Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatidagi fojiada yurtdoshlarimiz halok bo‘lgani munosabati bilan xorijiy musulmonlari idoralari rahbarlari, muftiylar nomidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi nomiga hamdardlik maktublari kelishi davom etmoqda. Ularning ayrimlarini e’tiboringizga havola etamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi,
muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga
Bismillahir Rohmanir Rohim!
Hurmatli birodarim Usmonxon Alimov!
Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida yo‘lovchi avtobusning yonib ketishi natijasida halok bo‘lgan vatandoshlaringiz haqidagi habarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildim.
Shu munosabat bilan Ozarbayjon, Kavkaz musulmonlari va shaxsan o‘z nomimdan Sizga va birodar O‘zbekiston xalqiga chuqur ta’ziyamni izhor etaman.
Vafot etganlarning qarindoshlari va yaqinlariga bunday musibatni yengib o‘tishlari uchun Yaratgan Parvardigordan duo qilib so‘rayman. Barcha o‘tganlarning ruhini Alloh rahmatiga olsin!
Sizga doimo Qodir Allohning cheksiz marhamati yog‘ilsin! Omin!
Chuqur qayg‘u bilan,
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi,
shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda
Avval Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi professor, doktor Ali Erbosh, Qirg‘iziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Maxsatbek hoji Toxtamishev Qozog‘iston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Serikbay hoji Oraz ta’ziya bildirgani haqida xabar bergan edik.
Hamdardlik maktublari kelishi davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, bugun Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida “Moturidiy ta’limoti bilimdoni” intellektual bellashuvining Respublika bosqichi boshlandi.
Musobaqada O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalaridagi saralashdan o‘tgan talabalar ishtirok etmoqda.
Tadbir Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi.
Bellashuv Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish va uni targ‘ib qilishga qaratilgan. Ishtirokchilar moturidiylik ta’limotining asosiy qoidalari va aqidaviy yechimlari bo‘yicha o‘z bilimlarini namoyon etishmoqda.
Bu musobaqa — ilm, ma’rifat va sof e’tiqodni mustahkamlovchi muhim voqelik!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati