Og‘ir kunlarda doimo bir-biriga yelkadosh bo‘lgan xalqimiz shu kunlarda Qozog‘istonda ro‘y bergan fojiadan halok bo‘lgan hamyurtlarimiz oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, ta’ziya bildirishda davom etishmoqda. Hatto qo‘shni va olis viloyatlardan ham kelib, bunday qayg‘uli kunlarida sherik ekanlarini izhor qilishmoqda. Savobli ishlarda peshqadam bo‘lgan imom-xatiblarimiz bu ishda ham ibrat bo‘lishmoqda. Zero, mo‘min-musulmonlar og‘a-ini ekanlari Qur’oni karimda ta’kidlangan: “Albatta, mo‘minlar dinda o‘zaro birodardirlar...” (Hujurot, 10).
Mana shu xitobni o‘zlariga shior qilgan Toshkent viloyati imom-xatiblari bosh imom-xatib Xayrullo Turmatov boshchiligida fojiada qurbon bo‘lganlarga hamdardlik bildirish uchun kecha, 22 yanvar kuni Namangan viloyatiga borishdi. Viloyatdagi har bir xonadonga kirib, mash’um fojiada halok bo‘lganlarning haqlariga tilovati Qur’on o‘qib, duolar qilindi. Dinimizda biror fojia bilan vafot etgan mo‘minning darajasi yuqori bo‘lishi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadislarining birida kishi suvga g‘arq bo‘lib, o‘tda kuyib, tom ostida qolib, ayol kishi tulg‘oq paytida vafot etsa, shahidlik maqomini topishini aytib, musibat egalariga tasalli berildi.
Imom-domlalar Yaratgan Parvardigordan halok bo‘lganlarning solih amallarini o‘zlariga hamroh qilishini, gunohlarini mag‘firat etishini, yotgan joylarini jannat bog‘laridan bir bog‘ qilishini iltijo qilib so‘rashdi. Ularning oila a’zolari va yaqinlarining musibatlariga sherik ekanlarini bildirib, sabru jamil tilashdi.
O‘z navbatida musibat egalari hamdardlik izhor qilinganidan mahzun ko‘ngillari yorishgani va ulamolar qayg‘ulariga sherik ekanlari boshlariga kelgan qayg‘uni biroz aritganini ta’kidlashdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Dunyoda shunday ishlar borki, Alloh taologa suyukli bo‘ladi. Ulardan biri ko‘ngilni shod etish hisoblanadi.
Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Alloh taologa farz ibodatlardan keyin eng maqbul ish – musulmon kishining ko‘ngliga surur (xursandchilik) yetkazishdir”.
Darhaqiqat, o‘zga kishining ko‘nglini olish, uni xursand qilish xayrli amallardandir. Hazrati Alisher Navoiy:
Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay, deya bejiz aytmagan.
Musulmonning ko‘ngliga ozor berish esa, xunuk ishlardandir. Bu haqda xalqimizda: “Dilozordan Xudo bezor”, degan naql bor.
Alloh taolo barchamizni o‘zgalarga ozor berishdan saqlab, Alloh taologa suyukli bo‘lgan ishlarni qilishga muvaffaq aylasin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘MIning
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi