2018 yil 25 yanvar kuni diniy idorada O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamkorligida o‘quvchi yoshlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Ushbu tadbirda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining 262- umumiy o‘rta ta’lim maktabi yetakchisi Otabekxo‘ja Safarov hamrohligida maktabning 45 nafar o‘quvchisi ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur hazratlari duo bilan ochib berdilar. Dastlab, o‘quvchilarga diniy idoraning maqsad va vazifalari haqida batafsil ma’lumot berildi. So‘ngra, masjidlar bo‘limi xodimi Is'hoqjon Begmatov so‘zga chiqib, ta’lim va tarbiya, odob-axloq, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish mavzusida ma’ruza qildi.
U o‘z nutqida jinoyat sodir etish juda ham og‘ir gunoh ekani, Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda bunday xatti-harakatlardan qattiq qaytarilganini jonli misollar orqali ta’sirchan qilib, tushuntirdi. Jumladan, “Bir ishning gunoh ekanini bilgan odam albatta undan qaytadi. Jinoyatning qaysi bir turini olib qaramang, dinimiz, insoniylikka xilofdir. Odam o‘ldirish, o‘g‘rilik, firibgarlik, tovlamachilik – bularning barchasi inson hayotiga zarar” deb ta’kidladi Is'hoqjon domla.
Uchrashuv juda ham ko‘tarinki ruhda, savol-javoblarga boy bo‘ldi. O‘quvchilar bugungi davra suhbatidan naqadar katta ma’naviy ozuqa olishganini ularning yonib turgan ko‘zlaridan anglash mumkin edi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasiga O‘zbekiston yoshlar ittifoning tashakkurnomasi taqdim etildi.
Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning 1 dekabr kuni yoshlar bilan ishlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘rtasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi memorandum imzolash taklifi qo‘llab-quvvatlangan edi.
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: Oilaliman, 2 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im ehtiyojlarim, kasal bo‘lsam dori-darmonim uchun pul bermaydilar. Bolalarimizni ehtiyojlari uchun berib turadilar, xolos. O‘zim ishlayman, “ishlab topgan pulingni hammasini menga berishing kerak, chunki Xadicha onamiz ham hamma pullarini Rasulimiz alayhissalomga berganlar” deydilar doim. E’tiroz bildirsam, “menga itoatsizlik qilyapsan” deydilar.
Yaqinda shu masalada janjallashib qolganimizdan keyin pulimni yarmini olib, o‘zimda qolgan yarmini ro‘zg‘orga ishlatishimga majburlayaptilar. Bizning vaziyatimizga shariatda qanday izoh beriladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taolo oilada erkakni rahbar etib tayinlab, uning zimmasiga qo‘l ostidagilarning: ayoli va farzandlarining nafaqasini yuklab qo‘ygan. Ayolning topayotgan pulida na erning va na qaynonaning haqi bor, uni zulm qilib olib qo‘yishga mutlaqo haqi yo‘q. Agar o‘zi rozi bo‘lib bersa, olishi mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Xadiyja roziyallohu anho onamiz butun molu jonini Sarvari olam bo‘lgan turmush o‘rtoqlariga in’om etganlar, ya’ni o‘z ixtiyorlari bilan berganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom tortib yoki talab qilib olib qo‘ymaganlar. Nafaqat Xadiyja onamiz, balki u zotning atrofidagi barcha sahobalar u zotni jonlaridan ortiq yaxshi ko‘rganlar va borini berishga shay turganlar.
Shariatimiz har bir shaxsga moliyaviy mustaqillik bergan. Er topgan pulini o‘zi istaganday sarflashi va bunga na ayoli va na boshqa odamlar to‘sqinlik qilishga haqi yo‘q bo‘lgani kabi, ayolning ham shaxsiy mablag‘idagi tasarrufi o‘z qo‘lida bo‘ladi. Faqatgina foyda-zararni bilmaydigan aqli zaif toifalargina bundan mustasno. Ularning tasarrufini valiylari olib boradi.
Ammo yuqoridagi gaplardan ayol topganini hech kimga bermasligi, faqat o‘zi ishlatishi kerak ekan, degan xulosa chiqmaydi. O‘z ixtiyori bilan eriga, farzandlariga yoki boshqalarga hadya qilishi mumkin va bu uchun albatta, ajr oladi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning ayollari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Erimga sadaqa qilsam bo‘ladimi?” – deb so‘ragan va u zot alayhissalom: “Ha”, deb javob berganlar. Ya’ni sahobiya ayollar erlariga sadaqa, hadya qilib turganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bejizga: “O‘zaro hadyalashinglar, o‘rtada muhabbat paydo bo‘ladi”, deb aytmaganlar.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oila er-xotin o‘zaro bir-birlarini tushunishlari, hurmat qilishlari va o‘z burchlarini muhabbat bilan ado etishlari lozim. Ana shunda oilaviy hayot saodatli davom etadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.