Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Yanvar, 2025   |   16 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:39
Shom
17:23
Xufton
18:41
Bismillah
16 Yanvar, 2025, 16 Rajab, 1446

Najot topuvchi bandalar

22.01.2018   4502   3 min.
Najot topuvchi bandalar

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: Mo‘min­lar najot topdilar (Mu’minun, 1).

Bu oyat, shubhasiz, mo‘minlarning ikki dunyoda ham najot topishiga dalolat qiladi. Chunki oyatdagi «najot topdilar» iborasi o‘tgan zamon fe’lida bo‘lib, u kelasi zamondagi «najot topadilar» ma’nosidan kuchlidir. Shu bois ta’kid bilan aytilgan «najot topdilar» oyati mo‘min banda bor-ki, uning, albatta, najot topishi haqligini bildiradi. Najot topadigan mo‘minlarning sifatlari quyidagi oyatlarda bayon qilingan.

– «Ular namozlarida  o‘zlarini kamtar tutuvchi­dirlar» (Mu’minun, 2).

«namozlarida  o‘zlarini kamtar tutuvchilar»dan murod namozni xushu’, huzu’ bilan ado etuvchi mo‘minlardir. Har bir mo‘min-musulmon ibodatini Allohning ko‘rib turganini bilib, qabul bo‘lishiga umid qilib ado etishi zarur. Alloh taolo xushu’ va huzu’ bilan qilingan ibodatlarni qabul qiladi.  

–  «Ular behuda (so‘z va ishlar)dan yuz o‘giruvchidirlar» (Mu’minun, 3).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishining behuda narsalarni tark etishi xulqining go‘zalligidandir”, dedilar (Imom Termiziy, Ibn Moja rivoyati).

–  «Ular zakotni ado etuvchidirlar» (Mu’minun, 4).

Moliyaviy ibodat bo‘lgan zakot dinimizning ustunlaridan biri bo‘lib, u Qur’oni karimning yigirma yetti o‘rnida namoz bilan barobar zikr qilingan.  

– «Ular avratlarini (haromdan) saqlovchidirlar» (Mu’minun,5).

Dunyo aholisi hayotiga jiddiy xavf solayotgan OITS kasalligini keltirib chiqaruvchi asosiy xatar – zinodir. Bu bedavo dardga chalingan bemorlar sonining yil sayin ortib borishiga, asosan,  zinodan saqlanmaslik sabab bo‘lmoqda.

– «Ular (mo‘minlar) (odamlarning bergan) omonatlariga va (o‘zaro bog‘lagan)ahd-paymonlariga rioya etuvchidirlar» (Mu’minun,8).

Omonatga rioya, unga xiyonat qilmaslik, va’daga vafo qilish ham mo‘minlarning sifatlaridan, imonining belgilaridandir.

Oyatda kelgan mo‘minlarning yana boshqa sifatlaridan biri «Ular namozlarini asraguvchi (vaqtida ado etuvchi)dirlar» (Mu’minun,9). Zero, «...namoz mo‘minlarga vaqti tayin etilgan va (farz deb) bitilgandir» (Niso, 103).

Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Allohga qaysi amal mahbubroq?” deb so‘radim. “O‘z vaqtida o‘qilgan namoz”, dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin odamlar: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xulqlari qanday edi?” deb so‘raganlarida, Oysha onamiz roziyallohu anho Mu’minun surasining dastlabki to‘qqiz oyatini o‘qib, “Xulqlari xuddi shu oyatlarda aytilgandek edi”, deganlar».

Mu’minun surasida vasf etilgan sifatlardan xulqlanishga harakat qilaylik. Shunda Allohning najot topuvchi bandalaridan bo‘lamiz.

Shokirjon HAMROYEV,
Qarshi tumanidagi "Jumabozor" jome masjidi  imom-xatibi

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺning meroslari tarqatilmoqda

13.01.2025   8985   1 min.
Rasululloh ﷺning meroslari tarqatilmoqda

Maqolaning audio shakli

Sahobalar ichida eng zehni o‘tkiri Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Kunlardan birida bozorga bordim. Odamlarning mol-dunyo bilan ovora ekanliklarini ko‘rib ularga:

– Siz bu yerda savdo-sotiq bilan mashg‘ulsiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslari tarqatilayotganidan xabaringiz yo‘qmi? – dedim. Savdogarlar qo‘llaridagi mollarini tashlab:

– Yo‘q, qayerda? – deb hovliqib so‘radilar.

– Falon masjidda, – deb javob berdim. Ular shoshib masjid tomon yugurib ketishdi.

Ammo birozdan so‘ng qaytib kelib:

– Nega bizni aldadingiz? Masjidda hech qanday meros tarqatilmayapti-ku? –deyishdi.

Men:

– Qanday qilib? Axir masjidda kimlarni ko‘rdingiz? – deb so‘radim.

Ular:

– Qur’on o‘qiyotgan qorilarni va hadis o‘rganayotgan tolibi ilmlarni, –deyishdi.

– Ana shu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslaridir, – deb javob berdim.

“O‘zimdan so‘ng sizga ikki narsa qoldirdim, agar ularni mahkam tutsangiz hargiz adashmaysiz. Ular Allohning kitobi va Payg‘ambarning hadisidir”, degan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavotu salomlar bo‘lsin”.

Davron NURMUHAMMAD