Qur’oni karimni qiroat qilish savobi katta amal. Alloh taolo marhamat qilgan: “Allohning Kitobini tilovat qiladigan, namozni barkamol ado etadigan va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora ehson qiladigan zotlar sira kasod bo‘lmaydigan tijoratdan (ajru savob bo‘lishidan) umidvordirlar. Zero, (Alloh) ularning ajrlarini komil qilib berur va O‘z fazlini ularga yanada ziyoda qilur. Albatta, U mag‘firatli va oz xayrli amallarni ham qabul qiluvchidir” (Fotir, 29-30).
Bu oyatda dastlab Qur’on tilovat etish zikr qilinishi Qur’oni karimni o‘qish va unga amal qilish har bir mo‘min-musulmonning doimiy odati bo‘lishi lozimligiga ishora. Har bir musulmon namoz o‘qish uchun kerak bo‘lgan suralarni yoddan bilishi farzi ayn, Qur’oni karimni to‘liq yodlash esa farzi kifoyadir. Ya’ni, bir jamoadan ayrim kishilar uni to‘la yodlasa, boshqalarning zimmasidan soqit bo‘ladi.
Usmon roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Sizlarning eng yaxshilaringiz, Qur’onni o‘rganib, uni o‘rgatadiganlaringizdir”» (Imom Buxoriy rivoyati).
Qur’onni yodlash boshqa ilmlarni ham o‘zlashtirishga yordam beradi. Qur’on – nurdir. Uni yodlagan kishining qalbi munavvar bo‘ladi. Qalbning obodligi imon-e’tiqod va Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasuli akrom sollallohu alayhi vasallam: “Qalbida Qur’ondan bir oyat ham bo‘lmagan kishi xaroba uyga o‘xshaydi”, deganlar” (Imom Termiziy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Abu Zarr! Ertalab turib Allohning kitobidan bir oyat o‘rganishing sen uchun yuz rakat nafl namozidan afzaldir”, deya marhamat qilganlar.
Musulmon kishi Allohning kitobini imkoni qadar yodlashi kerak. Zero, Qur’onni yod olgan kishining maqomi ikki dunyoda yuksak bo‘ladi. Qur’oni karimni to‘liq yod olishning bir qancha uslublari bor. Quyida ulardan eng mashhurlarini keltiramiz:
1-uslub. Qur’on yarim bet yoki bir, ikki, uch, to‘rt, besh betdan boshidan oxirigacha uch yuz martadan o‘qib chiqiladi, ikkinchi qaytarishda ikki yuz martadan va uchinchisida esa, yuz martadan takror qilinadi.
2-uslub. Oldin har bir poraning faqat bosh betlari yodlab chiqiladi. Keyin ikkinchi betlari yod olinadi. So‘ngra uchinchi, to‘rtinchi va hokazo betlarini yodlash davom ettiriladi. Bu uslubda poralarning bo‘linish joylari yaxshi yodda qoladi.
3-uslub. Har bir bet yuztadan o‘qib chiqiladi. Bir marta to‘liq yodlab, xatm qilgach, ikkinchi marta yana boshqatdan xatm qilishni boshlaydi va yana yuz martadan takror qiladi. Xatmni tugatgach, yana boshidan boshlaydi. Shu tariqa sanog‘i mingtaga yetgunicha takror yodlayveradi.
4-uslub. Bir sura to‘liq, pishiq-puxta yodlanmagunicha boshqa surani yodlashga o‘tilmaydi. Bu uslub Qur’onni oxiridan boshiga qarab yod olishda qulay. Sahobalar roziyallohu anhumlarning Qur’on yodlash uslublari shunga yaqin bo‘lgan.
Gulobod QUDRATULLOH qizi,
“Xadichai Kubro” ayol-qizlar madrasasi mudarrisasi
O‘MI Matbuot xizmati
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi