Kuni kecha Buyuk Britaniyadagi masjidlar rahbarlari XXI asr Britaniyasida masjidlarning o‘rniga bag‘ishlangan yirik anjumanda ishtirok etishdi.
“Emsibi” axborot portalida tadbirni Buyuk Britaniya musulmonlar kengashi mamlakatdagi masjidlar faoliyatini yaxshilash maqsadida uyushtirgani xabar qilingan.
Eslatib o‘tamiz: “Tumanli albion” nomini olgan ushbu yurtda uch milliondan ortiq musulmon aholisiga bir yarim mingdan ziyod masjid xizmat ko‘rsatadi.
“Bizning masjidlarimiz – bizning kelajagimiz” shiori ostida o‘tkazilgan anjumanda 450dan ortiq ishtirokchilar zamonaviy masjidlarning imkoniyatlari va muammolarini o‘rganib chiqdilar.
Bundan tashqari, “Eng yaxshi masjidlar, jamoaviy tavsiyalar” deb nomlangan dastur tatbiq qilinib, unda masjidlar qanday qilib o‘z xizmatlarini kengaytirishi masalasi ko‘rildi.
Anjumanda islomofobiyani (islomdan asossiz qo‘rqish) bartaraf etish, xayriya ishlari, turli mavzularda seminarlar tashkil qilish va OAV bilan muntazam aloqada bo‘lish masalalari muxokama qilindi. Britaniya musulmonlar kengashi Bosh kotibi Xorun quyidagi fikrni bildirdi: “Bugungi kunda Qirollikdagi ko‘plab masjidlar jamoatchilikka turli xizmatlarni taklif qilmoqda. Biz ana shu tajribalarni o‘rtoqlashib boshqa masjidlarning ham shunday faoliyat olib borishga turtki bo‘lishimiz kerak”.
Alisher Sattorov tayyorladi.