Aziz Qur’on muxlislari bugun qorilar musobaqasining Navoiy viloyati hududiy bosqichiga oq fotiha beriladi. Barcha viloyatlar kabi Navoiy viloyatining ham o‘zi xos jihatlari mavjud. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi ushbu eng kenja viloyat hududi jihatidan eng katta bo‘lib, aholisining ko‘p millatliligi bilan alohida ajralib turadi.
Bugun, 22 yanvar kuni ushbu viloyatning bir necha tumanlarida musobaqaning hududiy bosqichlari boshlanadi. Siz azizlar bilan o‘tgan kunlar davomida Sirdayo, Jizzax, Samarqand va Buxoro viloyatlarida xushovoz qorilar tilovatini tinglab, ruhimiz ma’naviy quvvat oldi. Qani bir ko‘raylikchi, Navoiy qorilari bizni qaysi jihatlari bilan lol qilar ekan. Biz sanoat shahri deb bilgan Navoiy viloyatida balki kutilmagan holatlar bizni ajablantirsa kerak, inshoalloh.
Bir necha daqiqalardan so‘ng Navoiyda Qur’on musobaqasining hududiy bosqichiga oq fotiha beriladi. Hozirdan tayyorgarliklar juda avjida, musobaqa muslim.uz sayti va ijtimoiy tarmoq sahifalarida onlayn uzatib boriladi.
Shunday ekan, barcha Qur’on ixlosmandlarini Navoiy shahridagi “Alisher Navoiy” jome masjida bo‘lib o‘tadigan Qur’oniy ziyofatga taklif etamiz. Marhabo, azizlar!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: Hozirgi kunda ayrim odamlar qabristonlardan o‘zlari, oilasi uchun yer sotib olib, sag‘ana qildirib qo‘yishmoqda. Bu ishlari to‘g‘rimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qabristonlar omma foydalanishi uchun hukumat tarafidan berilgan umumiy joy hisoblanadi, hech kimning shaxsiy mulki emas.
Shunga ko‘ra unga kimdir egalik qilishi, u joydan yer sotishi yoki sotib olishi mumkin emas. Bizdan avvalgi avlodlar, ota-bobolarimiz qabristondan biror narsani olishga, hatto qurigan giyoh olishdan ham cho‘chiganlar.
Hozirda ham ayrim odamlar qabristondagi meva va o‘t-o‘lanlardan foydalanish haqida ko‘p savol berishlari bejizga emas, ana shu hadikdan paydo bo‘lgan. Ammo ming afsuski, ayrim odamlar tomonidan kimlar bilandir til biriktirib, yer sotib olish holati oz bo‘lsa-da, paydo bo‘lmoqda. Bundan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki bu nohaqdan yer olish hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qattiq ogohlantirib, bunday deganlar: “Kim bir qarich yerni nohaqdan olsa, qiyomat kuni uni yetti qavat yer yutadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Sa’id ibn Zayd roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir qarich yerni zulm ila olsa, qiyomat kuni uning bo‘yniga yetti qavat yer osib qo‘yiladi”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu ishning qanchalik og‘ir ekanini tushunmagan odamlar turli vositalar bilan bir qarich bo‘lsa ham birovning yerini o‘ziga qo‘shib olishga harakat qiladilar. Islomda bu ish zulm hisoblanadi va katta gunoh sifatida qoralanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.