Sayt test holatida ishlamoqda!
17 May, 2025   |   19 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:27
Quyosh
05:03
Peshin
12:24
Asr
17:26
Shom
19:40
Xufton
21:10
Bismillah
17 May, 2025, 19 Zulqa`da, 1446

Islom Karimov – Milliy g‘oya va mafkura konsepsiyasi asoschisi

25.01.2018   11401   7 min.
Islom Karimov – Milliy g‘oya va mafkura konsepsiyasi asoschisi

(1-maqola): Bizga milliy mafkura – xalq mafkurasi kerak

Milliy istiqlol mafkurasi davlatimiz fuqarolarini ulug‘ maqsad yo‘lida qalban birlashtirishga ko‘maklashishi kerak. Islom Karimov[1]

Mustaqil O‘zbekiston taraqqiyotining uzluksizligini ta’minlash uchun xalqni bir maqsad yo‘lida birlashtirish muhim ahamiyatga egadir.

O‘zbekiston mustaqillikka erishishi bilan sobiq sovetlar tuzumining mafkuraviy aqidalaridan voz kechish lozim edi. Sovet mafkurasi kommunistik partiyaning g‘oyalariga tayanuvchi va sovet totalitar rejimining g‘oyaviy tayanchi funksiyasini bajarar edi. Bu mafkura qadimiy va boy tarixiy ma’naviy qadriyatlarga ega xalqning manfaatlariga mos kelmaydigan mafkura edi. Shu sababli undan voz kechildi. Mustaqillik mafkurasining konseptual asoslari hali yaratilmagan. Buning ustiga xalqimizning milliy mentaliteti mustamlakachilik davrlarida jiddiy deformatsiyaga uchragandi.

Bunday sharoitda, ya’ni amaldagi mafkuradan voz kechilgan, yangi mafkuraning konseptual tamoyillari ishlab chiqilmagan bir sharoitda izchil oilaviy tarbiya ko‘rmagan, o‘zligini anglab olishga ulgurmagan ayrim yoshlarimiz ongida mafkuraviy bo‘shliq (vakuum) hukm surardi. Bunday yoshlarni begona mafkuralar ta’siridan himoyalash ham dolzarb vazifa bo‘lib qoldi.

Mustaqillik arafasida (oshkoralik davrida) va mustaqillikning ilk davrida turli ekstremistik oqimlar va diniy-konfessional yo‘nalishdagi missionerlik tashkilotlari mafkuraviy qadriyatlari shakllanmagan soddadil yoshlarimizni o‘z saflariga qo‘shib olishga harakat qilishdi va bunga erishishdi ham. Bu mamlakatimiz mafkuraviy mustaqilligini saqlashga, mamlakatda barqaror tinchlikni ta’minlashga qarshi katta xavf edi. Ayniqsa, ko‘p millatlar va elat vakillari yashaydigan, turli din va diniy konfessiyalarga e’tiqod qiladigan bizning yurtimizda millatlararo, dinlararo mojarolar boshlanib ketish xavfi keskinlashishi mumkin edi. Buning ustiga xalqimiz 70 yillik kurashchan ateizm hukmronligi davrida musulmonchilik an’analaridan ham birmuncha begonalashgan edi. Mustaqillik munosabati bilan mamlakatimizda diniy e’tiqod erkinligiga keng yo‘l ochildi. Bu masalada O‘zbekistonning birinchi Prezidenti I.A.Karimov 1992 yil 2 iyulda so‘zlagan nutqida shunday degan edi: “Dinga, diniy tashkilotlarga keng yo‘l ochib berildi. Buyuk hajga ilgari nari borsa besh-olti kishi borardi. Endi har yili minglab odamlar muqaddas joylarga emin-erkin ziyoratga borishyapti. Din odamzodni hech qachon yomon yo‘lga boshlamaydi. Din bu dunyoning o‘tkinchi ekanini, oxiratni eslatib turadi, odam bolasini hushyor bo‘lishga, harom yo‘llardan uzoq yurishga, yaxshi bo‘lishga, yaxshi iz qoldirishga undab turadi. Biz dinga bundan keyin ham barcha shart-sharoitlarni yaratib beramiz. Diniy rasm-rusumlarga, bayramlarga, diniy tarbiya va ta’limga doimo jiddiy e’tibor beriladi”[2]. (O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti ilgari surgan bu g‘oyalar bugungi kunda Sh.M.Mirziyoyev muvaffaqiyatli ravishda amaliyotga tadbiq etmoqda).

Dinga bunday demokratik yondashuvni o‘sha davrda hamma ham to‘g‘ri qabul qilmasdi. Yurtimizda e’tiqod erkinligi qaror topishi bilan xalqimiz emin-erkin ibodatlarini davom ettira boshlashdi, ammo, an’anaviy diniy ibodatlar bilan fundamentalistik g‘oyalarni ajrata olmaydigan ba’zi yoshlar va soddadil kattalar dinni biryoqlama tushuna boshladi. Bunday kishilar ongiga diniy qadriyatlar sifatida turli xil diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan mutaassiblashgan oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalar ham suqilib kira boshladi. Bunday vaziyatda milliy istiqlol g‘oyasi va mafkurasining konseptual asoslarini ishlab chiqish hayotiy zaruriyatga aylandi.

O‘zbekistonning birinchi Prezidenti mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq bu masalaga alohida e’tiborni qaratdi. Islom Karimovning jamoatchilik oldidagi chiqishlarida milliy manfaatlar, milliy istiqlol, vatanparvarlik, milliy qadriyatlar va milliy mentalitet masalalariga asosiy e’tibor qaratilgan edi. Buni ayrim siyosatdonlar Islom Karimovning millatchilikka yo‘l ochishi deb talqin eta boshlashdi. Ammo o‘zbek xalqining asrlar davomidagi ezgu niyati mustaqil davlatchiligimizni rivojlantirish, milliy manfaatlarni himoya qilish yo‘li bilan amalga oshishi oddiy haqiqat edi.

Xalqni milliy manfaatlar himoyasi yo‘lida birlashtirish uchun xalqning mafkuraviy konsepsiyasini ishlab chiqishi lozim edi. Bu hayotiy zaruriyatni chuqur anglagan I.A.Karimov o‘zining asarlar to‘plamining 1-jildini “O‘zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura” deb atadi. Bu kitobda O‘zbekistonning barcha sohalardagi milliy manfaatlari o‘z ifodasini topgan edi.

I.Karimov milliy mafkuraning konseptual asoslarini ishlab chiqish lozimligiga alohida e’tibor berib, O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi qabul qilingan kunning bir yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali majlisda shunday dedi: “Asosiy qonunimizda ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivoj-lanadi, deyilgan. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi maqomiga ko‘tarilishi mumkin emas. Bu konstitutsiyaviy qoida bizning oldimizga milliy istiqlol mafkurasini yaratish vazifasini qo‘yadi.

Milliy istiqlol mafkurasi xalqimizning azaliy an’analariga, udumlariga, tiliga, diniga, ruhiyatiga asoslanib, kelajakka ishonch, mehr-oqibat, insof, sabr-toqat, adolat, ma’rifat tuyg‘ularini ongimizga singdirishga xizmat qilishi lozimligini hech qachon unutmaylik“[3]. Haqiqatdan ham bu masala nihoyatda dolzarb masala edi. I.Karimovning keyingi maqolalarida, ayniqsa, “Tafakkur” jurnali bosh muharriri Erkin A’zamov bilan suhbatda milliy mafkura masalasi bosh mavzu sifatida muhokama qilindi[4]. Bu suhbatda mafkuraning mohiyati, uning asosiy vazifalari, totalitar mafkuraning oqibatlari. Jahondagi mafkuraviy jarayonlar, mafkuraviy poligonning har qanday harbiy poligonlardan xatarli ekanligi. Milliy mafkuraning xususiyatlari va uning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, mafkuraviy bo‘shliqning vujudga kelish sabablari, mafkuraviy immunitet va uning jamiyat barqarorligini ta’minlashdagi o‘rni, milliy mafkurani yoshlar ongiga singdirish yo‘llari, mafkurasizlik, mafkuraviy nigilizm va boshqa masalalar bu suhbatda muhokama qilingan[5].

Baxtiyor TO‘RAYEV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari, falsafa fanlari doktori, professor

 

[1] Karimov I.A. Buyuk kelajagimizning huquqiy kafolati // Bizdan ozod va obod Vatan qolsin. 2-jild. T.: O‘zbekiston, 1996. B.99.

[2] Karimov I.A. O‘zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat mafkura. 1-jild. / I.A.Karimov; [nashr uchun mas’ul K.Bo‘ronov]. – Toshkent: O‘zbekiston, 1996. B. 18.

[3] Karimov I.A. Buyuk kelajagimizning huquqiy kafolati  // Bizdan ozod va obod Vatan qolsin. 2-jild. T.: O‘zbekiston, 1996. B.98.

[4] Karimov I.A. Jamiyatimiz mafkurasi xalqni –xalq, millatni millat qilishga xizmat qilsin (“Tafakkur” jurnali Bosh muharriri savollariga javoblar). – T.: O‘zbekiston, 1998.

[5] Qarang: Karimov I.A. Jamiyatimiz mafkurasi xalqni –xalq, millatni millat qilishga xizmat qilsin (“Tafakkur” jurnali Bosh muharriri savollariga javoblar) // Biz o‘z kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan quramiz. Asarlar to‘plami, 6-jild. T.: O‘zbekiston, 1999. B.47-55.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Umayma binti Xalaf - sabr va iymon timsoli

16.05.2025   1333   3 min.
Umayma binti Xalaf - sabr va iymon timsoli

Islom da’vati Makkada boshlangan davrlarda, Umayma binti Xalaf ibn As’ad ibn O’mir ibn Bayoza’ al-Xuzoiyya — iymon nurini qalbida tuygan ilk ayollardan biri edi. Uning qalbi iymonga ochiq, haqiqatni e’tirof qilishga tayyor edi. Turmush o‘rtog‘i – Xolid ibn Said ibn Os bir kecha ajib tush ko‘radi: o‘zini ulkan va dahshatli olov chetida turganini, otasi uni o‘sha olovga tashlayotganini ko‘radi, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa uni ushlab, olovdan qutqarayotgan ekan.

Uyg‘onib, bu tushni Abu Bakr roziyallohu anhuga aytdi. U kishi unga: “Bu yaxshilikning alomati. Sen Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergash, u seni jahannamdan qutqaradi”, dedilar. Xolid shunda Islomni qabul qildi va bu haqda rafiqasi Umaymaga aytdi. U ham, hech ikkillanmasdan, Islomni qabul qildi. Shu tariqa ular birinchi musulmon juftliklardan biriga aylandi.

Xolidning otasi uning musulmon bo‘lganini eshitgach, jahl qilib, uni chaqirtirdi. Uni haqoratladi, kaltakladi va uydan haydadi. “Men seni taom bilan ta’minlamayman!” dedi. Xolid esa qat’iyat bilan: “Agar siz bermasangiz, Robbim menga rizq beradi” – deb javob berdi. Shu zahoti uydan haydaldi va borib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonida bo‘ldi.

Umayma turmush o‘rtog‘iga sodiqlik bilan yordamchi bo‘ldi. U zulm, qiyinchilik va kambag‘allikka sabr qildi. Sabr va imon uning qalbida mustahkam ildiz otgan edi.

Nihoyat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga Habashistonga hijrat qilishni buyurganlarida, Xolid va Umayma ilk hijrat qilganlardan bo‘lishdi. Ular Habashistonda farzandli ham bo‘lishdi: o‘g‘illari – Said ibn Xolid va qizlari – Umma binti Xolid. Qizi keyinchalik “Ummu Xolid” nomi bilan mashhur bo‘ldi.

Ular Habashistonda o‘n yildan ziyod vaqt musofirlikda yashashdi. Keyinchalik Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Amr ibn Umayyani yuborib, ularni ikki kema bilan qaytardilar. Ular Madinaga qaytib kelganida, Payg‘ambarimiz alayhissalom Xaybarni fath qilgan edilar. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va musulmonlar bilan uchrashib, ajib shodlik va taskinga erishdilar.

Xolid ibn Said Umar ibn Xattob xalifaligi davrida hayot kechirdi va u “Marj as-Safar” jangida, hijriy 14 sanada shahid bo‘ldi. Bu xabarni eshitgan Umayma onamiz bu musibatiga sabr qildi, yuragi og‘riqda bo‘lsa ham, imoni bilan tasalli topdi. Chunki, Xolidni o‘ldirgan odam keyin Islomni qabul qilib: “Bu kim edi?. Undan osmonga chiqayotgan nurni ko‘rdim!” - degan edi.

Umayma binti Xalaf – sabrli, muhojir, mo‘min ayolning yuksak namunasidir. U umr yo‘ldoshini islom dinida qo‘llab-quvvatladi, hayotining quvonch va tashvishli lahzalarini birga o‘tkazdi va islom tarixida buyuk iz qoldirdi.

 

Ilyosxon AHMЕDOV
tayyorladi.

Mazkur maqola Abu Malik Muhammad bin Homid bin Abdulvahhobning
“Soliha ayollar haqida 150 qissa” nomli asaridan tarjima qilindi.