Mazhabimiz mavzusida so‘z yuritar ekanmiz, bunda uning kelib chiqish tarixi, xususiyatlari, boshqa mazhablardan farqli jihatlari va uning dunyo bo‘yicha tarqalish sabablari haqida gapirish maqsadga muvofiqdir.
Mazhab so‘zi lug‘atda yo‘l, yo‘nalish ma’nolarini anglatsa, istelohda shar’iy dalillardan fatvolar chiqarishda maxsus usul va qoidalarga tayanib ish ko‘rgan mujtahidning yo‘liga aytiladi. Ma’lumki, Islom olamining ahli sunna toifasi ichida to‘rtta fiqhiy mazhablar mavjud. Ular; Hanafiy, Molikiy, Shofe’iy va Hanbaliy mazhablaridir. Darvoqe, bu mazhablar kelib chiqishidan oldin ham turli mazhablar mavjud bo‘lib, u mazhablar muayyan bir shaxs nomi bilan emas balki, shahar va mintaqa aholisi nomi bilan atalgan. Masalan, Madinaliklar mazhabi, Makkaliklar mazhabi va hokazo. O‘z navbatida mazkur shahar yoki mintaqa aholisi o‘sha yerdagi ulamolarning fatvolariga amal qilishar edi. Aytaylik Madina ahli asosan sahobalardan Abdulloh ibn Umar, tobeinlardan Said ibn Musayyab va Urva ibn Zubayr (r.a)larning fatvolariga amal qilishgan. Makka aholisi Abdulloh ibn Abbosga va u kishining shogirdlari Mujohid ibn Jubayr, Ato ibn Abi Robah, Tovus ibn Kiysonga, Kufa aholisi Abdulloh ibn Mas’udga va u kishining shogirdlari Alqama ibn Qays, Asvad ibn Yaziyd, Masruqga, Basra aholisi Abu Muso al-Ash’ariy, Anas ibn Molik, Hasan Basriy, Muhammad ibn Siyriynga, Shom diyori aholisi Muoz ibn Jabal, Uboda ibn Somit, Abu Dardoga va ularning shogirdlari Abu Idris Al-Xavaloniy, Makhul ad-Dimashqiy, Umar ibn Abdulazizga, Misr aholisi esa Abdulloh ibn Amr ibn Osga ergashishar edi.
Tabiiyki, bir shahar aholisi mazhabi bilan boshqa shahar aholisi mazhabi o‘rtasida juz’iy farqlar mavjud edi. Buning sababi, fatvo beruvchi sahobiylarning hammasi ham Rosulullohdan vorid bo‘lgan hadislardan birdek xabardor emas edilar. Qolaversa, ularning ilmiy salohiyatlari ham, ijtihodiy yo‘nalishlari ham bir xil emas edi. Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham: “Ummatimning ixtilofi rahmatdir” degan muborak hadisni aytganlar va bundan aynan mana shu xildagi tafovutni nazarda tutganlar. Imom Molik (r.a.) ham o‘zlarining mashhur “Muvatto” (ommabop) kitoblarini yozilish tarixini zikr qilganlarida shunday degan edilar: Xalifa Abu Ja’far al-Mansur bilan hajda uchrashib qoldik, shunda u menga: “Men bilan sizdan boshqa olim qolmadi, men siyosat bilan mashg‘ulman. Siz odamlarga sunnat va fiqhni bayon qiluvchi bir kitob yozing. Faqatgina, unda Ibn Abbosning ba’zi masalalardagi ruxsatlarini, Ibn Umarning ba’zi masalalardagi qattiqqo‘lligini va Ibn Mas’udning ba’zi masalalardagi nodir so‘zlarini kitobga kirgizishdan saqlaning, uni ommabop qilib yozing” – dedi. Kitob ta’lif qilinib Abu Ja’far al-Mansurga taqdim qilinganda, u Imom Molikga: “Men bu kitobingizni Ka’baga osib qo‘ymoqchiman, uni butun Islom olamiga tarqatib, ixtiloflarga chek qo‘yish uchun odamlarni yolg‘iz shu kitobga amal qilishlariga majbur qilmoqchiman” – dedi. Shunda Imom Molik: “Yo‘q, unday qilmang, chunki sahobalar yer yuzi bo‘ylab tarqalib ketganlar. Ular men kitobga kirgizgan Hijoz aholisining hadislaridan boshqa hadislarni ham rivoyat qilishgan. Odamlar o‘sha hadislarni ham olganlar. Siz ularni o‘z hollariga qo‘ying” – dedilar.
Keyinchalik, zabardas ulamolar tomonidan sahobiy va tobeinlarning fatvolari jamlanib, ularni tahlil qilish orqali yangi mazhablar vujudga keldi va bu mazhablar mazhab sohibining nomi bilan atala boshladi. Xususan, Ko‘fada Hanafiy, Madinada Molikiy, Misrda Shofe’iy va Bog‘dodda Hanbaliy mazhablari paydo bo‘ldi.
Tarix nuqtayi nazaridan qaralsa, bu to‘rt mazhab ham bir-biri bilan bog‘liq, mazhab egalari o‘zaro bevosita yoki bilvosita bir-birlariga ustoz yoki shogird bo‘lishgan. Masalan, Abu Hanifa Imom Molik bilan ko‘rishgan, Imom Molik Imom Shofe’iyga ustozlik qilgan, Imom Shofe’iy esa Abu Hanifaning shogirdi Muhammad ibn Hasan bilan bevosita munozaralar qilgan. Shuningdek, Imom Shofe’iy Ahmad ibn Hanbalga ustozlik qilgan. Lekin shunga qaramay, har bir mujtahidning mazhab tuzishda o‘ziga xos ilmiy yo‘nalishi bo‘lgan.
Hanafiy mazhabi sohibi Imom A’zam Abu Hanifa (r.a.)ning o‘zlariga xos ijtihod yo‘llari mavjud bo‘lib, u kishi buni quyidagicha ta’riflaydilar: “Men hukmlarni Qur’ondan olaman. Agar Qur’ondan topa olmasam Rasululloh (s.a.v.)ning sunnatlaridan olaman. Agar Qur’ondan ham, Rasulullohning sunnatlaridan ham topa olmasam, sahobalardan xohlaganimning fatvosini olaman, xohlamaganimni olmayman. Keyin ularning so‘zlaridan chiqmayman. Ammo, tobeinlarga kelsak, masalan, Ibrohim an-Naxa’iy, Sha’biy, Hasan, Ibn Siriyn, Said ibn Musayyablarga kelsak, mening ham ularga o‘xshab ijtihod qilishga haqqim bor”. Bundan tashqari Abu Hanifa hadisni ishonchli kishilar orasida mashhur bo‘lmog‘ini, roviy o‘zi rivoyat qilgan hadisiga xilof amal qilmagan bo‘lishini shart qiladilar.
Ishonchli rivoyatlarga qaraganda Abu Hanifa bilan Al-Avzo’iy hajda uchrashib qoladilar. Al-Avzo’iy Abu Hanifaga: Nima uchun Iroq ahli namozda ruku’ga borishda va ruku’dan turishda ikki qo‘llarini ko‘tarmaydilar. Men Az-Zuhriydan eshitdim, u kishi Solimdan, u kishi Abdulloh ibn Umardan eshitganlarki: “Payg‘ambar alayhissalom namozda ruku’ga borishda va ruku’dan turishda ikki qo‘llarini ko‘tarar edilar”, - dedi. Abu Hanifa esa: Men Hammoddan eshitganman, u kishi Ibrohimdan, u kishi Alqamadan, u kishi Abdulloh ibn Mas’uddan eshitganlar: “Payg‘ambar alayhissalom namozda faqat takbirotul ehromda ikki qo‘llarini ko‘tarar va buni boshqa takrorlamas edilar”, - dedi. Shunda Al-Avzo’iy: Abu Hanifaga hayronman, men Az-Zuhriydan, Solimdan, Ibn Umardan rivoyat keltirsam, u menga Hammoddan, Ibrohimdan, Alqamadan, Ibn Mas’uddan rivoyat keltiryapdi?, - deb o‘zi keltirgan hadisning isnodi “oliy” ekanligiga ishora qildi. Abu Hanifa esa, sanadning oliyligiga emas, balki undagi roviylarning faqihligiga e’tibor berar edilar. Shuning uchun ham Al-Avzo’iyga: “Hammod Zuhriydan faqihroq, Ibrohim Solimdan faqihroq, agar Ibn Umarning sahobiy ekanliklarini e’tiborga olmaganda Alqama u kishidan faqihroq, Abdullohga kelsak, Abdulloh bu – Abdulloh”, - deb Ibn Mas’udning darajalarini alohida ta’kidladilar. Shundan so‘ng Al-Avzo’iy jim bo‘lib qoldi.
Abu Hanifa (r.a)ning va umuman hanafiy mujtahidlarning ijtihoddagi o‘ziga xosligi shundaki, boshqa mazhablardan farqli o‘laroq, ular qiyos va istehsonni keng qo‘llaydilar. Xususan, “istehson” tushunchasi ostida urfga ham alohida e’tibor qaratadilar.
Abu Hanifa (r.a.) birinchi bo‘lib taqdiriy (faraziy) masalalarda fatvo berishni yo‘lga qo‘ydilar. Hali ro‘y bermagan masalalarning yechimini oldindan aytib o‘tganlar. Natijada fiqh ilmining sohasi yanada kengaydi. Bu haqda Imom Shofe’iy (r.a.): “Fiqh bobida barcha Abu Hanifaga qaramdir”, - deganlar. Rivoyat qilinadiki, bir kuni Abu Hanifadan ustozlari Al-A’mash bir masalaning yechimi haqida so‘raydilar. Abu Hanifa unga javob beradilar. Al-A’mash: Sen bu hukmni qayerdan olding? – deb so‘raganda, Abu Hanifa: “o‘zingiz aytib yozdirgan hadisdan oldim”, - deb javob beradilar. Shunda, ustozlari: Men bu hadisni seni ota-onang hali bir-biri bilan topishmasdan oldin yodlagan edim, ammo uning haqiqiy ma’nosini mana endi tushundim, - deydilar. Demak, Abu Hanifa favqulotda o‘tkir fahm va zakovatga ega inson bo‘lganlar.
Hanafiy mazhabidagi fiqh masalalari uch qismga bo‘linadi: 1) asliy masalalar, 2) nodir masalalar, 3) fatvolar. Asliy masalalar – rivoyatlarning zohiri deb nomlangan masalalardir. Bular Abu Hanifadan va u kishining shogirdlari, masalan Abu Yusuf, Muhammad, Zufar va boshqa kishilardan rivoyat qilingan masalalardir. Lekin bu masalalarning aksari Abu Hanifa va u kishining ikki shogirdi Abu Yusuf va Muhammad ibn Hasan yoki ulardan birining gaplaridan iboratdir. Muhammad ibn Hasan asliy masalalarni “Zohir ar-rivoya” deb nomlanmish kitobga jam qilganlar. Nodir masalalar esa, Abu Hanifadan va u kishining shogirdlaridan rivoyat qilingan, ammo “zohir ar-rivoyat” kitobida keltirilmagan masalalardir. Fatvolar – mutaaxxir Hanafiy mujtahidlarning Abu Hanifa va u kishining shogirdlaridan rivoyat qilinmagan masalalarda mazhab usullari orqali chiqargan fatvolaridan iborat. Mazkur qismga oid birinchi kitob Abu Lays Samarqandiyning “Kitob an-navozil” kitobidir.
Mazhablarni dunyo bo‘yicha tarqalishining ham o‘ziga xos sabablari bor. To‘rtinchi hijriy asrga kelib ulamolar o‘zlari taqlid qilayotgan mazhablarini qo‘llab quvvatlab, uni ommaga yoyishga harakat qildilar. Mazhab boshlig‘ining manoqiblarini jamlab kitob ta’lif qilish, mazhablar o‘rtasidagi ixtilofli masalalarga xoslab kitoblar yozib, unda har qanday holatda ham o‘z mazhabining imomi keltirgan hujjatni quvvatlashga urunish, ulamolar o‘rtasida mazhablararo munoqashalar olib borish va hokazolar shular jumlasidandir. Bundan tashqari mazhablarning rivojlanishida, ularning keng tarqalishida siyosiy va ijtimoiy omillar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Masalan, Hanafiy mazhabi asosan Abbosiylar xalifaligi davrida gurkirab rivojlandi. Bunda o‘sha davrning qozisi, Abu Hanifaning katta shogirdi Imom Abu Yusufning xizmatlari katta. U kishi xalifalik hududidagi qozilik lavozimlariga faqat hanafiy mazhabidagi olimlarni tayin qildilar. Imom Molik Madinalik bo‘lganlari uchun Hijoz aholisi u kishining mazhablarini tutishdi. Shuningdek, haj ziyoratiga kelgan kishilar Imom Molik va u kishining mazhabidagi olimlar bilan muzokaralar olib borishi natijasida Afrika qit’asidagi davlatlarga Molikiy mazhabi kirib bordi. Shofe’iy mazhabining yoyilishida ahli hadislarning ta’siri katta bo‘ldi. Chunki, Shofe’iy ishonchli sunnatni Qur’ondek mahkam ushlagan, ohod hadislarni hujjat qilishni qattiq turib himoya qilar edilar. Bu esa, ahli hadislar uchun ayni muddao edi. Hanbaliy mazhabi esa faqatgina XIX asrga kelib Saudiya hukumatining yuzaga kelishi asnosida rivoj topdi.
Fatvo bo‘limi mudiri
H.Ishmatbekov.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam Rabbilari azza va jalladan hikoya qilib aytadilar: “Bir banda gunoh qilib qo‘ydi va: “Allohim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi”, dedi. So‘ng banda yana qaytdi va gunoh qildi. U: “Ey Rabbim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi”, dedi. So‘ng banda yana qaytdi va gunoh qildi. U: “Ey Rabbim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Shunda Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi. Xohlagan ishingni qil, seni mag‘firat qildim!” dedi”» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
“Va gunoh uchun jazolaydigan”, ya’ni o‘sha gunohni qilgan kishini azoblashga qodir ekanini bildi. Imom Buxoriy rivoyatida: “Bandamni mag‘firat qildim” degan ziyodasi bor.
Ulamolar bu hadisni ikki xil izohlaganlar:
Birinchisi, kim bir gunohiga xolis tavba qilib, unga qaytmaslikka qat’iy qaror qilsa, uning tavbasi maqbuldir. Shundan keyin nafsi yoki shayton g‘olib kelib, yana o‘sha gunohni qilib qo‘ysa-yu, so‘ng ikkinchi bor pushaymon bo‘lib, yana qaytmaslik ahdi bilan xolis tavba qilsa, uning tavbasi maqbuldir. Bu jarayon shu tarzda davom etaveradi. Hadisdan murod – har gal tavba qilayotganda “unga boshqa qaytmayman” degan azmu qarorda bo‘lish. Chunki tavba faqat quyidagi ikki asosiy shart bilan mukammal bo‘ladi: gunohni darhol to‘xtatish va unga boshqa qaytmaslikka qat’iy qaror qilish. Agar inson shu niyat bilan, ya’ni har safar “boshqa qilmayman” degan chin ahd bilan tavba qilsa-yu, lekin insoniy ojizlik yoki shayton g‘olib kelib, gunohni takrorlasa ham, uning tavbasi qabul qilinaveradi. Bu holat yuz, hatto ming marta takrorlansa ham. Modomiki, har tavbasini boshqa unga qaytmaslik azmu qarori bilan qilsa, Alloh uni kechiradi.
“Xohlagan ishingni qil, seni mag‘firat qildim!” Banda, modomiki, har safar gunoh qilganida pushaymon bo‘lib, istig‘for aytib, tavba qilar ekan, Alloh taolo uni kechiraveradi. Bu aslo gunohda davom etish degani emas, balki har gal xatodan so‘ng yangi tavba bilan poklanish demakdir.
Ikkinchisi, bu o‘rinda faqatgina istig‘for – Alloh taolodan mag‘firat so‘rash nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. Istig‘for tushunchasi tavbadan ko‘ra kengroqdir. Istig‘forda, tavbadan farqli o‘laroq, gunohni darhol to‘xtatish yoki unga qaytmaslik ahdi shart qilinmaydi, balki mag‘firatning o‘zi so‘raladi, xolos. Kim shu ma’noda istig‘for aytsa, uning gunohi kechirilishiga kafolat berilmaydi. Faqat Alloh taolo unga O‘z lutfi va marhamati bilan muomala qilib, kechib yuboradigan holatlar mustasno.
Shulardan ma’lum bo‘ladiki, hadisga berilgan birinchi izoh to‘g‘ridir. Chunki gunohda davom etaturib, tilida istig‘for aytadigan kimsalar shariatda qoralangan. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom: “Gunohidan tavba qilgan kishi go‘yo gunohi yo‘q kishi kabidir. Gunohni to‘xtatmay turib istig‘for aytuvchi kimsa esa Rabbisini masxara qilayotgan kishi kabidir” (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).
Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh aytadi: “Gunohni to‘xtatmasdan aytilgan istig‘for – yolg‘onchilarning tavbasidir”.
Hadisda “tavba” emas, “istig‘for” lafzi ishlatilgan bo‘lsa-da, bu lafz ko‘pincha tavba ma’nosida qo‘llaniladi. Garchi lug‘atda “istig‘for” faqatgina “kechirim so‘rash” ma’nosini bildirsa ham, shar’iy istilohda u ko‘pincha tavbani ham o‘z ichiga oladi.
Imom G‘azzoliy va boshqa ba’zi olimlar quyidagi fikrni ilgari surganlar: “Agar inson biror sababga ko‘ra biror gunohni butunlay tark etishga o‘zida kuch topa olmayotgan bo‘lsa, istig‘forni butunlay tashlab qo‘ygandan ko‘ra, pushaymonlik va istig‘for aytish bilan Allohga yuzlanib turishi afzaldir. Garchi bunday istig‘for mag‘firatni kafolatlamasa-da, inshoalloh, foydadan xoli bo‘lmaydi. Zero, bu istig‘for vaqti kelib, bandaning o‘sha gunohni haqiqiy tark etishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bunday kishi istig‘forni aslo tark etmasligi kerak”.
Tavbadagi nozik nukta shuki, banda tavba qilayotgan paytida o‘z ixtiyori bilan bu gunohga qaytmaslikka qalban azmu qaror qilishi kerak. Garchi uning qalbida “nafsim g‘olib kelib, men yana shu gunohni qilib qo‘ysam-chi?” degan xavotir bo‘lsa ham, tavbaning sahihligiga putur yetmaydi. Muhimi – tavbani chin ko‘ngildan gunohga qaytmaslik azmu qarori bilan qilish va unda sobit turishni Alloh taolodan so‘rash.
Tavba orqali banda o‘zining ojizligini va Parvardigorining mag‘firatiga muhtoj ekanini izhor qiladi. Mana shu haqiqiy bandalikdir. Shu yo‘l bilan u Alloh taoloning mag‘firatiga, marhamatiga erishadi, inshoalloh.
“Takmilatu Fathil mulhim” asari asosida Azizbek XOLNAZAROV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 9-sonidan