Rosululloh sollallohu alayhi va sallam “Ummatimning ixtilofi rahmatdir”, deganlar. Ixtilof o'zro qarama qarshilik, ma'nosini anglatsada, Rosululloh sollallohu alayhi va sallam o'z ummatlarida yuz beradigan ixtilofni rahmat, deb sifatladilar. Demak, bundan ko'rinadiki, dindagi ixtiloflar ichida maqtaladigan, ummat uchun rahmat bo'ladigan ixtilof ham mavjud. Bunday ixtilof islom ummatining ichki fitnasiga, ular o'rtasidagi urish janjallarga sabab bo'ladigan ixtilof bo'lmasligi lozim. Chunki Alloh taolo “Allohga va Rasuliga itoat qilingiz va nizolashmangiz, aks holda sustlashib ketursiz va “shamolingiz” (obro'yingiz) ketib qolur” (Anfol-46), degan. Rosululloh sollallohu alayhi va sallam Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda o'zaro nizolashishdan qaytarganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: Biz qadar borasida o'zaro tortishayotgan edik, Rosululloh sollallohu alayhi va sallam oldimizga chiqdilar va g'azab qilib, hatto yuzlari qizarib ketdi. Yuzlariga anor donalari siqilganidek bo'lib ketdi. So'ng bizga yuzlanib: “Sizlar shunga buyrildingizmi, men sizlarga shuni olib keldimmi?! Sizlardan oldingilar shu ish borasida nizolashganlari tufayli halok bo'ldilar. Bu haqda sizlar talashib tortishmaslaringizni qasd qildim”, dedilar. Yana boshqa bir hadisi sharifda: “Mening ummatim zalolat ustida jamlanmaydi. Agar ixtilofni ko'rsangiz savodi a'zamni (ko'pchilikdan iborat tarafni) lozim tuting”, deganlar.
Demak ba'zi dalillar ixtilofni qoralasa, ba'zilarida ixtilof maqtalmoqda. Dalillar o'rtasini muvofiqlashtirish uchun ulamolar ularda zikr qilingan ixtilof va nizolashuv iboralarini turlicha izohlashgan. Jumladan, “Ummatimning ixtilofi rahmatdir” degan hadisni quyidagicha tushuntirishgan: Mening ummatlarim ichidagi mujtahidlarining ijtihod joiz bo'lgan fa'iy-ikkilamchi masalalar borasidagi ixtilofi rahmatdir. Bu o'rindagi rahmat so'zining ma'nosi, kengchilik, engillik ma'nolarida bo'lib, ushbu iboraga ko'ra barcha mo''tabar mazhablar go'yoki alohida-alohida shariat kabi bo'ladi hamda Alloh taoloning engil va oson dini bo'lgan Islomni kengchilik yo'li ekanini ifodalaydi.
Bundan ko'rinadiki, ixtilof muqallidlar, ya'ni oddiy musilmonlarning ishi emas, balki mujtahidlarga doir vazifa bo'lib, ular o'z ijtihodlari bilan o'zaro shariat doirasida ixtilof qiladilar. Natijada bir masala borasida bir qancha qavllar yuzaga keladi. Bu esa vaziyat taqozo qilganda, majburlik o'rnida biror bir mujtahidning so'zini olib, unga amal qilish orqali tang vaziyatdan chiqib ketish imkonini beradi.
Demak, shariatda ruxsat berilgan “Ixtilof” so'zidan ‒ maqsad bir bo'lib, unga olib boruvchi yo'lning turlicha ekani tushunilishi lozim. Bunday ixtilof taraflarning o'zaro hurmatiga rahna solmaydi. Chunki ular bir e'tiqod va bir maqsadda bo'lganlari uchun o'zaro xurmatni yo'qotmaydilar.
Imom Buxoriy nomidagi
Toshkent Islom instituti
“Aqoid va fiqhiy fanlar kafedrasi”
o'qituvchisi Ya.Razzaqov
Al-Kisoiy al-Kufiy 119/737 yil Kufada dunyoga kelgan.
To‘liq ismi: Ali ibn Hamza ibn Abdulloh ibn Bahman ibn Fayruzm al-Kisoiy al-Kufiy. Imom al-Kisoiy yoshligida ilm o‘rganishga juda intilardi, lekin boshlang‘ich davrda muvaffaqiyat qozona olmasdi. Bir safar Qur’onni yod olishda qiynalgach, ustoziga: “Men hech narsani yodlay olmayapman, charchadim”, dedi.
Ustoz unga sabr qilishni va Qur’onning barakasiga ishonishni tavsiya qildi. Shundan so‘ng, Imom al-Kisoiy sabr bilan harakat qilib, Qur’onni mukammal yod oldi va keyinchalik mashhur qiroat imomlaridan biri bo‘ldi. Bu voqea sabr va mehnatning samarasini eslatadi.
Hayoti: Al-Kisoiy Kufada tug‘ilgan va tilshunoslikda ham, qiroatda ham yuqori maqomga ega bo‘lgan. Undan nega «Kisoiy» deb nom olganligi haqida so‘rashganida u, – "chunki men hajda kisoda (kiyimda) ehrom bog‘laganman", deb javob bergan ekan. U asli fors bo‘lib, Bani Asad qabilasining qullaridan edi.
Ilmiy faoliyati: Uning asosiy ustozlari Hamza al-Kufiy va boshqa yirik qiroatchilar bo‘lgan. Bundan tashqari Kufa maktabini asoschisi hisoblanadi.
Muoz al-Harro va Abu Ja’far Ruasiylarda nahvdan tahsil oldi. Ular-dagi ilmlarni olib bo‘lib, ulardan qoniqmay qolgach, Basraga kelib Iso ibn Umar, Abu Amr ibn al-Alo va Al-Xalil ibn Ahmaddan ilm o‘rgangan. Qiroatni esa Sho‘ba ibn Hajjojdan ta’lim olgan.
U zot juda ko‘p asarlar ham yozgan: "Kitab muxtasar fi an-nahv" (Nahvga oid qisqa bo‘lgan kitob), "Kitab al-hudud fi an-nahv" (Nahvdagi hadlar oid kitob), "Kitob al-qiroat (Qiroatga doir kitob)", "Kitab al-adad (Sonlarga doir kitob)", "Kitab ixtilaf al-adad (Sonlarning ixtilofiga oid kitob)", "Kitab al-huruf (Harflarga oid kitob)", "Kitab maoniy al-Qur’an (Qur’on ma’nolari haqidagi kitob)" kabi ko‘plab kitoblar yozgan.
Nahvdan Farro uning xos shogirdlaridan hisoblanadi.
Kisoiy 189/805 yil Roy shahrida vafot etgan.
Matkarimov Nurmuhammad,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.