Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyul, 2025   |   20 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:22
Quyosh
05:03
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:32
Bismillah
15 Iyul, 2025, 20 Muharram, 1447

Ijodkorlar diqqatiga: qalam haqi oshdi

25.01.2018   6625   2 min.
Ijodkorlar diqqatiga: qalam haqi oshdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 avgustdagi “Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq kitob mualliflariga beriladigan qalam haqi 85 foizga ko‘paydi. 

Shu paytga qadar mualliflik haqi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 8 yanvardagi “Mualliflik haqi va boshqa haq to‘lash turlari stavkalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan to‘lab kelinar edi. Prezidentimizning joriy yil yanvar oyidan kuchga kirgan qarori asosida ijodkorlar mehnati uchun yangi stavkalar belgilandi. 

Bu stavkalar asosida ayniqsa, bolalarga mo‘ljallangan asarlar uchun qalam haqi 2,5 barobarga ko‘tarildi. Misol uchun, maktabgacha va kichik yoshdagi bolalar uchun nasriy asarga buyurtma bergan nashriyot kitobni 20 ming nusxada chiqaradigan bo‘lsa, bir muallif tobog‘i uchun 2 million 66 ming 880 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda yozuvchiga qalam haqi belgilaydi. 20 ming nusxadan kam bo‘lmagan she’riy kitob muallifiga har bir satr uchun 8 ming 610 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda qalam haqi to‘lanadi. 

Ilgari nashriyotlar tomonidan badiiy asarlar uchun 5 koeffitsiyent ko‘rsatkichida mualliflarga qalam haqi hisoblangan bo‘lsa, endilikda koeffitsiyent ko‘rsatkichi sakkizga oshirildi. Bu badiiy asarlarga qalam haqi berish miqdori ham qariyb 2 barobarga ko‘paydi, degani. 

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Intellektual mulk agentligi, yetakchi nashriyotlar bosh muharrirlari, iqtisodchilar, nashriyot ishlari hisob-kitobini yurituvchi mutaxassislar, shoirlar, yozuvchilar va OAV vakillari ishtirokida o‘tgan “Ijodkorlar mehnati qadr topmoqda” mavzusidagi seminarda shular ma’lum qilindi. 

– Tizimimizdagi nashriyotlarda “Nazm bo‘stoni”, “Nasrimiz javohirlari”, “Jahon adabiyotining sara asarlari”, “Dunyo xalqlari ertaklari”, “Adabiyot xrestomatiyasi”, “Bolalar antologiyasi” kabi mavzularda rang-barang kitoblar chop etilmoqda, – deydi Matbuot va axborot agentligining iqtisodiy tahlil, prognozlashtirish va moliyalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Mirkomilov. – Agentlik tomonidan e’lon qilingan “Taraqqiyot strategiyasi va zamonamiz qahramoni”, “Islom sivilizatsiyasining buyuk allomalari”, “Harbiy-vatanparvarlik” mavzularidagi badiiy asarlarga ijtimoiy buyurtmalar loyihasi asosida yozilayotgan kitoblar uchun mualliflarga qalam haqining ma’lum qismi oldindan to‘lab berilmoqda. 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

​Jamoat haqining gunohi og‘ir!

10.07.2025   9401   4 min.
​Jamoat haqining gunohi og‘ir!

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar berishicha, may oyining 13-sanasida bir kunda 3 mlrd so‘mlik energoresurslarini talon-toroj qilish holatlari aniqlangan. Afsuski, bugun bunday gaz va elektr energiyaga yashirincha ulanib, davlatga milliardlab zarar yetkazgan kimsalar haqidagi xabarlarni tez-tez o‘qib qolamiz.
 

Birovning, ayniqsa, xalq haqidan qo‘rqmay o‘g‘rilik orqali manfaat topmoqchi bo‘layotgan insonlar oramizda ko‘plab topiladi. Bundaylarning nazdida gaz, suv, elektr energiya tuganmas boylik. Undan har kim o‘z manfaati yo‘lida foydalanishi mumkin. Biroq bu ne’matlar xonadonlarga kirib borishi uchun minglab insonlar mehnat qilishini, davlat esa milliardlab mablag‘ sarflashini, ular ham bir kun tugab qolishini xayoliga ham keltirmaydi.


Aslida ushbu ne’matlardan oqilona foydalanish, isrof qilmaslik nafaqat fuqarolik majburiyatimiz, balki insoniy vazifamiz, mo‘minlik burchimizdir.


Aytish joizki, uyda, ishda, ko‘chada kommunal to‘lovlar atrofida aylanayotgan qator muammolar haqida ko‘p eshitamiz, ba’zan o‘zimiz uning guvohi yoki bevosita ishtirokchisiga aylanamiz. Lekin bu muammolar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik yoki ayrim nobop kimsalarning qilmishi oqibatida yuzaga chiqayotgani yodimizga ham kelmaydi. To‘lovlarni imkon bo‘la turib asossiz bahonalar yoki o‘z vaqtida to‘lamaslik yoki hisoblagich jihozlarini teskariga aylantirish yoxud har xil hiylalar ishlatib, ularni to‘lashdan qochish davlatning va xalqning haqini yeyish hisoblanadi. Chunki tabiiy boyliklar davlat va xalq mulkidir.


Qolaversa, kommunal xizmatlardan foydalanish uchun har bir xonadon ta’minotchilar bilan shartnoma tuzib, qo‘l qo‘ygan va o‘zaro kelishuvda to‘lovni o‘z vaqtida ado etishga kelishgan. Shu bois to‘lovlarni vaqtida ado etishimiz shar’an ham joiz. 


Ta’kidlash lozimki, xalqning mulkida barcha fuqarolar, xususan, kam ta’minlanganlar, nogironlar, yetim-yesirlar, keksalarning haqi bor. Ulardan foydalanishga kelganda faol bo‘lib, to‘lovga kelganda qochayotgan, paysalga solayotganlar yuqorida zikr etilgan qatlamlarning ham haqini o‘zlashtirib, nohaq yeyayotganini bilib olsinlar. Zero, Qur’oni karimda: Ey iymon keltirganlar, bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar (Niso surasi 29-oyat), deya ogohlantirilgan. Shunday bo‘lgach, har bir fuqaro o‘zgalarning moliga, ayniqsa, jamoat mulkiga xiyonat etmasligi darkor! Bunga e’tiborsizlik oxiratda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.


Havla binti Amr roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: Ba’zi bir odamlar Allohning mulki (jamoat pullari)ga xiyonat qiladi. Qiyomat kuni ular jahannamga ravona bo‘lishadi (Imom Buxoriy rivoyati). Shunday ekan, bu masalaga jiddiy yondashishimizga to‘g‘ri keladi.


Shuningdek, gaz, elektr energiya va suv kabi ne’matlardan oqilona foydalanish ham dinimiz talabidir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Iqtisod qilgan kimsa kambag‘al bo‘lmas, maslahat qilgan pushaymon bo‘lmas” (“Mushkotul nasobih”), deb tavsiya  berganlar.


Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Solih hidoyat, go‘zal ko‘rinish va iqtisodli bo‘lish nabiylikning yetmishdan bir juzidir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).


Demak, doim ahli solihlardan bo‘lib, tejamkor bo‘lish, isrofga yo‘l qo‘ymaslik, har bir narsani o‘z o‘rnida, me’yorida tasarruf qilish, keragidan ortiq, behudaga sarflamaslik nabiylikning yetmish juzidan bir juz, yetmish bo‘lagidan bir bo‘lak ekan. Buni har bir mo‘min-musulmon yaxshi anglab, hayotiga tatbiq qilishi lozim.


Xulosa qilib aytganda, halollik inson hayotini xotirjam, osoyishta va farovon qiladi. Shunday ekan, kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab, xalq haqiga xiyonat qilmaylik, azizlar!

 

G‘ayrat BOZOROV,

Dehqonobod tumani

“Oqrabot ota” jome masjidi

imom-xatibi

Maqolalar