Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyul, 2025   |   25 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:07
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:26
Bismillah
20 Iyul, 2025, 25 Muharram, 1447

Qarzdan ko‘nglimizga darz yetmasin

22.01.2018   4930   6 min.
Qarzdan ko‘nglimizga darz yetmasin

Halizamon esimda: kichkina bola edim, sahar mardondan onam uyg‘otdi: “Tur, bolam, non pishdi choyingni ichib ol, qo‘shnidan olgan non – qarzimizni berib kelasan”, dedi. Men biroz erinchoqlik bilan: “Yana biroz uxlay, tushdan so‘ng eltib beraman”, dedim. Onam esa: “Bolam, shaytonga bo‘yin berma, turaqol, qarzni tezda uzish kerak, bo‘lmasa yana qarz chaqiradi”, dedi...

O‘sha paytlar bu so‘zning ma’nosiga tushunmaganman. Ammo keyinchalik qarzning nechog‘li mas’uliyat, haqdor oldidagi ulkan burch ekanini angladim.

“Qarz” so‘ziga o‘zbek tilining izohli lug‘atida: “Ma’lum muddat o‘tgandan keyin qaytarish sharti bilan berilgan yoki olingan narsa (pul, buyum, g‘alla va h.k.)”, shariatda esa ushbu istilohga: “Boshqa kishiga bir narsani uning badalini qaytarib berish sharti bilan mulk qilib berishdir”, deya ta’rif berilgan.

Shariatda qarz masalasi

— Qarz kishi faqat kundalik hayoti o‘tmay mushkul ahvolga tushib qolgandagina murojaat qilinadigan muomala bo‘lib, boshqa maqsadlarda: boyib ketish, yanada yaxshiroq yashash uchun qarz ko‘tarish to‘g‘ri ish emas, — deydi O‘zbekiston musulmonlar idorasi Fatvo bo‘limi mudiri Homid ISHMATBЕKOV. — Kishilar o‘rtasidagi oldi-berdi munosabatida faqat qarzga, deb olinsagina qarz hisoblanadi. Buni o‘zaro foyda olish maqsadidagi sherikchilik ishiga aralashtirmaslik lozim. Egasiga foyda keltiradigan, manfaat hosil bo‘ladigan har qanday mulk qarzga kirmaydi. Mulk egasi qarzdordan tekinga manfaat istashi, unga nojo‘ya muomala va xatti-harakatlar qilishi aslo mumkin emas.

Alloh taolo bunday ogohlantiradi: “Ey imon keltirganlar! Bir-biringizdan biror muddatga qarz olib, qarz bersangiz, uni yozib qo‘yingiz! O‘rtalaringizda bir kotib adolat bilan yozsin! Hech bir kotib Alloh bildirgandek yozishdan bosh tortmasin, albatta, yozsin! Zimmasida qarzi bo‘lgan kishi aytib tursin, Rabbi bo‘lmish Allohdan qo‘rqsin va undan biror narsani kamaytirib yozmasin! Agar gardanida qarzi bo‘lgan kishi aqlsiz yo ojiz (yosh yoki o‘ta keksa) bo‘lsa, yoki (kar, soqovligi yo til bilmasligi tufayli aytib) yozdirishga qodir bo‘lmasa, uning homiy-vakili adolat bilan aytib tursin! Sizlar rozi bo‘ladigan (adolatli) guvohlardan ikki erkak kishini guvoh qilinglar. Agar ikki erkak topilmasa, bir erkak bilan ikki ayoldir – biri (unutib) adashganda, ikkinchisi eslatadi. Guvohlar chaqirilganda, (kelib guvohlik berishdan) bosh tortmasinlar! Xoh katta, xoh kichik qarz bo‘lsin, muddatigacha yozib qo‘yishdan erinmangiz. Mana shu Alloh nazdida adolatliroq, guvohlik uchun to‘g‘riroq va shak-shubha qilmaslikka yaqinroq (ish)dir. Lekin o‘rtangizdagi aylanma naqd savdo bo‘lsa, uni yozmasligingizda sizlarga gunoh yo‘qdir. O‘zaro savdo-sotiq qilganda ham guvoh keltiring! Kotib ham, guvoh ham zararlanmasin. Agar shunday qilsangiz (zararlantirsangiz), bu sizning fosiqligingizdir. Allohdan qo‘rqingiz! Alloh sizlarga (shunday) ta’lim beradi. Alloh hamma narsani biluvchi Zotdir” (Baqara surasi 282-oyat). Abdulloh ibn Abu Robiya (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) mendan qirq ming qarz oldilar. Keyin u zotga mol kelganida uni menga qaytarib berdilar. Va: “Alloh molingga va ahlingga baraka bersin. Albatta, qarzning mukofoti maqtov va ado etishdir”, dedilar» (Imom Nasoiy rivoyati).

Shuni ham aytish kerakki, shariatimizda qarz berishga targ‘ib qilingan, ammo olishga emas. Bu masalada: qarz olib, uni bera olamanmi, deya oxirini o‘ylagan holda, nihoyatda ehtiyotkorona yo‘l tutish lozim. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim odamlarning mollarini (qarzga) qaytarish niyatida olsa, Alloh uni ado etishida yordam beradi. Kimki uni yo‘q qilish niyatida olsa, Alloh unga talafot yetkazib qo‘yadi”, dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

Xo‘sh, bugun ham odamlarimiz tomonidan qarz ana shu maqsadlarda olinyaptimi? Afsuski, ha, deya olmaymiz. Bugun ko‘pchilik e’tiborsizlik bilan qaramoqda. Aksariyat kishilar biznes qilaman, bir so‘mimni ikki qilib olaman, degan niyatda qarz ko‘taryapti. Agar qarzdorning ishi yurishmasa yoki foyda ko‘rmasa qarzni muddatida qaytarmayapti, ayrim hollarda undan tonib ketish holatlari ham kuzatilyapti. Natijada ikki o‘rtada ixtiloflar yuzaga kelmoqda.

Qarzni qonuniy rasmiylashtirish tartibi

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” munosabati bilan yurtimizning barcha go‘shalarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xalq qabulxonalari faoliyat boshlagani fuqarolarimizning qarz masalasida duch kelayotgan muammolarini yechishda ham ayni muddao bo‘lmoqda.

Ushbu masalada poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi Xalq qabulxonasiga 2017 yilning 8 oyi davomida fuqarolarimiz tomonidan 36 ta murojaat qayd etilgan bo‘lib, ularning aksariyati o‘zining ijobiy yechimini topgan.

Bugun ijtimoiy hayotimizda qarz oldi-berdi masalasini notarial idoralarda qayd etish orqali mulkni kafolatlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

— Fuqarolar o‘rtasida bo‘ladigan ushbu muomala munosabati qarz oldi-berdi shartnomasi orqali rasmiylashtiriladi, — deydi poytaxtimizning Olmazor tuman 2-son davlat notarial idorasi notariusi Muzaffar Qurbonov. — Mazkur shartnoma notarial idora vakillari guvohligida qarz oldi-berdi qilayotgan tomonlar kelishgan muddatga tuziladi. Ma’lum sabablarga ko‘ra, qarz muddati ikki tomonning roziligiga binoan, uzaytirilishi mumkin. Agar belgilangan muddatda qarz egasiga mulki qaytarib berilmasa, uning da’vosiga asosan, qarzdor fuqaroning uyiga 3 marta ogohlantirish xati yuboriladi. Shundan so‘ng ham qarz qaytarilmasa, notarial idora tomonidan majburiy ijro byurosiga qarzni undirish bo‘yicha ijro  xati kiritiladi.

Qarz masalasi bugun jamiyatimizda har tomonlama qonuniy asosga ega bo‘lib, ushbu oldi-berdi munosabatiga kirishuvchilar haq-huquqlari to‘la himoyalangan.

Qarz muomalasiga kirishgan har ikkala tomon jamiyatimiz va shariatimiz ko‘rsatgan qonun-qoidalarga birdek amal qilsa, qarz kishilarni bir-biridan uzoqlashtiruvchi emas, balki ularni yanada yaqinlashtiruvchi vosita bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.

Bahriddin XUSHBOQOV,

jurnalist.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

16.07.2025   8194   5 min.
O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

Saudiya Arabistonining Makka shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov hamda Butunjahon Islom uyushmasi Bosh kotibi Shayx Muhammad bin Abdulkarim al-Issa  ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv va tashrif Butunjahon Islom uyushmasi taklifiga binoan amalga oshirildi. Unda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Nodir Turg‘unov ham qatnashdi.

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.

– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.

Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi  qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:

– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga   tayyormiz.

Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari  va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi. 

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu  masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi. 

Islom sivilizatsiyasi markazi

Dunyo yangiliklari