18-yanvar kuni Qozog‘iston Respublikasining Akto‘be viloyatida sodir bo‘lgan fojea haligacha ko‘z o‘ngimizdan ketmayapti. Qanchadan-qancha vatandoshimiz, dindoshimiz olov ichra bu foniy dunyodan boqiy dunyoga rixlat qildilar. Biz bir-birlarimiz bilan bir tanu bir jonmiz. Biror bir do‘stimizga, birodarimizga, dindoshimizga zarracha tikon kirsa bizga kirgandek bo‘ladi. Shuning uchun ham bugun butun O‘zbekiston xalqi juda katta qayg‘uda, iztirobda turibdi. Mana shunday qayg‘u va iztirobli kunlarda bir-birlarimizning holimizdan xabar olish esa eng go‘zal fazilatlaridan hisoblanadi.
Shuning uchun ham Andijon viloyatining barcha masjidlarida Akto‘bedagi fojea qurbonlari esga olindi, ularning haqlariga Qur’oni karim tilovatlari qilinib, duolari bag‘ishlandi.
Kecha esa Andijon viloyati bosh imom-xatibi Nuriddin hoji Xoliqnazarov va bir guruh imom-xatiblarimiz Akto‘bedagi fojea qurbonlarining xonadon ahllariga ta’ziya izhor qilish, ularga hamdardlik bildirish maqsadida Qorasuv shahri va Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on, Kosonsoy tumanlaridagi xonadonlariga bordilar.
Mash’um fojeada halok bo‘lganlarning haqlariga Qur’on tilovati va duolar qilish, mag‘firat so‘rash va yaqinlariga tasalli berish barchamizning insoniylik burchimizdir. Inson qachon, qayerda va qanday holatda vafot etishini bilmaydi. Dinimizda biror fojea bilan vafot etgan mo‘minning darajasi yuqori bo‘lishi aytilgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida Kishi suvga g‘arq bo‘lib, o‘tda kuyib, tom ostida qolib, ayol kishi tulg‘oq chog‘ida vafot etsa, shahidlik maqomini topishini aytganlar.
Dinimizda o‘tganlarni eslash, ularga duoyi xayrlar qilish mo‘minlik haqlaridan hisoblanadi. Qur’oni karimda shunday deyilgan:
“Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: “Ey Rabbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!” (Hashr surasi, 10-oyat)
Shunday ekan, ushbu fojeada vafot etgan yurtdoshlarimizning haqlariga duo qilib, Yaratgan Parvardigordan ularning solih amallarini o‘zlariga hamroh qilishini, gunohlarini mag‘firat etishini, yotgan joylarini jannat bog‘laridan bir bog‘ qilishini iltijo qilib so‘raymiz. Ularning oila a’zolari va yaqinlarining musibatlariga sherik ekanimizni bildirgan holda sabru jamil tilaymiz.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ba’zi oilalarda ko‘radigan holatlarimizdan biri, agar ayol kasal bo‘lib qolsa, eri uni ayolning uyiga olib borib qo‘yadi. Tuzalganidan keyin esa o‘zining uyiga qaytarib olib keladi. Bunday ish tutish muruvvat sohiblariga aslo yarashmaydigan ishdir. Bunda ayolning nafsiga aziyat berish bordir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Badr g‘azotida qatnashmadilar, g‘oib bo‘ldilar. Chunki u zotning ayollari Ruqayya binti Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qattiq betob edilar...
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u zotga: “Senga Badrga qatnashgan va o‘q otgan kishining ajri bo‘lur”, deganlar.
Endi o‘ylab ko‘r, Alloh seni va meni rahm qilsin, Nabiy sollallohu alayhi vasallam qanday qilib (bemor) ayolini yonida bo‘lish va unga qarashni Allohning yo‘lidagi mujohidning ajri bilan teng o‘ringa qo‘yganlariga qara!
Har qanday jangchi emas, balki Badrda ishtirok etgan jangi bilan (teng o‘ringa qo‘ydilar). Alloh taolo Badr ahliga nazar solgan va bu g‘azot haqida Nabiy sollallohu alayhi vasallam as’hoblariga qarata: “Alloh Badr ahliga qarata “Istaganingizni qiling, sizlarni mag‘firat qildim” dedi”, degan edilar.