Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2024   |   27 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2024, 27 Jumadul soni, 1446

Aqidada adashmaylik

23.01.2018   7883   13 min.
Aqidada adashmaylik

“Aqida” so‘zi lug‘atda aqd ya’ni tugish, bog‘lash, mahkamlash ma’nolarini anglatadi. Masalan, bay boylash, aqdi nikoh kilish, tugun tugish va shu kabi so‘z birikmalarida ham aqd ma’nosi bor. “Aqida” so‘zining shar’iy atamasi esa, biror narsaga shak-shubhaga o‘rin qolmaydigan darajada qat’iy ishonishga aytiladi. Demak, aqida qalbda sodir bo‘ladigan jarayon bo‘lib, u inson qalbidan ishongan, o‘zi uchun e’tiqod, din qilib olgan narsalarga aytiladi. Agar, o‘sha qat’iy ishongan narsasi to‘g‘ri bo‘lsa, u to‘g‘ri aqida hisoblanadi, agar botil bo‘lsa, botil aqida sanaladi. Huddi ahli sunna val jamoa aqidasi to‘g‘ri aqida va adashgan firqalar aqidasi esa botil aqida deganga o‘xshab.  

Aqida masalasi inson hayotida eng muhim o‘rin tutgan masalalardan sanalib, uning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lishligi insonning dunyo va oxiratining obod yoki barbod bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham aqida masalasi insonlar o‘rganishi lozim bo‘lgan ilm darajasiga ko‘tarilgan.

Aqida ilmi eng sharafli ilm hisoblanadi. Zero, aqida ilmi orqali eng sharofatli ma’lumotlarga ega bo‘linadi. Demak, ma’lumotlarning sharofatliligiga qarab ilmning sharafli ekanligi ma’lum bo‘ladi.

Alloh taolo Qur’oni karimni arablarga va arab bo‘lmaganlarga arab tilida va ularning bayon qilish uslubida nozil qildi. Shuning uchun ham sahobalar uning ma’nolarini anglay oldilar, oyatlardan murod nima ekanligini tushundilar. Ba’zida tushunmay qolgan joylarini esa Rasululloh s.a.v. tafsir qilib berdilar, shuningdek, Qur’oni karimda bayon qilinmagan masalalar va ahkomlarni Rasululloh s.a.v. hadislari orqali yetkazdilar. Shu tariqa sahobalar Allohning dinini bevosita Allohning elchisidan oldilar. Keyinchalik, Islom diniga tili va millati arab bo‘lmagan kishilar ham kirib kela boshladi. Tabiiyki, ular Qur’oni karimning bayon uslubi, jumlalarining tuzilishi, ba’zi so‘zlarning ma’nolari, ulardan ko‘zda tutilgan maqsadlarni anglashdan ancha yiroq edilar. Shu vaqtga kelib Alloh taolo Ali r.a.ga ilhom berdi, u kishi arab tili e’robi va qoidalarini tuzib chiqdilar. Natijada, nahf ilmi, keyinchalik sarf, balog‘at kabi ilmlar paydo bo‘ldi. Shu zaylda arab tilining qonun-qoidalari, asoslari, uslublari, sohalariga bog‘liq ilmlar turi ko‘paydi. Bularning barchasi, Qur’oni karimni tushunishga xizmat qilish maqsadida paydo bo‘ldi.

Keyinchalik, arab bo‘lmagan musulmonlar yoki arab bo‘lsada zohirida musulmonlikni da’vo qilib, aslida musulmonlar o‘rtasida fitna chiqarish niyatida bo‘lgan kimsalar avvalgi musulmonlarga notanish bo‘lgan diniy aqidalar va tushunchalarni tarqata boshladilar. Natijada, katta tobeinlar va ulardan keyingi ulamolar mazkur tushunchalarni to‘g‘ri talqin qilishga chaqirishlari orqali Islom qonun-qoidalari, imon arkonlari, ularga doir masalalar misollari bilan keltirilgan holda ishlab chiqildi. Alloh taolo ba’zi ulamolarni Qur’oni karim oyatlari, Payg‘ambar a.s.ning sunnatlari orqali, hatto aqliy va mantiqiy dalillar bilan buzuq e’tiqodlarni fosh etishlariga muvaffaq qildi. Natijada aqida ilmi, boshqacha aytganda kalom ilmiga asos solindi.

Birinchi bo‘lib katta tobeinlardan bo‘lmish imom Abu Hanifa r.h. aqida masalalarining asosiga bag‘ishlangan bor yo‘g‘i bir necha sahifadan iborat bo‘lmish “Al-Fiqhul Akbar” nomli kitoblarini ta’lif qildilar. Keyinchalik, boshqa ulamolar tomonidan ehtiyojdan kelib chiqqan holda mazkur kitobga sharhlar yozildi va kerakli o‘rinlarda tavhid ilmiga aloqador bo‘lgan mavzular unga qo‘shimcha qilindi. Muhaddis va faqih imom Ubu Ja’far At-Tahoviy r.h. aqidaga oid o‘n sahifadan iborat “Bayanus sunnati val jamaati” nomli kitoblarini bitgandan keyin bir necha asr o‘tib, unga o‘nlab va yuzlab sahifalardan iborat sharhlar bitildi. Ayniqsa, kalom ilmi sohasiga ikki buyuk imom – Abul Hasan Al-Ash’ariy va Abu Mansur Al-Moturidiy – bag‘oyat ulkan fayz baxsh etdilarki, ularning asarlari keyingi kelgan ulamolarning ijodlariga asos bo‘lib xizmat qildi. Jumladan, Al-Boqilloniy, Al-G‘azzoliy, Al-Juvayniy va boshqalar mazkur ikki zotning chashmalaridan qondilar. 

Alloma Ibn Hajar Al-Haytumiy r.h. kalom ilmini Al-Ash’ariyga nisbat berib shunday degan: “U avvalgilarning aqida borasida tutgan yo‘lini, hujjat va dalillarning o‘rnini bayon qilib bergan. Keyingilar esa faqatgina atamalarni va nomlarnigina qo‘shimcha qilishgan”. Aynan shunday gapni imom Ali Al-Alqoriy o‘zining “As-Simarul janiyya” asarida imom Al-Moturidiy haqida ham aytgan edi.

Uchinchi asrdan keyin ba’zi e’tiqod masalalarida aqliy va fikriy uslublar, mantiqiy va falsafiy yondashuvlar zarurati tug‘ilishini vaqt taqozo etdi. Masalan, xoliqning borligining vojibligi va undan boshqa narsalarning barchasi hodis ekanligi haqidagi fikrlarni ilgari surish bilan ulamolar Islom dushmanlariga qarshi chiqa oldilar. O‘z navbatida bu uslub muayyan vaqtda va muayyan ulamolar tomonidan sodir bo‘lgan ijtihod edi. Albatta, ijtihod ahli har qanday holatda ham savobdan benasib bo‘lmasligi hadislar orqali sobit bo‘lgan.

Salaf ulamolar Qur’oni karimdagi birorta mutashobih oyatning tafsiri haqida savol so‘ragan kishini qattiq qoralar edilar. Chunki, savol beruvchining niyati agar fitna chiqarish, bid’atga yo‘l ochish bo‘lsa, albatta, u inkor qilinishga hatto, ta’zir berilishga haqlidir. Bordi-yu, maqsadi unday bo‘lmagan taqdirda ham gunohga sabab bo‘lgani uchun dakki berilishga mustahiqdir. Chunki, bunday masalaning ko‘tarilishi munofiq va dinsizlarga musulmonlar o‘rtasida shubha uyg‘otish va fitnaga yo‘l ochilishiga sabab bo‘lib qolar edi. Shunday voqealardan birini Sulaymon ibn Yasor rivoyat qiladilarki, Subayg‘ ibn Asal nomli kishi Madinai Munavvaraga kelib Qur’oni karimdagi mutashobih oyatlar va yana bir qancha narsalar haqida savollar so‘rab yura boshladi. Bu voqea Umar ibn Xattob r.a.ga yetib bordi. Umar u kishini toptirib keldilar va unga: Sen kimsan, dedilar. U: Men Allohning bandasi Subayg‘man, dedi. Shunda Umar ibn Xattob r.a.: Men Allohning bandasi Umarman, deb oldindan tayyorlab qo‘ygan xurmo daraxtining navdasidan yasalgan savag‘ich bilan boshiga savalay ketdilar. Boshi yorilib, qoni yuziga oqib tusha boshlaganida Subayg‘: Ey, mo‘minlarning amiri yetadi, boshimda paydo bo‘lgan bemani savollar chiqib ketdi, deb yolvordi.

