Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Yanvar, 2025   |   22 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:43
Peshin
12:40
Asr
15:46
Shom
17:30
Xufton
18:47
Bismillah
22 Yanvar, 2025, 22 Rajab, 1446

Najot topuvchi bandalar

22.01.2018   4688   3 min.
Najot topuvchi bandalar

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: Mo‘min­lar najot topdilar (Mu’minun, 1).

Bu oyat, shubhasiz, mo‘minlarning ikki dunyoda ham najot topishiga dalolat qiladi. Chunki oyatdagi «najot topdilar» iborasi o‘tgan zamon fe’lida bo‘lib, u kelasi zamondagi «najot topadilar» ma’nosidan kuchlidir. Shu bois ta’kid bilan aytilgan «najot topdilar» oyati mo‘min banda bor-ki, uning, albatta, najot topishi haqligini bildiradi. Najot topadigan mo‘minlarning sifatlari quyidagi oyatlarda bayon qilingan.

– «Ular namozlarida  o‘zlarini kamtar tutuvchi­dirlar» (Mu’minun, 2).

«namozlarida  o‘zlarini kamtar tutuvchilar»dan murod namozni xushu’, huzu’ bilan ado etuvchi mo‘minlardir. Har bir mo‘min-musulmon ibodatini Allohning ko‘rib turganini bilib, qabul bo‘lishiga umid qilib ado etishi zarur. Alloh taolo xushu’ va huzu’ bilan qilingan ibodatlarni qabul qiladi.  

–  «Ular behuda (so‘z va ishlar)dan yuz o‘giruvchidirlar» (Mu’minun, 3).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishining behuda narsalarni tark etishi xulqining go‘zalligidandir”, dedilar (Imom Termiziy, Ibn Moja rivoyati).

–  «Ular zakotni ado etuvchidirlar» (Mu’minun, 4).

Moliyaviy ibodat bo‘lgan zakot dinimizning ustunlaridan biri bo‘lib, u Qur’oni karimning yigirma yetti o‘rnida namoz bilan barobar zikr qilingan.  

– «Ular avratlarini (haromdan) saqlovchidirlar» (Mu’minun,5).

Dunyo aholisi hayotiga jiddiy xavf solayotgan OITS kasalligini keltirib chiqaruvchi asosiy xatar – zinodir. Bu bedavo dardga chalingan bemorlar sonining yil sayin ortib borishiga, asosan,  zinodan saqlanmaslik sabab bo‘lmoqda.

– «Ular (mo‘minlar) (odamlarning bergan) omonatlariga va (o‘zaro bog‘lagan)ahd-paymonlariga rioya etuvchidirlar» (Mu’minun,8).

Omonatga rioya, unga xiyonat qilmaslik, va’daga vafo qilish ham mo‘minlarning sifatlaridan, imonining belgilaridandir.

Oyatda kelgan mo‘minlarning yana boshqa sifatlaridan biri «Ular namozlarini asraguvchi (vaqtida ado etuvchi)dirlar» (Mu’minun,9). Zero, «...namoz mo‘minlarga vaqti tayin etilgan va (farz deb) bitilgandir» (Niso, 103).

Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Allohga qaysi amal mahbubroq?” deb so‘radim. “O‘z vaqtida o‘qilgan namoz”, dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin odamlar: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xulqlari qanday edi?” deb so‘raganlarida, Oysha onamiz roziyallohu anho Mu’minun surasining dastlabki to‘qqiz oyatini o‘qib, “Xulqlari xuddi shu oyatlarda aytilgandek edi”, deganlar».

Mu’minun surasida vasf etilgan sifatlardan xulqlanishga harakat qilaylik. Shunda Allohning najot topuvchi bandalaridan bo‘lamiz.

Shokirjon HAMROYEV,
Qarshi tumanidagi "Jumabozor" jome masjidi  imom-xatibi

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Jelatinning hukmi

14.01.2025   5133   3 min.
Jelatinning hukmi

Jelatin – suyuq modda bo‘lib, hozirda ba’zi dori vositalirida va oziq-ovqat mahsulotlarida ishlatiladi. U hayvonlarning terisi va suyaklaridan olinadi. Agar shu hayvonlar shar’an go‘shtini yeyish mumkin bo‘lgan jonzot bo‘lsa, u holda zarari yo‘q. Ammo, u hozirda musulmon  bo‘lmagan yurtlardan keltiriladigan, asbob-uskunada shar’iy so‘yilmagan hayvonlardan olingan bo‘lsa, qaraladi. Agar jelatin hayvon suyagidan olingan bo‘lsa hanafiylar nazdida – joiz. Chunki suyakda hayot bo‘lmaydi. o‘limtikning hayot nishonasi yo‘q bo‘lgan a’zolari pok hisoblanadi. Shu sababli ularning oldi-sotdisi hanafiylarda joizdir. Biroq, jelatin agar shar’iy so‘yilmagan hayvonlar terisidan olingan bo‘lsa ba’zi hamasirlar: "U – halol, sababi, hayvon terisiga kimyoviy ishlov berilganida uning mohiyati o‘zgarib ketadi, boshqa narsaga aylanishi bilan hanafiy mazhabiga ko‘ra halol, pok bo‘ladi” deyishmoqda. Men o‘zim ba’zi korxonalarda bu amaliyotga guvoh bo‘ldim. Lekin, menimcha bu amaliyot teri mohiyatini yo‘q qilib yuborishga kifoya qilmaydi. to‘g‘ri, bu yerda ba’zi kimyoviy amaliyotlar bo‘ladi, lekin hamma kimyoviy amaliyotlar ham mohiyatni o‘zgartib, boshqa narsaga aylantira olmaydi. Bunga dalil, go‘shtni pishirishda ham kimyoviy o‘zgarishlar amalga oshriladi, biroq: “Go‘shtning mohiyati pishirish bilan boshqa narsaga aylandi», deyilmaydi. Aks holda hamma harom qilingan go‘shtlarni pishirgandan keyin yeyish halol bo‘lib qolardi. Menga shu borada mutaxassis bo‘lgan kishilar: "Jelatin tayyorlash uchun terilarda o‘tkaziladigan bu amaliyotlar terining mohiyatini yo‘q qilib yubormaydi, faqat bu amaliyot terilarni tozalashda va ularni suyuq moddaga aylantirishda ishlatiladi", deyishdi. Qattiq narsalarni suyultirishning o‘zi uning mohiyatini o‘zgartirmaydi. Shu sababli haligacha terining mohiyati yo‘qolib ketish masalasi menga ayon bo‘lgani yo‘q.

Lekin bu amaliyotni ko‘rib, mutaxassislarga murojaat qilgandan so‘ng menga ma’lum bo‘ldiki, bu amaliyotlar bilan terining oshlanishi  hosil bo‘ladi. «Hidoya» sohibi aytadi: “Hidni va fasodni ketkazuvchi narsa oshlovchidir”. Terilarda amalga oshirilayotgan bu amaliyotlarda uni tozalash, namligini ketkazish uchun «lime» (teridan tukni  to‘kib yuboruvchi vosita) va «alkalai» vositalari ishlatiladi. Buni mutaxassislar aytib o‘tishgan. Bu borada yana do‘stlarimdan biri, shayxi sarfaroz Muhammad hafizahullohning ilmiy bahsi bor. O‘zlari fiqh fanidan mutaxassis bo‘lishlari barobarida, kimyo sohasida ham mutaxassisligi bor. U zot: "Bu amaliyot – terini haqiqiy oshlash bo‘ladi, lekin u  teri mohiyatini yo‘q qilolmaydi" - degan xulosaga kelganlar.

Shar’iy so‘yilmagan hayvonlarning suyagi pok va terisi oshlash orqali poklanganidek, bu ikkisidan olingan jelatin ham pok hisoblanadi va hanafiylar nazdida oziq-ovqatdan boshqa narsalarda istemol qilish joiz. ammo uni yeyish uchun ishlatishga kelsak, hanafiylarda berilgan fatvoga ko‘ra, bu – joiz emas. Jelatinlardan olingan kapsulalar bilan davolanish, bir shart bilan ruxsat etiladi: u ham bo‘lsa, jelatin cho‘chqa terisi yoki suyagidan olinmagan bo‘lishi kerak. Biroq davolanishdan boshqa o‘rinlarda, modomiki mohiyati yo‘qolib ketmas ekan, uni iste’molidan saqlanish kerak. Jelatinning oldi-sotdisi cho‘chqadan  olinmagan bo‘lsa joiz, yuqorida aytib o‘tganimizdek u pokdir va undan shariatga muvofiq yo‘l bilan foydalanish mumkin, vallohu  a’lam. 

Hadis ilmi maktabi talabasi
Isomiddinov Javohir
Muftiy Taqiy Usmoniy hafizahullohning "Fiqhul buyu’" kitobidan tarjima qildi.