Baro ibn Ozib roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni ovozingiz bilan bezang!” deb marhamat qildilar» (Abu Dovud va Nasaiy rivoyati).
Qur’oni karimni chiroyli ovoz bilan bezash masalasi olimlar o‘rtasida turli fikrlarga sabab bo‘lgan. “Qur’onning chiroyli ovozga ehtiyoji yo‘q”, degan tushunchadagilar hadis aslida: “Ovozingizni Qur’on bilan bezang” ma’nosida bo‘lgani, biroq rivoyat asnosida so‘zlar o‘rni almashib qolganini aytadi. Ularga ko‘ra, Alloh taoloning kalomi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning abadiy mo‘jizalari bo‘lmish Qur’on hech kimning chiroyli ovoziga muhtoj emas. U har jihatdan go‘zal va mukammal, biz uning qiroati bilan ovozimizni go‘zallashtirishga muhtojmiz.
Ammo ko‘pchilik ulamolar bu fikrga qo‘shilmaydi. Ibn Dayba ta’kidlaganidek, hadisda kelgan “Qur’on” so‘zidan maqsad uning tilovatidir. Demak, o‘tkir xotira va xushovoz ila Qur’oni karim tilovatini go‘zallashtirish kerakligini anglash zarur. Zero, go‘zal so‘z go‘zal ovoz bilan yanada yoqimli bo‘ladi. Uning xushovozda o‘qilishi odamlarda Qur’oni karimni tinglashga bo‘lgan moyillikni kuchaytiradi. Demak, hadisdan tilovatda imkon qadar ovozni chiroyli qilishga urinish kerakligi tushuniladi.
Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlash lozim, Qur’oni karimni chiroyli o‘qiyman deb uni tag‘anniyga (ohangga solish, qo‘shiqqa o‘xshatish) aylantirish ham yaramaydi. Ulamolar tilovatda tajvid qoidalaridan chetga chiqib, tag‘anniyga yo‘l qo‘yishni makruh deyishgan. Bunday tilovatni eshitganlar ham qarshi chiqishlari, xatoligini tushuntirishlari lozim. Kalomulloh har jihatdan o‘zgacha; uning tilovatida ham bu o‘ziga xoslikni asrash, turli qo‘shiq va baytu g‘azallar ohangiga o‘xshatmaslik kerak. Mulla Ali Qori “Mirqot” kitobida qo‘shiq kabi ohangga solib tilovat qilish haromligi, eshitganlar ham gunohkor bo‘lishiga doir fatvo bergan. Uning chek qo‘yilishi vojib bo‘lgan eng yomon bid’atlardan ekanini ta’kidlagan.
Ali Qori ushbu hadis sharhida shu ma’noda vorid bo‘lgan boshqa hadislarni ham keltiradi: “Qur’onni ovozingiz bilan bezang. Zero, xushovoz Qur’on chiroyini orttiradi” (Nasaiy va Hokim); “Chiroyli ovoz Qur’on ziynatidir” (Tabaroniy); “Har narsaning bezagi bor, Qur’onning bezagi chiroyli ovozdir” (Abdurrazzoq).
Yuqoridagi rivoyatlarni zikr qilgach, Ali Qori aytadi: “Bu yerda Qur’onni ovoz bilan go‘zallashtirishga amr bor. Qur’onning ovoz bilan go‘zallashishi tajribada tasdiqlangan haqiqat. Shunday ekan, bu hol hadisda so‘zlar o‘rni almashib qolgan, degan da’voni rad qiladi”.
Ali Qori fikrining tasdig‘i sifatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhuga aytgan ushbu so‘zlarini keltiradi: “Senga Oli Dovud alayhissalomga berilgan mizmorlardan bir mizmor berilgan. Kecha kechqurun seni tinglayotganimni bir ko‘rsayding. Haqiqatan, senga Oli Dovud alayhissalomga berilgan mizmorlardan bir mizmor berilgan”.
Xulosa, muhimi Qur’onni o‘qish. Tartil bilan o‘qib, qiroatni bezash mustahab ekaniga butun ulamolar ittifoq qilishgan. Tag‘anniy va lahn bilan o‘qish xususida esa ixtilof bor. Jumhur ulamo buning joiz emasligini, chunki mazkur holatda xushu’ yo‘qolishini aytganlar.
O‘MI Matbuot xizmati
Siz hech qachon yutqazmaydigan, kasodga uchramaydigan uchta tijoriy kelishuv haqida eshitganmisiz? Unda ushbu oyatga quloq tuting:
"Albatta, Allohning Kitobini tilovat qiladiganlar,
- namozni to‘kis ado etib,
- Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora nafaqa qiladiganlar hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor bo‘lurlar" (Fotir surasi, 29-oyat).
Izoh: "..hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor bo‘lurlar". Bu ushbu oyatning asosiy xulosasidir. Dunyodagi tijoratda foyda ham, zarar ham bo‘lishi mumkin. Lekin yuqorida sanab o‘tilgan uch amalni – Qur’on tilovati, namoz va infoqni – bajargan insonlar Alloh bilan bo‘lgan "tijorat"dan hech qachon yutqazmaydilar. Bu tijoratning foydasi bu dunyoda ham, u dunyoda ham bo‘ladi. Bu dunyoda qalb xotirjamligi, baraka, hayotda ma’no topish kabilar, u dunyoda esa Allohning roziligi, jannat va abadiy saodatdir. Bu tijorat – haqiqiy va abadiy muvaffaqiyatdir.
Doktor Ahmad Iso Ma’soraviy