1-savol: “Ahli sunna val jamoa aqoidi” kitobini o‘qib, undagi bir hadis to‘g‘risida so‘ramoqchi edim: “Ummatim yetmish uch firqaga bo‘lingaydir. Bularning hammasi do‘zaxdadir. Illo, bittasi (najotdadir)”, deyilgan.
Javob: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bir necha firqalarning paydo bo‘lishi to‘g‘risida bashorat qilganlar:
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qildilar: “Ummatim yetmish uch firqaga bo‘lingaydir. Ularning hammasi do‘zaxdadir. Illo, bittasi (najotdadir). Shunda ular kim deyildi. U zot: “Mening va sahobalarimning yo‘lini tutganlardir”, dedilar” (Imom Termiziy, Ibn Moja va Abu Dovud rivoyatlari).
Hadisi sharifda aytilganidek, yahudiy toifasi yetmish bir, nasroniy toifasi yetmish ikki, Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) ummatlari yetmish uch firqaga bo‘lingan. Har bir musulmon botil mazhablarning xato yo‘llaridan saqlanish uchun ahli sunna val jamoa aqidasini yaxshi bilishi zarur.
Ahli sunna val jamoadan tashqari yetmish ikki firqaning o‘zagi yettita bo‘lib, ular mo‘tazila, shia, xavorij, xorijiya, murji’a, najjoriyya, jabariyya va mushabbihalardir.
Ular yana o‘z oralarida sodir bo‘lgan ixtiloflar natijasida besh, o‘n va yigirma firqaga bo‘linib, 72 firqani tashkil qiladi. Achinarli tomoni shundaki, adashgan firqalarning barchasi bir-birlarini “kofir” deb ayblaydilar.
Yetmish ikki firqaga bo‘linib ketganlar asosan o‘zlarining havoyi nafslari va shayton ig‘vosiga uchganlar bo‘lib, ulardan mo‘tazilalar 20, shialar 22, xavorijiylar 20, murji’alar 5, najjoriyyalar 3, jabariyyalar 1, mushabbihalar 1 firqaga bo‘lindilar va jami 72 firqa bo‘ldi. Ularning ba’zilarini e’tiqodlari bid’at, ba’zilariniki esa kufrgacha borib yetdi.
Yuqoridagi taqsimotni Shayx Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviy o‘zining “Jome’ul mutun fiy haqqi anvois sifotil ilohiyya va aqoidil moturidiyya va lafzil kufri va tas'hihil a’molil ajibiyya” (Alloh taoloning turli sifatlari, moturidiyya aqoidi, kufr so‘zlari izohi va amallarni to‘g‘ri bajarish haqida matnlar to‘plami) kitobida boshqacharoq ko‘rsatgan. Unda aytilishicha, zalolatda bo‘lgan mazhablar bir necha guruhlarga bo‘linadi:
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan keyin o‘rtaga chiqqan turli xil oqimlar o‘zlarining bid’atchi ekanini anglab yetishmagan.
Islom dinini niqob qilib olib, olimlik da’vo qilayotgan kishilardan ehtiyot bo‘lish zarur. Ularga aslo befarq bo‘lmaylik. Dinda befarq bo‘lish aslo yaramaydi.
2-savol: Bugungi kunda masjidlarimizda namozxonlar har xil shaklda namoz o‘qishmoqda. Har kim o‘z ixtiyori bilan xohlagan mazhabiga ergashishi mumkinmi?
Javob: Mutaaxxir (keyingi) ulamolar musulmonlarni muayyan bir mazhabga ergashishlari vojib, deganlar. Chunki har bir musulmon o‘zi to‘g‘ridan to‘g‘ri Qur’on va hadisdan hukmlarni olish imkoniyatiga ega emas. Va yana har kim o‘zi bilganicha amal qiladigan bo‘lsa, omma o‘rtasida turli ixtilof va nizolarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Mana shunday ko‘ngilsizliklarning oldini olish, jamiyat barqarorligini saqlab qolish maqsadida ulamolar musulmonlarni muayyan bir mazhabga ergashishlarini vojib deganlar.
3-savol: Men mazhablar o‘rtasidagi namozdagi farqni so‘ramoqchi edim. Biz qaysi hadisni olganmiz boshqa mazhabdagilar qaysi hadisni olgan. Shunga to‘liq ma’lumot bersangiz. Alloh rozi bo‘lsin.
Javob: Siz “Kifoya” kitobini olib namoz bobini o‘qib chiqing. Ushbu kitobda mazhabimizga ko‘ra namoz o‘qishning dalillari batafsil bayon qilingan.
4-savol: Bir do‘stim Litva davlatida ishlayapti u yerda bir masjid bor va do‘stim ishlayotgan joydan ancha uzoq va shu masjidning imomi tojik millatiga mansub domla bo‘lib, boshqa mazhabda ekan. Juma namozlarini ado etish uchun qandaydir yechim bormi?
Javob: O‘sha boshqa mazhabda bo‘lgan imomga iqtido qilgan holda o‘z mazhabiga muvofiq ado etaveradi. Namozni boshida takbiri tahrimada qo‘l ko‘tarishda unga ergashadi. Qolgan o‘rinlarda imom qo‘l ko‘tarsa ham, u ko‘tarmay o‘qiyveradi. Bir mazhab vakili ikkinchi mazhab vakiliga iqtido qilishi durust.
5-savol: Mazhab nima? Mazhab dunyo bo‘yicha nechta?
Javob: Mazhab degani boradigan yo‘l degan ma’noni anglatadi. Dinimizda haq deb e’tirof qilingan fiqhiy mazhablar to‘rtta bo‘lib, ular hanafiy, molikiy, shofi’iy va hanbaliy mazhablaridir.
6-savol: Men masjidda yonimda namoz o‘qiyotgan kishini ko‘rsatgich barmog‘ini yuzlantirayotganiga ko‘zim tushti. Bu bizning hanafiy mazhabimizga to‘g‘ri keladimi?
Javob: Bu amalni “ishoratu sabboba”deyiladi, hanafiy ulamolarimiz ham uni namozning sunnatlaridan deb hisoblaydilar.
7-savol: Nega mazhablar har xil namoz o‘qiydi? Qaysi hadislarni hujjat qilib olishgan. Hamma mazhablarning qaysi hadisni hujjat qilib olishganini qisqa qilib tushuntirib bersangiz. Mazhab o‘zgartirish gunoh emasmi.
Javob: Sizga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Ixtiloflar haqida”, “Ixtiloflar, sabablar, yechimlar”, “Mazhablar birlik ramzi” nomli kitoblaridan birini, eng kamida birinchisi – eng kichik hajmlisini o‘qib chiqishni tavsiya qilamiz. Batafsil ma’lumot va tushunchaga ega bo‘lasiz, inshaalloh!
O‘MI Matbuot xizmati
#Haj_2025
Yurtimizda davlatimiz va hukumatimiz tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli so‘nggi yillarda mo‘min-musulmonlar Islomning barcha ruknlari, xususan, haj amallarini to‘la-to‘kis ado etmoqdalar.
2016 yilda 5200 nafar vatandoshimiz haj amallarini ado etgan bo‘lsa, 2017 yildan bunday sharafga erishganlar soni yana ikki ming kishiga ko‘payib, 7200 nafarga yetdi. 2022 yilda 12 mingdan ziyod, 2023–2024 yillarda esa 15 mingdan ortiq mo‘min-musulmon hajni ado etdi.
Bu yil ham 15 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning beshinchi ruknini ado etadilar, inshoalloh.
Bugun Toshkent shahridagi «Shayx Zayniddin» jome masjidi majlislar zalida shu yil hajga boruvchi guruh rahbarlari ishtirokida ilk yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Haj va umra markazi bo‘limi boshlig‘i Maqsud Karimov qatnashgan yig‘ilishni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domda Yunusov kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Tadbirda Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridan bu yil ellikboshi bo‘lib hajga boruvchi diniy soha xodimlari ishtirok etgan bo‘lsalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Surxondaryo viloyatlaridan boruvchi guruh rahbarlari ZOOM platformasi orqali onlayn qatnashdilar.
Yig‘ilishda guruh rahbarilariga haj mavsumidagi muhim vazifalar eslatilib, ularga guruhlar aniq bo‘lgach, ziyoratchilar bilan uchrashib, Islomning beshinchi rukni bo‘lgan hajga puxta tayyorgarlik ko‘rishlari, ehrom bog‘lash, hajning arkonlari, shartlari, farzlari, vojib va sunnatlarini atroflicha tushuntirishlari zarurligi qayd etildi.
Alloh taolo bu yilgi haj mavsumini yuqori saviyada o‘tkazishni nasib etsin. Har bir ziyoratchining haji mabrur bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati