Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatidagi fojiada yurtdoshlarimiz halok bo‘lgani munosabati bilan xorijiy musulmonlari idoralari rahbarlari, muftiylar nomidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi nomiga hamdardlik maktublari kelishi davom etmoqda. Ularning ayrimlarini e’tiboringizga havola etamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi,
muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga,
Hurmali Muftiy hazratlari!
Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida ro‘y bergan fojiali hodisada 50 dan ziyod o‘zbekistonlik qardoshlarimiz qurbon bo‘lgani bizni chuqur qayg‘uga soldi. Shu munosabat bilan men Qozog‘iston mo‘min-musulmonlari nomidan Sizga chuqur ta’ziya bildiraman.
Mazkur fojiali hodisa tufayli halok bo‘lgan o‘zbekistonlik qardoshlarimiz haqqiga Qozog‘istonning barcha masjidlarida juma namozida duolar qilindi.
Alloh taolodan marhumlarni o‘z rahmatiga olishini so‘raymiz. Haq taolo bu musibat o‘rnini xayrli ishlar bilan to‘ldirsin.
Kamoli ehtirom bilan,
Qozog‘iston musulmonlari
idorasi raisi, muftiy Serikbay hoji ORAZ
Avval Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi professor, doktor Ali Erbosh, Qirg‘iziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Maxsatbek hoji Toxtamishev ta’ziya bildirgani haqida xabar bergan edik.
Hamdardlik maktublari kelishi davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik shodiyonalariga sanoqli kunlar qoldi. Ayyom arafasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bemorlar, keksalar holidan xabar olinib, ularga bayram tuhfalari yetkazib berilyapti.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida imom-domlalar, homiylar poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "Islomobod" masjidida yig‘ilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent shahar filiali hamda homiylar ko‘magida tayyorlangan oziq-ovqatlar jamlanmasi, shirinliklardan iborat ehsonlar bilan xonadonlarga kirib borildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar bayram tuhfalarini olib, aziz yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligiga yana bir karra amin bo‘lishdi.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin. Savoblarini ko‘paytirib bersin!
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati