Har bir jamiyatning taraqqiyot asosida ilm turadi. Ilmsizlik esa uni qoloqlik va jaholatga yetaklaydi. Ilgari ilmni diniy yoki dunyoviy degan turga ajratilmagan. Fiqh, tafsir va boshqa diniy ilmlar qatorida olam va borliq jumboqlarini kashf etish, koinotning sirli tilsimlarini ochish maqsadida dunyoviy fan sohalari bilan shug‘ullanilgan. O‘sha vaqtda qaysi ilmga zarurat paydo bo‘lsa, o‘sha ilmni o‘rganishni olimlar o‘zlarini burchli deb bilganlar.
Payg‘ambarimiz alayhissalom “Oxirat uchun dunyoni tark etgan kishi yoki dunyo uchun oxiratni tark etgan kishi sizlarning yaxshilaringiz emas. Lekin yaxshilaringiz unisidan ham, bunisidan ham olgan kishidir”, deganlar. Shundan ham bilamizki, dunyoviy ilmni deb diniy ilmni, diniy ilmni deb dunyoviy ilmni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Diniy ilm sohasida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Zamaxshariy, dunyoviy ilmda Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Muhammad Xorazmiy va boshqa olimlarimiz jahonga tanildilar.
Ilgari qaysi bir yurt yoki shaharda taniqli ilm dargohi yoki madrasa bo‘lsa, o‘sha yurtga ilmsevar talabalar otli-piyoda yetib borganlar va taniqli olimlar huzurida tahsil olganlar. Buning oson emasligini Navoiy bobomiz quyidagicha tasvirlaydi:
Egnida avroqu kitobi aning,
Qilg‘ali tahsil shitobi aning.
Qushdek o‘lub sayr muyassar anga,
Egnida avroqi bo‘lub par anga.
Hozirgi vaqtda ham diniy, ham dunyoviy ilm sohalarini o‘rganishga yurtimizda shart-sharoit va imkoniyatlar yetarli. Oldingi ajdodlarimiz har ikki ilm sohasini teran o‘rganib, har ikkisida ibrat va namuna bo‘lganlaridek, ilm yo‘lida fidoyilik bilan tahsil olinsa, bundan xalqimizga katta manfaatlar yetadi.
Oldingi ajdodlarimiz ham dunyoviy, ham diniy ilm sohalarida olamshumul kashfiyotlarni amalga oshirganlarini ko‘p gapirib, faxr-iftixor bilan tilga olamiz-u, lekin nega bu an’ana davom etmasdan olis tarixda qolib ketgani, buning asl ildizi nimadan iboratligi xususida o‘ylab ko‘rmaymiz.”Aniqki, to bir qavm o‘zlarini o‘zgartirmagunlaricha Alloh ularning ahvolini o‘zgartirmas” (Ra’d, 11-oyat), degan oyati karima xususida teranroq mulohaza yuritsak, foydadan xoli bo‘lmaydi. O‘z yurtimizda keyingi bir-ikki asr davomida boshqa yurtlardan keltirilgan oddiy texnika va jihozlarni ko‘rganda yurtdoshlarimiz ancha vaqtlargacha uning oldiga borishga botinmaganini va toki ko‘zlari o‘rgangunicha odamlar anchagacha ajablanib yurganiga nima deysiz?
Ayni vaqtda va imkoniyat borida g‘ayrat otini qamchilash kerakki, ilmning zabt etilmagan cho‘qqilarini egallashda ajdodlarimizdek g‘ayrat-shijoat bilan tadbir va tadorigini ko‘rish foydadan xoli emas.
Bobomurod ERALI
tayyorladi
O‘MI Matbuot xizmati
Ilmning qadr-qimmati barchamizga ma’lum. Ilm sababli Alloh taolo Odamni farishtalardan afzal qildi. Ilm sababidan farishtalarga Odamga sajda qilishni buyurdi. Alloh taolo olimlar va ilm talabidagilarning martabalarini yuqoriga ko‘tardi. U Zot bunday deya marhamat qiladi: «...Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur...»[1].
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu aytadilar: “Ilm olinglar! Alloh uchun ta’lim olish – Allohdan qo‘rqishdir. Ilmni dars qilish – tasbehdir. Uni o‘rganish – ibodat, bilmaganga o‘rgatish – sadaqa, amal qilish esa Allohga yaqinlashishdir”.
Ilm sizning qadringizni ko‘taradi va ilm orqali Alloh taologa yaqinlashib borasiz. Abu Bakr Varroq bu borada bunday deydi:
Ilm o‘z sohibin ko‘targay yuksak,
Xoja aylagaydir qulni-da shaksiz.
Rizolik yo‘li ham shul erur demak,
Ilmdan boshqasi abas, keraksiz.
Ilm oluvchi go‘zal odob-axloq ila bezanmog‘i lozim. Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Ilm olinglar! Ilm olar ekansiz, sakinat va halimlikni ham o‘rganing. Sizdan ilm o‘rganuvchilar ham sizga nisbatan kamtarin munosabatda bo‘lsinlar, siz ham ilm olayotgan kishingizga tavozeli bo‘ling. Zulmkor olimlardan bo‘lmang. Sizlarning ilmingiz jaholat birla turmas”.
“Men bilmayman” deyish hech qachon ayb sanalmaydi. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Qalbga rohat beradigan eng go‘zal narsa haqida savol so‘rashganida, “Men bilmayman”, deb javob berishdir”, deganlar.
O‘rgangan ilmingizni odamlardan berkitmang. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mendan bir oyat bo‘lsa ham yetkazinglar”[2], deganlar.
O‘rganayotgan narsalaringizga bee’tibor bo‘lib odamlarga yetkazmay yurish yaxshi emas. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ilmni berkitsa, Alloh taolo qiyomat kunida unga olovdan bo‘lgan yuganni soladi”, [3] deganlar.
Amal qilinmaydigan ilmda xayr yo‘q. Unday odamning ustiga jild-jild kitoblar ortilgan eshakdan farqi yo‘q.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu bunday deydilar: “Ilm o‘rganib, unga amal qilinglar. Ilm ila chiroyli ko‘rinish uchun ilm o‘rganmang. Umringiz uzoq bo‘lsa, hali shunaqalarni ko‘rasiz, odamlar kiyim kiyib bezanganidek, odamlar ilm olib o‘zlariga oro beradilar”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Imlni olimlarga maqtanish, u orqali esi past, johillar bilan talashib-tortishish yoki odamlarning e’tiborini o‘zingizga qaratish uchun o‘rganmang. Kim shunday qilsa, u jahannamdadir”[4], deganlar.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Mujodala surasi, 11-oyat.
[2] Imom Buxoriy rivoyati.
[3] Ibn Hibbon, Imom Hokim va Imom Bayhaqiy rivoyati.
[4] Ibn Moja rivoyati.