Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Mo‘minlar najot topdilar” (Mu’minun, 1).
Bu oyat, shubhasiz, mo‘minlarning ikki dunyoda ham najot topishiga dalolat qiladi. Chunki oyatdagi «najot topdilar» iborasi o‘tgan zamon fe’lida bo‘lib, u kelasi zamondagi «najot topadilar» ma’nosidan kuchlidir. Shu bois ta’kid bilan aytilgan «najot topdilar» oyati mo‘min banda bor-ki, uning, albatta, najot topishi haqligini bildiradi. Najot topadigan mo‘minlarning sifatlari quyidagi oyatlarda bayon qilingan.
– «Ular namozlarida o‘zlarini kamtar tutuvchidirlar» (Mu’minun, 2).
«namozlarida o‘zlarini kamtar tutuvchilar»dan murod namozni xushu’, huzu’ bilan ado etuvchi mo‘minlardir. Har bir mo‘min-musulmon ibodatini Allohning ko‘rib turganini bilib, qabul bo‘lishiga umid qilib ado etishi zarur. Alloh taolo xushu’ va huzu’ bilan qilingan ibodatlarni qabul qiladi.
– «Ular behuda (so‘z va ishlar)dan yuz o‘giruvchidirlar» (Mu’minun, 3).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishining behuda narsalarni tark etishi xulqining go‘zalligidandir”, dedilar (Imom Termiziy, Ibn Moja rivoyati).
– «Ular zakotni ado etuvchidirlar» (Mu’minun, 4).
Moliyaviy ibodat bo‘lgan zakot dinimizning ustunlaridan biri bo‘lib, u Qur’oni karimning yigirma yetti o‘rnida namoz bilan barobar zikr qilingan.
– «Ular avratlarini (haromdan) saqlovchidirlar» (Mu’minun,5).
Dunyo aholisi hayotiga jiddiy xavf solayotgan OITS kasalligini keltirib chiqaruvchi asosiy xatar – zinodir. Bu bedavo dardga chalingan bemorlar sonining yil sayin ortib borishiga, asosan, zinodan saqlanmaslik sabab bo‘lmoqda.
– «Ular (mo‘minlar) (odamlarning bergan) omonatlariga va (o‘zaro bog‘lagan)ahd-paymonlariga rioya etuvchidirlar» (Mu’minun,8).
Omonatga rioya, unga xiyonat qilmaslik, va’daga vafo qilish ham mo‘minlarning sifatlaridan, imonining belgilaridandir.
Oyatda kelgan mo‘minlarning yana boshqa sifatlaridan biri «Ular namozlarini asraguvchi (vaqtida ado etuvchi)dirlar» (Mu’minun,9). Zero, «...namoz mo‘minlarga vaqti tayin etilgan va (farz deb) bitilgandir» (Niso, 103).
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Allohga qaysi amal mahbubroq?” deb so‘radim. “O‘z vaqtida o‘qilgan namoz”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin odamlar: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xulqlari qanday edi?” deb so‘raganlarida, Oysha onamiz roziyallohu anho Mu’minun surasining dastlabki to‘qqiz oyatini o‘qib, “Xulqlari xuddi shu oyatlarda aytilgandek edi”, deganlar».
Mu’minun surasida vasf etilgan sifatlardan xulqlanishga harakat qilaylik. Shunda Allohning najot topuvchi bandalaridan bo‘lamiz.
Shokirjon HAMROYEV,
Qarshi tumanidagi "Jumabozor" jome masjidi imom-xatibi
O‘MI Matbuot xizmati