Allohning zoti to‘g‘risida chuqur fikr yuritmaymiz. Uning dini haqida ham bahsu jadal qilmaymiz. Qur’oni karim to‘g‘risida ham xuddi shunday. Qur’on Allohning kalomi, uni Jabroil alayhissalom olib kelib, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ta’lim berganlar, deb imon keltiramiz. Qur’on so‘ziga teng keladigan so‘z yo‘q. Uni yaratilgan demaymiz. Allohning kalomi maxluq emas, balki uning lafzu harflari, qog‘oz va qiroati maxluq.
Musulmon jamoasiga muxolif bo‘lmaymiz. Qibla ahlini gunoh ish qilsalar ham kofir sanamaymiz, basharti uning gunoh ish ekanini inkor etmasa.
Imonli kishiga qilgan gunohi mutlaqo zarar bermaydi ham demaymiz. Solih mo‘minlarning tavbalarini qabul etib, gunohlaridan o‘tib, jannatga doxil qiladi, deb Allohdan umid qilamiz. Ammo ulardan qat’iy xotirjam bo‘lib, jannatiy deb guvohlik bermaymiz.
Mo‘minlarning gunohkorlari haqqiga istig‘for aytamiz. Ularga Allohning azobi bo‘lishidan xavfsiraymiz. Ammo ularni Allohning rahmatidan noumid qilmaymiz. Allohning azobidan xotirjam va rahmatidan noumid bo‘lish islomdan begona qilib qo‘yadi. Haqiqat umid va qo‘rquv o‘rtasidadir. Mo‘min kishi imondan chiqishi uchun imonga kirishiga sabab bo‘lgan narsalarni inkor etgan bo‘lishi kerak.
Imon Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Alloh tomonidan keltirgan barcha ma’lumotni til bilan iqror qilib, dil bilan tasdiqlashdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam orqali bizga yetkazilgan barcha shariat ahkomlari va izohlarini haq deb bilamiz.
«Aqoid matnlari»dan
O‘MI Matbuot xizmati
Ikkita bir-biriga o‘xshash oyat, lekin Alloh taolo ularni ikki xil xulosa bilan yakunlagan:
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ الْإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ (34)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, inson zulmkor va noshukrdir" (Ibrohim surasi, 34-oyat).
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ (18)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).
Birinchi oyatda: Insonning Allohga munosabati bilan tugatilgan!
Ikkinchi oyatda: Allohning bandaga munosabati bilan tugatilgan!
Alloh taolo naqadar buyuk Zot! Inson esa naqadar ojiz va nodon mavjudot.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV