‘yniga olishdir. Bu ikki ma’no ham bir-birini qo‘llab quvvatlaydi.
Ibn Asir rohmatullohi alayh aytadi: ijtihod — ish, vaziyat, holat va biror masalaning talabida kuch sarflash tushuniladi. U imkon va toqat so‘zlaridan olingan.
“Aqrobul mavadda” kitobi muallifi bunday ta’rif beradi: ijtihod – mehnatga (ish) lozim bo‘lgan ishni ro‘yobga chiqarish uchun bor imkoniyatni sarf qilishlikdir. أجتهد ajtahidu deb faqat qiyinchilik va mehnati og‘ir bo‘lgan ishlarga aytamiz. Misol uchun أجتهد في حمل الحجر ajtahidu fiy hamlil hajari (toshni ko‘tarishga tirishaman yoki harakat qilaman) deymiz. Lekin, أجتهد في حمل الخردلة ajtahidu fiy hamlil xordalati (bir parcha go‘shtni ko‘tarishga tirishaman yoki harakat qilaman) demaymiz.
A’loiy rohmatullohi alayh aytadi: “Ijtihod masdar bo‘lib, maqsadga yetish yo‘lida bor kuchini oxirigacha o‘sha ish uchun fido qilish ma’nosidadir. Bu so‘z faqatgina inson uchun qiyin va mashaqqat bo‘lgan hollardagina ishlatiladi”.
Ijtihodning istilohdagi ma’nosi borasida usulul fiqh ulamolari va faqihlar bir qancha turli ta’riflarni berganlar.
Yurtimiz ulamolaridan Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohmatullohi alayh o‘zlarining “usulul fiqh” kitobida ijtihodga quyidagicha ta’rif berganlar: “Ijtihod” so‘zi lug‘atda bor imkonini ishga solib harakat qilish, bizdagi “Jon-jahdi bilan urinish” ma’nosini anglatadi. Ijtihod hukumlarni tafsiliy dalillaridan chiqarib olish amaliyotidir. Ijtihod shariatda bor hamda barcha asr va zamonlarda matlub narsadir [4].
So‘zimizni “islom ensiklopediya”sida keltirilgan jumlalar bilan yakun yasaymiz: “Ijtihod” (arab tilida – g‘ayrat qilish, intilish) – faqih tomonidan shar’iy hukmni hosil qilish uchun barcha bilim va toqatini ishga solish. Ijtihod shar’iy hukmi kelmagan ishning maxsus qoidalarni ishga solib shar’iy hukmini aniqlash uchun qilinidi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tirikligida u kishidan boshqa odam ijtihod qilmagan. Bu mumkin ham emas yedi. Ijtihod yettinchi asr oxirida vujudga kelgan. Bu vaqtga kelib sahobalarning Muhammad sollallohu alayhi vasallam faoliyatlari, aytgan so‘zlari haqidagi xabarlarda ixtilof paydo bo‘lgan. Bundan tashqari musulmon jamoasidagi hayot tarzining o‘zgarib borayotganligi tufayli ko‘plab huquqiy muammolar tug‘ilgan. Shuning uchun ijtihodning asosiy maqsadi yangi yohud o‘tmishdoshlar tomonidan hal etilmagan masalalarni topish, islomga tayanilgan va uni quvvatlagan holda hal etish bo‘lgan[5].
Demak, ijtihodning lug‘aviy va istilohiy ma’nolaridan kelib chiqib shuni xulosa qilish mumkinki, ya’ni, “ijtihod” Alloh taoloning kitobi va Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridagi haqiqatni (eng to‘g‘risini) topish uchun bor imkoniyatini sarflash tushuniladi.
Keng ma’noda esa, ijtihod deganda shariat qonun-qoidalarini ishlab shiqish va izohlashda inson tafakkuridan foydalanish tushuniladi. U Qur’on oyatlarini talqin qilishdan to hadislarning haqiqiyligini o‘rganishgacha bo‘lgan ko‘plab jarayonlarni o‘z ichiga oladi.
Shu bilan birga, shariatda ijthodni qo‘llab bo‘lmaydigan o‘rinlar ham mavjud bo‘lib, ular islom aqidasiga tegishli masalalar hisoblanadi.
Axborot-resurs markazi xodimi M.Majidov
[1] Abul Fazl Jamoliddin Muhammad ibn Mukrim. Lisonul arab. Bayrut. 2005.-B. 684.
[2] Muhammad Yusuf va mualliflar guruhi. An-naym ul-kabir. Namangan nashriyoti. Namangan. 2014.-B. 116.
[3] Majduddin Muhammad ibn Yoqub Feruzobodiy. Al-qomus al-muhit. Bayrut. 2003.-B. 263.
[4] Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Usulul fiqh. “Sharq” nashriyoti. Toshkent. 2010. –B. 508.
[5] Zuhriddin Husniddinov. Islom ensiklopediya. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. Toshkent. 2004. –B.106.
Ibn Javziy rahimahulloh aytadi: “Bir ajoyib holat haqida fikr yuritdim: ba’zida mo‘minning boshiga bir ish tushsa, u astoydil duo qiladi, ammo duolarining ijobati ko‘rinmaydi. Umidsizlikka tushay deganda, uning qalbiga qaraladi. Agarda u Allohning fazlidan umidini uzmagani holda taqdiriga rozi bo‘lsa, duoning ijobati tezlashadi. Bu ma’nolar Alloh taolo nozil qilgan oyati karimada o‘z ifodasini topgan: «...Hatto Payg‘ambar va iymonli kishilar: “Allohning yordami qachon (kelar ekan)?» degan edilar. Ogoh bo‘lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir”»[1].
Shunday holat Ya’qub alayhissalom bilan ham bo‘lgan. U zotning o‘g‘illari Yusuf alayhissalom dom-daraksiz yo‘qolib qolganida, kushoyish kelishidan noumid bo‘lmaganlar. Keyingi o‘g‘illari ham tortib olinganida, u zot Allohning fazlidan umidlarini uzmaganlari holda: «...Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va Misrda qolgan o‘g‘limning) barchalarini (bag‘rimga) qaytarsa...»[2], deganlar.
“Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi”, deb qayg‘urmang. Alloh taolo sizning tazarruingiz, yalinib-yolvorishlaringizni ko‘rishni iroda qilmoqda. Sizni qilgan sabringizga ajr ila mukofotlamoqchi. Siz shayton bilan jang qilishingiz uchun ham duoyingizning ijobatini kechiktirish ila sizni sinayapti.
Gohida Alloh taolo sizning aziymat, qat’iyatingiz naqadar quvvatli ekani va baloga qanchalik sabrli ekaningizni ko‘rish uchun ham dard berib imtihon qiladi. Agar sabr qila olsangiz, demak, siz itoatkor bandalar safidasiz. Bordi-yu, irodasizlik qilsangiz, ziyonkorlardan bo‘lasiz. Sabrdan keyin faqat va faqat yechim, yorug‘ kunlar bor.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Sabr qilsang, ajrga ega bo‘lasan, baribir yozilgani bo‘ladi. Sabrsizlik qilsang, gunohkor bo‘lib qolasan, baribir yozilgani bo‘ladi”, deganlar.
Shoir aytadi:
Baloyu imtihon kelsa, alarga har on rizo ko‘rsat,
Sinov bergan sihatni ham O‘zi bergay aniq, albat.
Bandasiga ne hukm etsa, hikmati bor, itoat qil,
Bitganidan qutulmoqlik chorasizdir, bil, ey g‘ofil!
Noumidlik xanjarini ko‘kragingga urma ammo,
Ki Allohning qudratila yechilgaydir har muammo.
Allohdan umidingizni uzmang. Sinovlarga sabr qiling, shundagina ulkan ajrlarni qo‘lga kiritasiz. Fazl ibn Sahl aytadi: “Kasalliklarda ne’matlar bor”. Bu borada quyidagilarga e’tiborli bo‘ling:
– gunohlardan tozalash;
– savobni qo‘lga kiritish;
– g‘aflatdan uyg‘onish;
– sog‘lik ne’matini eslab qo‘yish;
– tavbaga shoshilish.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 214-oyat.
[2] Yusuf surasi, 83-oyat.