Yahyo ibn Ya’mar r.h. aytadilar: Basrada birinchi bo‘lib taqdir haqida so‘z ochgan kimsa Ma’bad Al-Juhaniy bo‘ladi. Men va Humayd ibn Abdurrahmon haj safariga otlandik. Safarimiz davomida Rasululloh s.a.v.ning sahobalaridan biror kishini uchratsak albatta, undan taqdir haqida so‘raymiz, deb oldimizga maqsad qilib qo‘ydik. Ittifoqo, masjidga kiraverishda Abdulloh ibn Umarga yo‘liqdik. Birimiz o‘ng, ikkinchimiz chap tomonlaridan o‘rtamizga oldik va men so‘ray boshladim: Ey, Abu Abdurrahmon! Bizning yurtimizda shunday odamlar chiqganki, ular Qur’on o‘qiydilar, ilmni da’vo qiladilar. Shu bilan birga ular taqdirni yo‘q deydilar. Ya’ni, Alloh taolo hech bir narsaning taqdirini azalda bitmagan, har bir ish o‘zicha bo‘ladi, deb aytadilar. Shunda Ibn Umar: Ularni ko‘rganingda aytib qo‘y, mening ular bilan aloqam yo‘q, ular ham mendan emaslar. Alloh nomi bilan qasam ichib aytamanki, agar ularning birortasida Uhud tog‘ichalik tillosi bo‘lib, hammasini infoq qilib yuborganidayam to taqdirga imon keltirmagunicha Alloh uning ehsonini qabul qilmaydi, dedilar va Imon, Islom va Ehson haqida kelgan hadisni aytib berdilar. U hadisda taqdirga ishonmoqlik imonning sharti ekanligi bayon qilingan (Imom Muslim va As'hobi sunan rivoyati).

Ali r.a. davrlarida gunoh qilgan kishini kofirga chiqaradigan Xavorijlar toifasi paydo bo‘ldi. Ular, gunohi kabira qilib o‘lgan kishi kofirlar bilan birga do‘zaxga tushadi, deyishar va gunohkor musulmonlarga shafoat qilinishini inkor etishar edi. Yazid ibn Suhayb Al-Faqir aytadilar: Menga xavorijlarning ba’zi fikrlari yoqib qolgan edi. Men yosh yigit edim. Bir necha kishilar bilan haj safariga otlandik. Haj qilib bo‘lgach odamlarga javorijlarning fikrlarini tarqatamiz, degan maqsadimiz bor edi. Madinai Munavvaradan o‘tishimizda masjid ustunlarining biriga suyanib, jamoatga Rasululloh s.a.v.ning hadislaridan aytib berayotgan Jobir ibn Abdullohni uchratib qoldik. U kishi jahannamiylar haqida so‘zlayotgan ekanlar. Shunda men: Ey, Rasulullohning sahobiysi! Alloh taolo Qur’onda “Ey, Rabbimiz! Kimni Sen do‘zaxga kirgizsang, albatta, uni xor qilgan bo‘lasan...” (Oli Imron, 192) va “Fosiq bo‘lgan kimsalarning maskanlari esa do‘zaxdir. Har qachon undan chiqmoqchi bo‘lsalar, yana unga qaytarilurlar...” (Sajda, 20), degan. Xavorijlarning bu oyatlarni hujjat qilishiga nima deysiz, dedim. U zot: Ey bolam! Sen Qur’on o‘qiysanmi? – deb so‘radilar. Men: Ha, dedim. Qiyomat kunida Alloh taolo Muhammad a.s.ga ato etadigan “maqtovli maqom” haqida eshitganmisan? – deb so‘radilar. Men: Ha, dedim. Ana o‘sha maqtovli maqom orqali Alloh taolo do‘zaxdan chiqadiganlarni chiqaradi, dedilar so‘ngra, sirot ko‘prigi va undan odamlarning o‘tishini ta’riflab berdilar. Do‘zaxdan chiqarilgan qavm go‘yo kunjutning poyasiga o‘xshab ketgan bo‘lishi, so‘ngra jannat anhorlarida yuvinishgach huddi daftarning oppoq varaqlariga o‘xshab qolishigacha so‘zlab berdilar. Shundan so‘ng biz bir-birimizga qarab, bu shayx Rasulullohning nomidan yolg‘on gapirishlari mumkinmi, dedik va hammamiz o‘z fikrimizdan qaytdik. Boshqa rivoyatda, Jobir r.a.: Shafoat haqida Allohning kitobida bayon etilgan, deb quyidagi oyatni o‘qidilar: “(Ular do‘zax ahliga): “Sizlarni Saqarga nima kiritdi?” (deganlarida), ular ayturlar: “Bizlar (dunyoda yashaganimizda) namozxonlardan emas edik, miskinga (bizga bergan Allohning boyligidan) taom beruvchi ham bo‘lmadik. Bizlar (behuda so‘zlarga) sho‘ng‘iydiganlar bilan birga sho‘ng‘ir edik. Jazo kunini (qiyomatni) yolg‘onga chiqarar edik. To aniq narsa (o‘lim) kelgunicha”. Endi shafoatchilarning shafoati ularga foyda bermas” (Muddassir, 42-48). Demak, shafoatning kofirlarga foyda bermasligidan, mo‘minlarga shafoat qilinishi bor ekanligi kelib chiqadi.

Keyinchalik musulmonlar orasida mo‘minlarning jannatda rabbilarini ko‘rishlarini inkor etuvchilar, Allohning kalomi bo‘lmish Qur’onni maxluq deguvchilar, insonda xech qanday ixtiyor ham kasb ham yo‘q balki, inson huddi esayotgan shamolda uchib yurgan qushning patiga o‘xshaydi deguvchilar, shuningdek, Alloh taoloni jismga o‘xshatib sifatlaydigan, Uni nuqsonlardan poklash da’vosi bilan Qur’onda va Sunnatda sobit bo‘lgan sifatlarini inkor qiladiganlar va shunga o‘xshash aqidaviy masalalarda adashgan toifalar birin ketin paydo bo‘la boshladi. Har gal musulmonlar hayotida yuzaga kelgan bunday bid’at va fitnalarga qarshi haqiqatni isbotlab beradigan, botil aqidalarga raddiya berib, uni bartaraf etishga qurbi yetadigan ulamolar ham yetishib chiqdilar. Shu tariqa kalom ilmi takomillashib, unga oid masalalar ham ko‘payib bordi.

Bizning davrimizga kelib Islom dini haqida bilimlarini oshirish maqsadida o‘qib-o‘rganayotgan, xususan internet tarmog‘idan foydalanayotgan yurtdoshlarimiz, ayniqsa yoshlarning soni ortib borayotgani ma’lum. Ammo, ana shu saytlarning barchasida ham aqidaviy masalalarda bizning diyorimizda an’ana bo‘lgan Moturidiya aqidasiga muvofiq fikrlar berilmaydi. Aqida masalalarida yetarli bilimga ega bo‘lmaganlar o‘zlari bilmagan holda Moturidiya aqidasiga xilof bo‘lgan masalalarda bilib bilmay so‘z aytib qo‘yishlari musulmonlar o‘rtasida fitna chiqishiga sabab bo‘lib qolishi mumkin. Ayniqsa, hozirgi vaqtda dunyo musulmonlarini tashvishga solib turgan Suriya va Iroqda sodir etilayotgan qonli voqealarga sabab ham aynan aqidaviy masalalarni to‘g‘ri anglamaslikdandir. Masalan, amalni imonning shartlari qatoriga kiritish bilan Islom shariatida buyurilgan amallarni bajarmayotgan yoki dinda qaytarilgan ishlarni qilayotgan kishilarni mo‘min emas, degan ayblov bilan ularning qonini to‘kish va mollarini talon taroj qilish halol deyayotganlari ilm ahllariga ma’lum.

Xulosa shuki, aqida masalasi mo‘min-musulmonlar hayotida juda muhim o‘rin tutishi bilan birga, o‘ta nozik va hassos mavzu sanaladi. Shuning uchun mo‘min-musulmonlar bu sohada o‘zbilarmonchilik bilan fikr yuritmasliklari balki, soha bo‘yicha yetarli ilmga ega bo‘lgan mutaxassislardan so‘ramoqliklari maqsadga muvofiqdir.

                                                                         

Fatvo bo‘limi mudiri

Homidjon Ishmatbekov.

O‘MI Matbuot xizmati 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Safar soati

27.12.2024   2048   6 min.
Safar soati

Ba’zi ulamolar insonning hayot bilan vidolashuv damlarini “safar chog‘i”, “safar soati” deyishadi. Xususan, mashhur olim Oiz Qarniy “Sahobalar hayotidan xotiralar” kitobida Amr ibn Os roziyallohu anhuning “safar soati” haqida so‘z yuritib, bu vaqtning rostgo‘ylik, ruhning pok­lanishi, oshkoralik va shaffoflik onlari ekanini ta’kidlaydi. 
 

Bu vaqtda o‘lim to‘shagida yotgan insondan dunyo bezaklariga intilish, ig‘vo, munofiqlik, soxtakorlik kabi illatlar chekinar va u o‘zining haqiqati bilan yolg‘iz qoladi. Hatto Fir’avn ham jon berish onida ichidagi maxfiy haqiqatni oshkor qilib, bunday degan:

لا إِلَهَ إِلا الَّذِي آَمَنَتْ بِهِ بَنُو إِسْرَائِيلَ وَأَنَا مِنَ الْمُسْلِمِينَ

“Iymon keltirdimki, Isroil avlodi iymon keltirgan Zotdan o‘zga iloh yo‘qdir. Men ham musulmonlardanman” (Yunus surasi, ٩٠-oyat).


Mashhur sahobiy Amr ibn Os roziyallo­hu anhu o‘lim to‘shagida yotarkan, yuzini devorga burib olgandi. Atrofida o‘tirgan do‘stlari va o‘g‘li Abdulloh Amr ibn Osga Misrni fath etib, Islomning yoyilishi­ga katta hissa qo‘shganini, Allohning rahmatidan umidvor bo‘lishini eslatar, u zot bo‘lsa, o‘zini qanday oqibat kuta­yotganini bilmagani bois qo‘rquvdan yig‘lardi.


Amr ibn Os roziyallohu anhu so‘nggi lahzalarini boshdan kechirar ekan, yashab o‘tgan hayotini xotirlab, bunday xulosaga keladi: “Mening umrim uch bosqichda o‘tdi. Islomdan oldin jaholat bosqichida yashadim. O‘sha paytda eng yomon ko‘rganim Rasululloh sollallohu alayhi va sallam edilar. Har qancha hiyla-nayrang ishlatib bo‘lsa ham, u zotni o‘ldirishga tayyor edim. Islomni qabul qilgach, Madinaga hijrat qildim. Bu hayotimdagi ikkinchi bosqich, ya’ni kufrdan Islomga o‘tish bosqichi edi...”


Amr ibn Os Makkadan Madinaga Xolid ibn Valid bilan birga hijrat qilgandi. Ular Madinaga yaqinlasharkan, Amr ibn Os Xolid ibn Validga: “Yo oldinda yur yoki orqada qol. Mening gunohlarim ko‘p. Rasulullohga ular haqida aytmoqchiman. U zot bilan yolg‘iz qolishni istayman”, dedi. Shundan so‘ng Xolid ibn Valid oldinga o‘tib ketdi. Amr ibn Os ro­ziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga ke­lib: “Qo‘lingizni bering, bay’at qi­laman”, dedi.


Rasululloh Amr ibn Osga bay’at uchun qo‘llarini cho‘zganlarida, u payg‘ambarimizning muborak qo‘llarini mahkam ushlab oldi. Nabiy alayhissalom: “Senga nima bo‘ldi, ey Amr?” deb so‘radilar. Amr ibn Os: “Men shart qo‘ymoqchiman, ey Allohning Rasuli”, dedi. U zot: “Nimani shart qo‘yasan?” dedilar. Amr ibn Os: “Rabbim o‘tgan gunohlarimni mag‘firat qilishini shart qilib qo‘yaman”, dedi. Amr ibn Os johiliyat davrida Islomga qarshi janglarda qatnashgan va ko‘pgina gunoh ishlarga qo‘l urgandi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Amr, bilmaysanmi? Islom o‘zidan oldingi narsalarni yo‘q qiladi (gunohlarni kechiradi)”, dedilar.


Amr ibn Os roziyallohu anhu aytadi: «Qo‘limni Rasululloh sollallohu alay­hi va sallamning qo‘llariga qo‘yib, bay’at qildim. Shundan so‘ng muhabbat va itoatkorlik ila u zotga hamroh bo‘ldim. U zot men uchun insonlarning eng sevimlisi edilar. Islomdan avvalgi nafratim muhabbatga aylandi. Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamga bo‘lgan hurmatim sababidan u zotga tik qaray olmaganman. Agar mendan u zotni tasvirlab berishimni so‘rasangiz, bu ishni uddalay olmayman. Chunki u zotga bo‘lgan muhabbatim, ehtiromim va hayoim sababli Rasulullohning yuzlariga qaray olmaganman. Ana shu muhabbat tufayli qaytadan dunyoga kelgandek bo‘ldim... Koshkiydi, o‘sha holatimda vafot topgan bo‘lsam. Chunki mazkur holat din uchun kurash, ilm, tavba va hidoyat kabi his-tuyg‘ularni o‘zida jamlagandi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan so‘ng o‘zgarib qoldim. Bu hayotimning uchinchi bosqichi edi. Bu bosqichda dunyo men bilan oshkora o‘yin qildi. Siffin va Jamal kabi fitnali hodisalar sodir bo‘ldi. Allohga qasam, jannatga kiramanmi yoki do‘zaxgami, bilmayman!.. Hozir birgina kalima bor, xolos. Uni Allohning huzurida o‘zim uchun hujjat qilaman. Bu: “La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lah. Lahul-mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shay’in qodir” kalimasidir».


Shundan so‘ng Amr ibn Os roziyallohu anhu kaftini mahkam siqdi va ruhi tanasidan chiqib ketdi. Uning o‘g‘li Abdulloh ibn Amr aytadi: “Otamni yuvgani olib kirdik. G‘assollar uning barmoqlarini yuvish uchun ochmoqchi bo‘ldilar, lekin ular mahkam siqilgandi. So‘ng uni kafanlash uchun barmoqlarini ochdik, lekin ular yana yopilib qoldi. Uni qabrga qo‘yganimizda ham qo‘llari mahkam siqilgandi”...


Ushbu voqea zamirida barchamiz uchun ulkan saboq bor. Amr ibn Os roziyallohu anhuning naqadar samimiyligi, tavhid kalimasini dili va tilida mahkam tutib, Rabbisiga yuzlanganiga havasdamiz, albatta.


Amr ibn Os roziyallohu anhu umrini uch bosqichga bo‘ldi. Bizning “safar soati”miz qanday kecharkin? Hayotimiz necha bosqichdan iborat bo‘ladi? Umrimiz qanday kechyapti? Rabbimiz biz ojiz bandalariga bu borada ham O‘z “taklif”ini taqdim etgan. Oli Imron surasi ٨-oyatida bunday duo bor:

رَبَّنَا لَا تُزِغْ قُلُوبَنَا بَعْدَ إِذْ هَدَيْتَنَا وَهَبْ لَنَا مِنْ لَدُنْكَ رَحْمَةً إِنَّكَ أَنْتَ الْوَهَّابُ

“Robbanaa laa tuzig‘ quluubanaa ba’da iz hadaytanaa vahab lanaa mil-ladunka rohmah. Innaka antal Vahhaab”.

“Ey Rabbimiz, bizni hidoyat yo‘liga solganingdan keyin dillarimizni (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘dirma va bizga hu­zuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen Vahhob (barcha ne’matlarni tekin ato etuvchi)dirsan”. 


Mehribon Zot barchamizni ushbu duo-oyat haqiqati bilan rizqlantirsin! 

Mavjuda NURIDDINOVA
 tayyorladi.

Maqolalar