O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligi arafasida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 ming 700 nafar sudlanganlarni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi.
Afv etish to‘g‘risidagi hujjatga muvofiq sudlanganlar tez orada oilasi bag‘riga qaytarildi va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanishi uchun jamiyatga qaytish imkoni berildi.
Avf etilgan fuqarolar va ichki ishlar idoralarining maxsus ro‘yxatida turgan shaxslar bilan ishlash tizimi yaratilib, ular turli jamoat tadbirlariga jalb etilmoqda.
Shunday tadbirlardan biri 2018 yil 21 yanvar kuni Toshkent shahrining Mirobod tumani hokimligi va bosh imom-xatibi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Adashib turli oqimlarga kirib qolgan, bugungi kunda ro‘yxatdan o‘chirilgan 23 nafar mirobodlik fuqarolar uchun tuman bosh imomi O.Xolmurodov taklifiga ko‘ra va tuman hokimining buyrug‘iga asosan Samarqand shahriga ziyorat sayohati uyushtirildi.
Tuman hokimiyati tomonidan ziyoratchilar uchun maxsus avtobus tashkillashtirilib, tushlik, borish-kelish xarajatlari hokimiyat tomonidan qoplandi.
Ziyoratchilar Imom Al-Buxoriy majmuasi, Shohi Zinda, Go‘ri Amir va Doniyor payg‘ambar ziyoratgohlarida bo‘lishdi. Safarda tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari va imom-xatib noiblari ham ishtirok etishdi.
O‘MI Matbuot xizmati
Er-xotin tez-tez urishib qolaverdi. Shunda ayoli eriga:
– Dadasi, qo‘shnilarimiz biror marta urishganini eshitmadim. Biz esa tez-tez janjallashib qolyapmiz. Qarshi bo‘lmasangiz, qo‘shni ayoldan buning sirini bilib kelaman, – dedi.
Eri rozi bo‘ldi. Ayol qo‘shni ayol bilan suhbatlashgani chiqib, undan oilada osoyishtalikni saqlash siri haqida so‘radi.
Bu paytda qo‘shni ayol oshxonada ovqat qilayotgan, uning eri esa stolda bir nimalarni yozib o‘tirgandi. Shunda birdan telefon jiringladi. Eri telefon oldiga borar ekan, bexos stol ustida turgan vazani turtib yubordi. Vaza yerga tushib, sindi. Bu holni ko‘rgan ayoli darrov kelib vazani siniqlarini tera boshladi. Eri ayoliga aybdorona qarab, uzr so‘radi. Ayoli esa: “Aslida men sizdan uzr so‘rayman. Chunki vazani stol ustiga – noqulay joyga qo‘ygan ekanman”, dedi.
Bu holni kuzatgan qo‘shni ayol uyiga qaytib keldi va nimalar ko‘rganini aytib berdi. So‘zi yakunida: “Oddiy bir ishda ular ikkalasi ham o‘zini aybdor hisoblarkan. Biz esa har ishda o‘zimizni haq, deymiz. Janjalimiz sababi shundan ekan”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Mana, osoyishtalik siri nimada ekan!
Akbarshoh Rasulov